Sevgisi do'stlikka aylangan yulduzlar

Aytishlaricha, do’stlik bora-bora muhabbatga aylanar ekan. Balki, shundaydir. Ammo avval bir-biriga ko’ngil qo’yib, keyinchalik ajralib ketganlar esa hech qachon do’st bo’la olishmas ekan. Bugun e’tiboringizga shu holatning aksini ko’rsatib beramiz. Sahifamizning bugungi qahramonlari bir-birini sevib ajralishgan bo’lishiga qaramasdan hozir ham yaqin do’stlardir. Bular…

KARINA
KAPUR VA
ShAHID
KAPUR

Bu Bollivud yulduzlari o’rtasida alanga olgan muhabbat qissasi besh yil davom etgan. Keyinchalik noma’lum sabablarga ko’ra ajralishgan va yetti yil mobaynida biron marta bo’lsin gaplashishmagan. Yaqinda esa ularning o’rtasidagi munosabatlar oz bo’lsa-da yumshadi. Bu «IIFA» taqdirlash marosimi uchun uyushtirilgan kechalarning birida sodir bo’ldi. Shahid Kapur ushbu tantanada boshlovchi sifatida qatnashayotgan edi. Karina esa g’oliblardan biriga sovrinni topshirish uchun sahnaga ko’tarildi va o’sha lahzalarda hech kim kutmagan holat yuz berdi. Daf’atan aktrisa Shahid Kapur bilan gaplasha boshladi. Bu holatdan nafaqat atrofdagilar, balki aktyorning o’zi ham hayratda qoldi. Vaholanki, ular «Udta Punjab» kartinasida birga suratga tushayotganida ham bir-biridan uzoqroq bo’lishga harakat qilishgan. Eng qizig’i, Karina Kapurni ushbu filmga chaqirishni Shahidning o’zi taklif qilgan. Aktyor bu haqda «Times of India» gazetasiga bergan intervyusida ta’kidlagandi. «Men Karinani bu rolga to’laqonli mos tushishini bilgan holda kartina ijodkorlariga uning nomzodini ko’rsatgandim», — deydi Shahid.

Ayni damda bu ikkala mashhurning ham o’z shaxsiy hayoti va baxtli oilasi bor. Karinaning so’zlariga ko’ra, u Shahidning nikoh to’yi haqida hammadan oldin xabardor bo’lgan va juftlikka baxt tilagan.

SALMON XON VA
KATRINA KAIF

Mashhur juftlikning besh yillik munosabatlari nimaga birdaniga buzilgani aniq emas-u, ammo ularning hozirda yaqin do’st ekanligi ma’lum.

Sevgisi do'stlikka aylangan yulduzlar

Salmon hamda Katrina ayni damda ham birga filmlarda suratga tushishmoqda, birgalikda turli kecha va bazmlarda ishtirok etishmoqda. Katta ekranlarga ketma-ket chiqarilgan «Josuslar 1» hamda «Josuslar 2» filmlari ularning do’stlik rishtalari naqadar mustahkam ekanini yana bir bor isbotladi. Katrinaning aytishicha, Salmon Xonning uning ijrosi haqidagi fikrlari juda muhim. Tanqidi esa bebahodir. Hozirda Salmonning sevgan qizi bo’lmasa ham aktrisa uning uyida o’tkaziladigan barcha tadbirlarda ishtirok etadi. Katrina hattoki aktyorning singlisi Arpitaning to’yida maxsus chaqirilgan mehmon sifatida qatnashgan.

ShILPA ShETTI VA AKShAY KUMAR

Bu juftlikning sevgi afsonasi «Meni chuv tushirishga urinma» kartinasining suratga olish ishlari davomida yuzaga keladi. Ammo Akshay Kumar bir necha kundan so’ng Shilpani tashlab ketadi. Aktrisa esa bundan qattiq tushkunlikka tushadi va ancha vaqt o’ziga kela olmaydi.

Sevgisi do'stlikka aylangan yulduzlar

Olti yildan so’ng esa juftlik «Dhadka» kartinasining suratga olish maydonchasida yana qayta ko’rishadi. Filmning katta ekranlardagi namoyishidan so’ng «sevgilisi»dan qolgan jarohatni davolash uchun aktrisa jurnalistlarga bergan intervyusida Akshayga shunday ta’rif beradi: «Akshay Kumar mendan foydalandi, boshqa bir ayolni topganda esa tashlab ketdi. U hayotimdagi eng nafratlanadigan insonim. Bilaman, menga nisbatan qilganlari unga, albatta, qaytadi».

Muxlislar bunday so’zlardan so’ng endi ular umuman gaplashmasa kerak, deb o’ylashgandi. Ammo hammasi o’zgardi. Shilpa Shetti  tadbirkor Raj Kundra bilan tanishib, unga turmushga chiqqanidan so’ng Akshay Kumarni kechirdi. Hattoki uni o’z teleshousiga taklif etdi. Keyinchalik esa qalin do’st ham bo’lib ketishdi. «Hozir Akshay bilan do’stmiz. Va men keyinchalik ham shunday bo’lib qolishini xohlayman», — deydi Shilpa Shetti.

Nodira QURBONBOYEVA tayyorladi.