Qo’lingizga tushganimda pat bitmagan jo’jadek zaif, ustiga ustak maymoq ham edim. Tutib oldingiz-u, maymoqligimgayam qarab o’tirmay, kaptarxonaning bir chetidan men uchun alohida joy ajratdingiz. Donning hali yerga tushib kirlanmaganidan berdingiz. Odatingiz tutib meni boshqalar qatori bozorda yangi kaptarga almashmadingiz. Parvarish yaxshi ekan-da, tez orada mengayam pat bitdi. Maymoqlansam-da, hurpaygancha kaptarxonani aylanib, bir-biridan uchar qarindoshlarni tomosha qiladigan bo’ldim.
Qarindoshlar har hushtak chalganingizda osmonu falakka parvoz qilish harakatiga tushishar, ammo uddalay olishmasdi. Nari borsa uch-to’rt metrgacha ko’tarilishardi. Shunda azbaroyi jo’shib ketganimdan Masha xolam, Dasha xolam, Moysha ammam-u Oysha opoqimlarga maqtanardim.
— Hali katta bo’lsam, yulduzni uraman, — degandim o’shanda. — Shuyam uchish bo’libdimi? Kaptar osmon-u falakda xuddi oppoq xarir kabi hilpirab uchishi kerak!..
Sodda ekanman. Kaptarxonaga g’iybat, fisqu fasod oralaganini payqamabman. Xolalarim bor gapimni oqizmay tomizmay sizga shipshitibdi chog’i, ertasi kuniyoq qanotlarimni qirqib qo’ydingiz.
Nega bunday qildingiz, xo’jayin? Axir, ulg’aysam, parvarishlaringiz, yaxshiligingiz, mehringiz, e’tiboringiz javobini qaytarmoqchiydim-ku! Baland-balandlarga parvoz qilib, sizga yulduzlardan darak berishni niyat qilgandim. Afsus, qanoti qirqilgan kaptarning o’rdakdan farqi qolmaskan. Shundayam ko’p marta shahd bilan yugurib, uchishga urindim. Foydasi bo’lmadi. Maymoqligim pand berdi. Kaptarxonadagi yog’och to’siqlarga urilganim qoldi. Ayting, xo’jayin, nega menday maymoq, kaltaqanot kaptarni ushlab turibsiz? Xorlanishim, masxaralanishimni tomosha qilishga havasmandmisiz? Yo baribir meni qadrlayverasizmi? Hoynahoy, shunday bo’lsa kerak. Chunki sizdan boshqa xo’jayin bo’lsa, mendek notavon bir kaptarni allaqachon quvib solgan bo’lardi…
Faqat… Kaptarxonamizdagi ba’zi qarindoshlar jig’imga tegaverishgani, kamsitaverishgani alam qiladi. Ba’zan shunchalik to’yib ketamanki, bergan tuzingizga bo’kib o’lgim keladi.
Ana, yaqinda don sepdingiz. Menam asta borib nasibamni terib yeyishga tutindim. Olachipor kaptaringiz esa yuzingda ko’zing demay, nasibamni tortib oldi. Buyam yetmaganday, o’qraygancha:
— Senga kim qo’yibdi olg’irlikni, maymoq? Munday holingga qarab kun ko’rsang-chi! — deb haqorat qildi. Xayriyat, menga xudoyim hech qursa shoirona tabiat ato qilgan ekan. «Shu maymog’am bir kunini ko’rsin, chalg’isin, infarktga uchrab ajalidan besh kun burun o’lmasin», degan bo’lsa kerak. Ko’zlarimdan duv-duv yosh to’kib, olachiporga yaqinda qo’shni hovlida eshitgan qo’shiqning she’ridan bir bandini to’kib soldim.
Yeru samoyimiz bir, sen kimsan-u, men kimman,
Oqar daryoyimiz bir, sen kimsan-u, men kimman,
Senga quyosh yagona, u menga ham sochar nur,
Ko’klarda oyimiz bir, sen kimsan-u, men kimman,
Kaptaratoyimiz bir, sen kimsan-u, men kimman,
Kaptaranoyimiz bir, sen kimsan-u, men kimman…
Keyin-chi…
O’lganda joyimiz bir, sen kimsan-u, men kimman!
Xo’jayin, bu qanday bedodlik? O’zingiz biz kaptarlarga do’stlik, inoqlikdan so’zlamasmidingiz? Nima uchun qarindoshlarim bu qadar yovvoyilashib ketishdi? To’g’ri, donni keragidan ortiq sepasiz, yeyish-ichishdan kamimizni qo’ymaysiz. Nahotki, to’qlikka sho’xlik qilishsayam, tanobini tortib qo’ymasangiz? Men-chi? Bir paytlar o’zingiz boshimni silab: «Maymoqboy, kaptarlar bilan ishlash og’ir, har birining tilini topish oson ish emas, ammo seni qadrlayman, odam bo’lmasangam hurmat qilaman», demabmidingiz? O’sha gaplaringiz qaerda qoldi?..
Tan olaman, siz qadimiy urf-odatlarning qadriga yetasiz, ularni asrab-avaylaysiz. Ammo shu xususiyatingiz yaxshilikka bo’lsaydi…
Mana, masalan, biz kaptarlarning ajdodlari qadimda aloqachilar bo’lishgan. Birovning xatini birovga yetkazishda hech kim ular bilan bellasha olmagan. Hozir esa texnika rivojlanib ketdi. Xat tashishga kaptarning keragi qolmadi. Hamma telefon orqali bir-biri bilan SMS yozishib qo’ya qoladi. Siz bo’lsangiz, ajdodlarimizning aloqachilikday ajoyib xislatini kaptarxonaga singdira olgansiz. Afsuski, qarindoshlarimiz sizga faqat g’iybat qorishiq xatlarni tashib keltirishadi. Siz o’sha xatlarga ishonasiz. Nega deysizmi? Misol keltiraymi? O’tgan kuni qo’shnining tomorqasiga birrov tushib nimanidir cho’qiladimmi-yo’qmi, darrov g’iybatimni qilib sizga xat yuborishibdi. Xatni yana o’sha olachipor kaptar qo’lingizga topshirdi. O’sha-o’sha meni yomon ko’rib qoldingiz. Menday bir maymoq, kaltaqanot kaptarni olg’irga, nokasga yo’ydingiz. Kaftingizdan don ham bermay qo’ydingiz.
Shundan beri hayron bo’lib qoldim. Kulbamiz o’z nomi bilan kaptarxona bo’lsa, har oyda kaptar almashtiradigan odatingiz bor. Har yangi kelgan kaptar bo’lmag’ur xat tashiyversa, umrim uzun bo’larmikan? Sizdan yolvorib so’rayman, agar menday maymoq bir kaptarning qadri qolmagan bo’lsa, haydab soling. Qadrsizlik o’tida tutab kuygandan, kabobko’rada lovillab yonganim yaxshi.