image0

2025 yili dunyoda 63,1 mln kishi, O‘zbekistonda esa 219,4 ming kishi kishi vafot etishi mumkin. Bu haqdagi taxminiy ma’lumotlarni “Earthly Data” taqdim etdi.

Qayd etilishicha, 2024 yilda dunyoda 62,4 mln kishi halok bo‘lgan, bu 2023 yilga (61,7 mln kishi) nisbatan 1,2 foizga ko‘p degani.

“Yillik o‘sish sur’ati 1,2 foizni tashkil etgan holda 2025 yilda vafot etadiganlar soni 63,1 mlnga yetishi kutilmoqda”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, mamlakatlar bo‘yicha 2025 yilda O‘zbekiston uchun prognoz qilingan o‘lim soni 219,4 ming kishini tashkil etadi.

MDHning boshqa davlatlari orasida 2025 yilda eng ko‘p o‘lim Rossiyada bo‘lishi taxmin qilinmoqda. U yerda 1,9 mln kishi vafot etishi kutilmoqda. Keyingi o‘rinlardan Ukraina (520,2 ming kishi), Qozog‘iston (140,6 ming kishi), Belarus (119,1 ming kishi), Ozarbayjon (70,1 ming kishi), Turkmaniston (44,8 ming kishi), Qirg‘iziston (44,1 ming kishi), Moldova (42 ming kishi) va Armaniston (27,7 ming kishi) joy olgan.

Qolaversa, makroregionlar bo‘yicha eng ko‘p o‘lim Osiyoda bo‘lishi taxmin qilinmoqda. U yerda 34,7 mln kishi vafot etishi mumkin. Reytingda ikkinchi o‘rinda Afrika (11,7 million kishi), uchinchi o‘rinda Yevropa (8,5 million kishi) boradi. Amerikada 7,9 mln, Okeaniyada esa 317,8 ming o‘lim kutilmoqda.

Gender bo‘yicha, prognoz ma’lumotlariga ko‘ra, bir yilda dunyoda 34,1 mln erkak va 29,1 mln ayol vafot etadi. Erkaklar orasida o‘limning prognoz qilingan soni ayollar o‘rtasidagi ko‘rsatkichdan 17,3 foizga ko‘p.

2100 yilga borib, olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab o‘limlar soni 122,9 mln kishiga yetadi, bu 2024 yildagi ko‘rsatkichdan 97 foizga ko‘p degani.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025 yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 19 135,8 ming kishi shaharda va 18 407,4 ming kishi qishloq hududida yashashi haqida xabar berilgandi.