Qumdan bunyod etilgan qasrda Marsio Matolias ismli bu erkak 22 yildan beri istiqomat qiladi. Aytishlaricha, u uysiz edi. Keyinchalik qumdan turli shakllar yasashga qiziqdi. Kunlarning birida esa o’zi uchun qumdan rosmana qasr qurishga ahd qildi.
Qasrdagi xonalarning birida kutubxona va kitob do’koni bor. Shu do’kondan keladigan daromad evaziga qasr egasi tirikchilik qiladi.
— Men bekorga shu ishga qo’l urmadim, — dedi Marsio Matolias. — Rio-de-Janeyroda ijaraga olinadigan uy narxi oddiy ishchining ikki oylik maoshiga teng. Mana shunaqangi qimmat turadi ijarada yashash. Shu sababli men qumdan qasr qurganman. Hech kimdan qarzim ham, tilim qisiq yerim ham yo’q.
Qizig’i, Matoliasning qasr ichkarisida o’z taxti, toji bor. Har yili bu yerga dunyoning turli burchaklaridan sayyohlar tashrif buyurib, Matoliasning qasrini tomosha qilishadi. Erkak shuning o’zidan ham yomon pul ishlab topmaydi. Uning orzusi bitta. Ishqilib, politsiyachilar, soliqchilar bezovta qilishmasin! Qum qasrini buzib tashlashmasin!