image0

2024 yilgi tadqiqotlarga ko‘ra, raqamli texnologiyalar uchun biz kuniga o‘rtacha 6 soat 40 daqiqa vaqtimizni sarflayapmiz. Uyqudan so‘ng birinchi, uyqudan oldin esa oxirgi qo‘lga oladigan buyumimiz shaxsiy qo‘l telefonlarimizdir. Aqlli gadjetlar kun bo‘yi ham biz bilan. Bu esa umrimizning katta qismi boshqalarni tomosha qilish bilan o‘tayotganini anglatadi. Ammo ijtimoiy tarmoqlar tasmasini yangilamaslik “zamondan qolib ketganlik” hissini berayotgan bir davrda har kim ham bundan chekinishga o‘zida iroda topa olmaydi. Axborot asrida raqamli gadjetlardan voz kechishning iloji yo‘qligini ham tan olishga majburmiz. Biroq rejali foydalanish orqali “ekran vaqti”ning zararli oqibatlarini nazorat qilish imkoniyati mavjud.

Doimiy ravishda “raqamli qurilmalarga yopishib olish” jismoniy va ruhiy jihatdan salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Agar o‘zingizda “raqamli hayot”ning shunday tomonlarini sezgan bo‘lsangiz, ehtimol, “raqamli detoks” qabul qilish vaqti keldi.

U nima?

Detoks so‘zi o‘z ma’nosida kelganida organizmni yillar davomida to‘planib qolgan va immunitetni pasaytiruvchi zaharli moddalardan tozalash chora-tadbirlari majmui o‘laroq tushuniladi. Ammo bugunga kelib, organizmni faqatgina zaharli moddalar emas, raqamli texnologiyalarga qaramlik ham kuchsizlantirib, uning funksiyalarini yo‘qottirmoqda. Oqibatda “raqamli detoks” qabul qilish zarurati paydo bo‘ldi.

Qurilmalarga qaramlikdan qutulish – “raqamli detoks” nima?1

“Raqamli detoks” deganda, ijtimoiy tarmoqlar, internet o‘yinlari va turli saytlardan chekinib, organizm va ruhga dam beriladigan qisqa davrni tushunish mumkin. Bu davrda kishi “ekran vaqti”ni sekin-asta qisqartirish va “raqamli dunyo”dan uzilish orqali stressni kamaytirib, miyaga dam beradi.

“Raqamli detoks”ning afzalliklari

Ruhiy salomatlikni yaxshilaydi. Tadqiqotlarga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlar inson ongiga katta psixologik yuklama beradi. Chunki ularda tomosha qilingan narsalar hayotga qarashni beixtiyor o‘zgartiradi va shaxsiy imkoniyatlarni boshqalarniki bilan solishtirishga olib keladi. “Raqamli detoks” esa ijtimoiy tarmoqlardagi soxta hashamatga kamroq duch kelish orqali stress va xavotirni kamaytirib, ruhiy salomatlikni yaxshilaydi.

Qurilmalarga qaramlikdan qutulish – “raqamli detoks” nima?2

Sifatli uyquga yordam beradi. Inson tanasi soatdek ishlaydi. Uyqu vaqti kelganida buni tartibga soluvchi melatonin gormoni ishlab chiqilishi boshlanadi. Ammo elektron qurilmalar chiqaradigan zangori nur bu jarayonni buzadi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, “raqamli detoks” asosida kechki “ekran vaqti”ni qisqartirgan ishtirokchilar tezroq uxlab qolib, tetikroq uyg‘ongan va bir haftada uyqu sifatini yaxshilashga erishgan.

Qurilmalarga qaramlikdan qutulish – “raqamli detoks” nima?3

Diqqatni jamlab, vaqtdan unumli foydalanishga yordam beradi. “Raqamli dunyo” ko‘p vaqt talab qiladi. Odamlar maqsadsiz ravishda bir ilovadan ikkinchisiga o‘tish orqali qancha vaqtni behuda sarflaganini sezmaydi ham. “Raqamli detoks” paytida kishi diqqatni jamlash orqali rejalashtirgan ishlarini sifatli bajarib, unumdorlikni oshiradi.

Qurilmalarga qaramlikdan qutulish – “raqamli detoks” nima?4

Jismoniy salomatlikni yaxshilaydi. Raqamli qurilmalardan haddan tashqari ko‘p foydalanish kamharakatlik oqibatida turli xil salomatlikdagi muammolarga olib keladi. “Raqamli detoks” davrida o‘z-o‘zidan jismoniy faollik oshadi va semizlik hamda yurak-qon tomir kasalliklari kabi xavflar kamayadi. Bundan tashqari, uzoq vaqtni ekran qarshisida o‘tkazish ko‘zlar zo‘riqishi va xiralashuvi, shuningdek, bosh og‘rig‘iga olib keladi. Raqamli qurilmalardan tanaffus qilish ko‘zlarga dam olish imkonini beradi, bu esa vizual qulaylikni oshiradi.

Qurilmalarga qaramlikdan qutulish – “raqamli detoks” nima?5

Munosabatlarni yaxshilaydi. Internetga sarflanayotgan vaqt qisqartirilsa, odamlar bilan ko‘proq vaqt o‘tkazish imkoniyati ortadi. Atrofdagi yaqinlarga, suhbat va boshqalarga diqqat ortadi.

Qurilmalarga qaramlikdan qutulish – “raqamli detoks” nima?6

“Raqamli detoks” zarurati belgilari

Tadqiqotchilar fikricha, quyidagilarni sezgan shaxslar o‘ziga ham, raqamli qurilmalariga ham tanaffus berishi kerak.

Qurilmalarga qaramlikdan qutulish – “raqamli detoks” nima?7

  • Doimiy telefonni tekshirish zaruriyatini his qilish
  • Messenjerlarni tez-tez tekshirish
  • Uyqudan oldin va keyin telefon bilan mashg‘ul bo‘lish
  • Telefoni yonida bo‘lmaganida o‘zini noqulay his qilish
  • Shaxsiy hayotni ijtimoiy tarmoqlardagilar bilan solishtirish
  • O‘ziga yoqmagan vaziyatlardan qochish uchun chalg‘ituvchi sifatida telefondan foydalanish
  • “Ekran vaqti”da bosh va bo‘yin og‘rig‘i yoki ko‘z zo‘riqishini his qilish
  • Raqamli va haqiqiy hayot chegaralarini belgilay olmaslik

“Raqamli detoks” qanday qabul qilinadi?

Kundalik hayotning katta qismini egallagan odatlardan voz kechish hech qachon oson bo‘lmagan. Shuning uchun ishni kichik, ammo sezilarli qadamlardan boshlash kerak. Masalan, uyg‘onishdan keyingi va uxlashdan oldingi 2 soatda elektron qurilmalardan foydalanmaslik hayot sifatiga katta ta’sir ko‘rsatadi. Quyidagi ko‘rsatmalar orqali “raqamli detoks”ni amalga oshirish mumkin.

Maqsadni aniqlang. “Raqamli detoks” bilan nimaga erishmoqchiligingizni va nimani kamaytirish yoki yo‘qotishni xohlayotganingizni aniqlang. Buni ma’lum bir qurilma yoki ilovadan boshlash mumkin.

Chegaralarni belgilang. Qisqa reja tuzing va unga rioya qiling. Muhim foydani yo‘qotmagan holda, imkon qadar kamroq foydalanish uchun telefoningizni ma’lum vaqtga boshqa xonada qoldiring. O‘z-o‘zingizni nazorat qilishni o‘rganing.

Chalg‘itadigan narsalarni olib tashlang. Odamlarni qurilmalarga “mixlagan” omil ilovalardir. Shuning uchun, vaqtingizni o‘g‘irlayotgan ilovalarni birin-ketin o‘chirib tashlashni boshlang. Qolaversa, telefon va kompyuterlarimizda biz hech qachon foydalanmaydigan ilovalar ham ko‘p. Ishni shulardan boshlash osonroq. Shuningdek, bildirishnomalarni o‘chirib qo‘yish ham foydali.

Xobbi bilan shug‘ullaning. Eski zararli qiziqishdan qutulish uchun, yangi foydali qiziqishlarni shakllantirish kerak. Raqamli texnologiyalar paydo qilgan odatlarni o‘zingizdagi xohishga qarab, qiziqarli mashg‘ulotga almashtirish mumkin. Kitob o‘qish, sayr qilish, sport yoki sevimli xobbi bilan shug‘ullanish “raqamli qurilmalar hijroni”ni yengillashtiradi.

Uni hayot tarzingizga aylantiring. Barcha shartlarda haqqoniy bo‘lgach, “raqamli detoks” sizga qanday foyda keltirganini baholang. Agar “detoks” davomida erishganlaringizni o‘zingizga manfaatli deb hisoblasangiz, harakatni doimiy hayotga tatbiq qilishingiz mumkin.

“Raqamli detoks” turlari

Maqsadiga qarab, “raqamli detoks”lar quyidagicha turlanadi:

To‘liq detoks: barcha ijtimoiy media platformalaridan chiqish va mobil telefonlardan barcha xabar almashish ilovalarini o‘chirish orqali ma’lum muddat davomida raqamli qurilmalar bilan aloqani uzish.

Ijtimoiy media detoksi: kishi o‘zining “ekran vaqti”ni boshqara olishiga ishongan holda, shunchaki biroz tanaffusga muhtojlik sababli ijtimoiy tarmoqlarni cheklash.

Maxsus detoks: vaqtini eng ko‘p “yemirayotgan” ilova yoki platformadan foydalanishni kamaytirish. Masalan, kuniga aniq belgilangan vaqt mobaynidagina ulardan foydalanish mumkin.

Maqola so‘nggida eslatma sifatida mavzu yuzasidan olimlar prognozini keltirishni lozim topdik. 2022 yilda bir guruh amerikalik olimlar elektron qurilmalardan haddan tashqari ko‘p foydalanish inson evolyutsiyasining deformatsiyalanishiga olib kelishini bashorat qildi.

Qurilmalarga qaramlikdan qutulish – “raqamli detoks” nima?8

Tadqiqotchilar “Mindy” deb nomlangan “kelajak insoni”ning 3D modelini ishlab chiqdi. Ularning fikricha, ofis ishlari va smartfonlarga bo‘yin egish kelajakda odamlarning bukri bo‘lib qolishiga olib keladi. Shuningdek, “Mindy”da gadjetlarning zangori nuriga qarshi noyob himoya – ikkinchi ko‘z qovog‘i ham bo‘lishi mumkin.