Razvedka davlatlar manfaatlarini himoya etishda muhim rol o’ynashi barchaga ma’lum. Bu maxfiy tashkilot faoliyati bilan qiziqmagan insonning o’zi bo’lmasa kerak. Shuni hisobga olib biz gazetamiz sahifalarida aynan razvedka sirlari bilan bog’liq davomli maqolalar berib borishga ahd qildik. Maqolalar sovet davridan to shu kunga qadar razvedka hayotidagi eng sirli ma’lumotlarni o’z ichiga olgan.

Asosiy sir

Razvedkachilar siyosat ahliga juda foydali va muhim maxfiy xabarlarni yetkazishlariga va bu xabarlar kelgusida davlat ahamiyatidagi ma’lumotga aylanishiga qattiq ishonishadi. Ammo siyosatchilar razvedkachi yetkazgan xabardan foydalana olmasliklari, yoki unga e’tiborsizlarcha munosabatda bo’lishlarini bilishmaydi. Haqiqatan, ko’plab siyosatchilar razvedkachi yetkazgan ma’lumot davlat ahamiyatiga ega qarorlar chiqarishda naf bermaydi deb o’ylashadi. Razvedkachilarning o’zi esa «o’ta maxfiy» nomi ostidagi ma’lumotlarga hurmat bilan yondoshishadi. Ular ma’lumotlarda oliy tafakkur yashirin, bundan xabardor odam dunyoning barcha sir-asrorlaridan voqif bo’ladi deya hisoblashadi. Afsuski, davlat arboblari razvedka ma’lumotiga nisbatan sovuqqon munosabat bildirishdan to’xtamaydi.

Vadim Aleksandrovich PEChENEV, SSSR bosh kotibi sobiq yordamchisi shunday eslaydi:

— Xoh ishoning, xoh ishonmang, men o’z davrimda razvedka ma’lumotlarining asosiy qismini hatto o’qib ham ko’rmaganman. Ular Davlat xavfsizlik xizmati, Davlat razvedka boshqarmasidan bo’ladimi, baribir barchasi tortmadan o’rin olgan. Sababi, siyosiy qarorlar chiqarishda, davlat ahamiyatiga ega vazifalarni ado etishda razvedka ma’lumoti hech qanday naf bermasligiga ishonchim komil bo’lgan…

Sobiq sovet razvedkachisi qanday edi?

Razvedkachilar sovet davrida ham harbiy kiyimda yurmagan. Bir-birlariga harbiy unvonlarini aytib murojaat etmagan. Shunga qaramay, harbiy tizim razvedkachiga ham o’z ta’sirini o’tkazmay qolmadi. Ya’ni, razvedkachi ham rahbar buyrug’ini muhokama qilish, yo bu buyruqqa shubha nazari bilan qarashga haqli emasdi. To’g’ri, agar rahbar aqlli bo’lsa, shubha va muhokamalarni rag’batlantirardi. Aksi bo’lsa, qat’iyan taqiqlashdan nariga o’tmasdi. Mana shu narsa ko’p hollarda razvedkachiga davlat ahamiyatiga ega vazifalarni bajarishda jiddiy xalal berardi.

Masalan, harbiylar orasida urfga aylangan «Muhokama etilmasin!» degan buyruq razvedkada umuman maqtovga sazovor sanalmagan. Afsuski, ba’zi rezidentlar shu buyruqqa jon jahdi bilan yopishar, qo’l ostidagilarga buyruqni yozma va og’zaki tarzda takrorlashdan charchamasdi. Agar qo’l ostidagi qaysidir ofitser buyruqni ado etmasa, yoki unga shubha nazari bilan qarasa, buyruqni muhokama qilishga kirishsa, maxfiy ma’lumotni poytaxtga yetkazish baxtidan mosuvo bo’lardi. Atayin bu ishni rezidentning o’zi amalga oshirardi.

Rezident tutayotgan ishdan, uning buyruqlaridan norozi bo’lgan, bir so’z bilan aytganda, rahbari bilan kelisha olmayotgan ofitser mehnat ta’tiliga chiqishini kutishi shart edi. Shundagina u uyga kelib, poytaxtdagi rahbarlar qabuliga kirish, rezident ustidan arz qilish imkoniga ega bo’lardi. Rezident ustidan arz qiluvchi ofitserlarni esa poytaxtdagi rahbarlar sira yoqtirishmasdi. Men shunday voqealarni bilaman. Rezident ustidan shikoyat qilib kelgan ofitserni markazdagilar kutilmaganda egallab turgan vazifasidan ozod etishgan-u, poytaxtga chaqirib, eng past lavozimlarda ishlashga majbur qilishgan.

Oqim bilan birga oqishni xohlamagan, haqiqatni yuzaga chiqarishga uringan, markazga faqat o’z ko’zlari bilan ko’rgan, o’zi bilgan ma’lumotlarni yuborishga bel bog’lagan rezidentlar ham o’zlari istagan omadga erisha olishmagan. Nega deganda, yetkazilgan ma’lumot markazdagilar tasavvuri bilan mos kelishi lozim edi.

Masalan, sovet qo’shinlarining Afg’onistonga olib kirilishi, shu bilan bog’liq ishlarga to’xtalsak. Afg’onistonda faoliyat ko’rsatgan razvedkachilar bu mamlakatdagi bor haqiqatni sirli ravishda markazga yetkazgan. Ammo bosh kotibga ma’lumot o’ta yumshoqlashtirilgan, silliqlangan ko’rinishda olib kirilgan.

Juda uzoq vaqt Sharqiy Germaniyadagi razvedka tashkiloti Moskvaga qayoqdagi bo’lar-bo’lmas xabarlarni yetkazish bilan shug’ullangan. Vaholanki, bu mamlakatda xavfsizlik xizmatidan tashqari, bosh razvedka boshqarmasi shtabi, harbiy qo’shinlar razvedka guruhi xodimlari birgalikda faoliyat yuritishgan. Germaniyadagi har bir maxfiy ish sovetlar uchun muhim hisoblangan. Baxtga qarshi shu qadar kuchli va yuqori salohiyatga ega hisoblangan razvedkachilar markazga Germaniya demokratik respublikasi qachon va qay vaziyatda tugatilishi haqida hech qanday xabar yetkaza olishmagan. GDR tugatilgandan keyingina razvedkachilarning paytavasiga qurt tushdi va ular har kuni erta tongda bu mamlakatdagi vaziyat haqida ma’lumot bera boshlashdi. Lekin har gal muvaffaqiyatsizlikka uchrayverishdi.

Bir haqiqatni aytib o’tishim lozim. Razvedka mahkamasidagilarning asosiy qismini konservatorlar tashkil etadi. Bu tashkilotda liberallar deyarli ko’zga tashlanmaydi. Ko’zga tashlanganlari ham o’z siyosiy mulohazalarini juda ehtiyotorlik bilan tilga ko’chirishadi. Chunki ular bilishadi, mahkamada tarafdorlar deyarli yo’q.

Xo’sh, razvedka prezidentning kayfiyatiga qanday ta’sir ko’rsata oladi? U mamlakat to’rt tomondan dushman qurshovida ekani haqida prezidentga to’g’ridan to’g’ri ma’lumot bera oladimi? Yo’q, unday emas. Chunki bu kabi razvedkachilar allaqachon egallab turgan vazifasidan bo’shatilgan. Men shaxsan suhbatida bo’lgan razvedkachilarning aytishicha, har bir maxfiy ma’lumot alohida tekshiruvlardan o’tadi. Bungacha prezidentga olib kirilmaydi. Sababi, razvedka yolg’on yoki haqiqatdan ancha uzoq ma’lumotni prezidentga taqdim etishga haqli emas. Bu ko’plab yuqori lavozimli generallarni kelgusida mavqeidan mahrum etishi mumkin. Hukumat rahbarlari xuddi shunday fikrlashadi.

Sobiq sovet razvedkasining paydo bo’lishi

YaKOV DAVTYaN. 169- SONLI BUYRUQ

Sovetlar razvedkasi kontrrazvedka va siyosiy politsiyadan so’ng uch yil o’tib tashkil etilgan. Ya’ni, hukumat to’liq sovetlar qo’liga o’tgach, ular mamlakat uchun razvedka zarurligini anglab yetishgan.

1920 yil aprelida harbiy kontrrazvedka (VChK) tarkibida yangi bo’lim — xorij bo’limi paydo bo’ldi. Bo’lim yo’riqnomasida aytilgandiki, sovetlar har bir xorijiy davlatda o’z rezidenturasiga ega bo’lishi shart. Razvedkachilar o’sha mamlakatda xizmat qilishadi. Lekin rezident kimligi faqat xorijdagi diplomatik tashkilot rahbarigagina ma’lum qilinadi.

1920 yil 12 dekabrida ko’plab jazo tashkilotlarining asoschisi Feliks Edmundovich Dzerjinskiy hukumat rahbariyati nomiga shunday maktub yo’lladi:

— Mening imzoim ostida maxfiy buyruq chiqarishga ruxsat berishingizni so’rayman. Toki VChK dagi hech bir bo’lim mening roziligimsiz xorijga agent, vakil, xabarchilarini yo’llay olmasin. VChK qoshida xorij bo’limini tashkil eting va xorijga yuboriladigan agentlar faqat shu bo’lim orqali rasmiylashtirilsin…

Fuqarolar urushi poyoniga yetgach, siyosiy byurodagilar o’zga davlatda qanday voqealar sodir bo’layotgani bilan qiziqa boshlashdi. Xo’sh, o’zga davlatlar sovetlarga qarshi hujumga tayyorlanmayaptimi? Shuni hisobga olib Dzerjinskiy 1920 yil 20 dekabrida o’zining 169- raqamli buyrug’ini e’lon qildi. Buyruq quyidagi bandlardan iborat edi:

1. VChK tarkibidagi maxsus bo’lim tugatilib, o’rniga xorij bo’limi tashkil etilsin.

2. Maxsus bo’limga tegishli bo’lgan barcha xodim va jihozlar xorij bo’limi ixtiyoriga berilsin.

3. Xorij bo’limi Menjinskiyga bo’ysundirilsin.

4. Xorij bo’limiga Yakov Xristoforovich Davidov (Davtyan) vaqtinchalik rahbar etib tayinlansin va u bir hafta ichida xorijdagi shtatlar ro’yxatini Prezidiumga taqdim etsin.

5. Buyruq kuchga kirgan kundan xorij bilan bog’liq barcha turdagi aloqalar xorij bo’limi orqali amalga oshirilsin.

Rus tilidan Olimjon HAYIT tarjimasi