Dunyo bo‘ylab o‘smir qizlarning ahvoli yaxshilanmoqda, biroq sayyoraning barcha yosh ayollari bu o‘zgarishlarni his qilmayapti va hali qilinishi lozim bo‘lgan ishlar ko‘p. Bu haqda UNICEF, BMT Ayollar tashkiloti va Plan International xalqaro nohukumat tashkiloti tomonidan tayyorlangan hisobotda so‘z boradi.
Tadqiqot mualliflarining ta’kidlashicha, ta’lim sohasidagi sezilarli yutuqlarga qaramay, butun dunyo bo‘ylab millionlab o‘smir qizlar hali ham maktabga bormaydi, hayot uchun muhim bo‘lgan tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatiga ega emas va bolalar nikohi, ayollar sunnati, zo‘ravonlik va shafqatsiz munosabat kabi zararli amaliyotlarga duch kelmoqda.
Ta’lim
So‘nggi 20 yil ichida maktabga bormaydigan qizlar soni 39 foizga kamaygan, biroq 122 million qiz hali ham o‘qimaydi. Dunyo bo‘ylab har 10 qiz va yosh ayoldan to‘rttasi maktabni tamomlamaydi. Ayniqsa, qishloq hududlarida yashovchi va qashshoq oilalardagi qizlar eng zaif toifa hisoblanadi. Savodsiz qizlar va yosh ayollar soni so‘nggi 30 yilda deyarli ikki baravarga kamaygan, biroq hali ham 50 million nafari o‘qish va yozishni bilmaydi. Kam daromadli mamlakatlarda qizlarning 90 foizi internetga kira olmaydi, shu bilan birga, o‘g‘il bolalar qizlarga qaraganda ikki baravar ko‘proq onlayn muloqot qilishi mumkin.
Gender zo‘ravonligi
Turmush qurgan yoki sheriklik munosabatida bo‘lgan qizlarning to‘rtdan biri o‘z jufti tomonidan zo‘ravonlikka uchragan. Dunyo bo‘ylab 50 million qiz jinsiy zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan.
Zararli amaliyotlar
Ayollar sunnati kamroq uchraydigan holatga aylanmoqda: masalan, Burkina-Faso va Liberiyada bu amaliyotga duchor bo‘layotgan qizlar soni so‘nggi 30 yil ichida ikki baravarga kamaygan. Biroq ushbu amaliyotni 2030 yilga qadar butunlay yo‘q qilish uchun bunday o‘zgarishlar 27 baravar tezroq sodir bo‘lishi kerak. Qizlarning 18 yoshgacha turmush qurish holati 25 yil oldingiga qaraganda kamroq kuzatilmoqda. Biroq har beshinchi qiz hali ham bolalik chog‘ida turmushga chiqmoqda. Ushbu sohada eng katta yutuqlarga Janubiy Osiyo erishgan bo‘lsa, Lotin Amerikasi va Karib havzasida so‘nggi 25 yil ichida hech qanday taraqqiyot kuzatilmagan.
Salomatlik va farovonlik
O‘smir qizlar orasida tug‘ruq statistikasining so‘nggi 30 yilda ikki baravar kamayganiga qaramay, 2025 yilda 15-19 yosh oralig‘idagi 12 million qiz ona bo‘lishi kutilmoqda. Homiladorlik, ayniqsa xavfli bo‘lgan 10-14 yosh oralig‘idagi qizlar orasida esa kutilayotgan tug‘ruqlar soni 325 mingdan oshadi.
Hisobot mualliflari o‘smir qizlarning hayotiga taalluqli siyosiy qarorlarni qabul qilish jarayonida ularning o‘zlarini ishtirok ettirish, shuningdek, yosh ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishni tavsiya qilmoqda. Mutaxassislar taraqqiyotga to‘sqinlik qilayotgan aniq muammolarga e’tibor qaratish zarurligini ta’kidlaydi.