Yer aholisi 28 martda bir vaqtning o’zida Quyosh tizimining beshta sayyorasi: Yupiter, Merkuriy, Venera, Uran va Marsning bir safga tizilishini kuzatishi mumkin bo’ladi. Bu haqda Daily Mail xabar berdi.
Buyuk Britaniyaning Edinburg universiteti xodimi Bet Billerning so’zlariga ko’ra, beshta sayyoraning bir safga tizilishi kamdan-kam uchraydigan hodisa. Sayyoralarning bunday paradini 2022, 2020 va 2016 yillarda kuzatish mumkin bo’lgan. 2022 yil Yerning shimoliy yarim shari aholisi Merkuriy, Venera, Mars, Yupiter va Saturnning bir chiziqda saf tortganini kuzatgan.
Billerning so’zlariga ko’ra, osmonda Venera va Yupiterni ko’rish osonroq bo’ladi. So’nggi bir necha hafta ichida bu ikki sayyora allaqachon bir-biriga yaqin masofada kuzatilgan. Mars unchalik yorqin bo’lmasa-da, uni kuzatish mumkin. Biroq Merkuriy osmon tiniq bo’lsagina ko’rinadi, Uranni esa durbin yoki teleskopsiz kuzatish qiyin.