Aziz muxlislar, gazetamizning o’tgan sonida olmoslarning qora bozori va u yerdagi turli o’g’irligu jinoyatlar haqida o’qigan edingiz. Bu gal esa butunjahon olmos bozorini tunagan o’g’ri va uning kirdikorlari to’g’risidagi qiziq ma’lumotlarni e’tiboringizga havola etamiz.
Yana bir yirik o’g’rilik 2003 yili sodir etilgan bo’lib, o’shanda jinoyatchilar Butunjahon olmos markazining omboriga kirib olishgan. Belgiya politsiyasining tezkor xodimlari Patrik Peyz va Agim de Bryuker jinoyat yuz bergan joyga birinchilar qatorida yetib kelishgan. Bryuker qo’riqlash tizimiga javob beruvchi «Securlink» kompaniyasiga qo’ng’iroq qilib, signalizatsiyaning holati bilan qiziqib ko’rdi. «Hammasi joyida, — deya javob berdi operator. — Omborxona xavfsiz». «Unda nega eshiklar ochiq, men esa ombor ichidaman?» — so’radi politsiyachi.
Polda millionlab yevrolik olmoslar sochilib yotar — jinoyatchilar ularning hammasini olib chiqib ketishmagandi. O’g’rilar 160 ta seyfdan 123 tasini ship-shiydam qilishgan va taxminlarga ko’ra, umumiy qiymati 150 milliondan 400 million yevrogacha bo’lgan olmoslarni o’marishgandi. Bu voqealarning barchasi yakshanba oqshomida yuz bergan, jinoyatdan esa faqat ertalabga kelibgina xabar topishgandi. «Bunday bo’lishi mumkin emas, ammo shunday bo’ldi», — deya OAV savdogarlardan birining so’zidan iqtibos keltirgan edi o’shanda.
Tez orada politsiya ushbu jinoyatga aloqadorlikda gumon qilib bir necha kishini hibsga oldi. Butunjahon olmos markazida kichikroq ofisni ijaraga olgan italiyalik Leonardo Notabartolo esa o’g’rilikka bosh-qosh bo’lgan, deb topildi. Notabartoloning firmasi ro’yxatdan o’tkazilmagan va rasmiy tarzda import yoki eksport operatsiyalari bilan shug’ullanmas, Leonardo ham onda-sonda binoda ko’rinish berardi. Ammo omborxonani o’marib ketishlaridan avval u har kuni ofisga kelib turgan.
Aniqki, italiyalik shavvoz hech nimani tan olmadi. Shunday bo’lsa-da, 2005 yilning may oyida unga nisbatan 100 million yevro miqdorida jarima va 10 yillik qamoq jazosi tayinlandi. Oradan to’rt yil o’tib, Leonardo Notabartolo muddatidan avval ozodlikka chiqdi.
Cho’qintirgan
otalar
Olmos kvartal ishbilarmonlarining ta’kidlashicha, isroil narkomafiyasi Antverpenda 1990 yillari paydo bo’lgan. Politsiyachilarning fikricha, bu ancha avval yuz bergan. Jinoyatchilar Kvadrat milyadagilar o’z odamlarini sotmasliklaridan o’ziga xos tarzda foydalanishadi. Olmos biznesidagi aloqalar esa ularga huquq-tartibot tashkilotlaridan yashirinish imkonini beradi. Bundan tashqari, ular zargarlar odatiga amal qilgan holda naqd pulda emas, balki qimmatbaho toshlar bilan to’lov qilishni xush ko’rishadi. Chunki olmoslarning kelib chiqish joyini aniqlash naqd pulda to’lovni amalga oshirganlarni aniqlashdan ancha mushkul.
Antverpenlik zargarlar goh-gohida qimmatbaho toshlarni tashishga mo’ljallangan maxsus keyslarni narkokuryerlarga ham berib turishadi. «Dala ishlarining birida jeymsbondchasiga yasalgan ana shunday jomadonlardan birining ichiga ko’zim tushgandi, — deb yozadi Sigel. — O’rtacha kattalikdagi olmoslar o’rniga jomadon ekstaz tabletkalari bilan liq to’la edi».
Isroilliklardan tashqari shaharda sobiq ittifoq davlatlaridan kelgan jinoyatchilar ham faol «ishlashadi». Ayniqsa, Pelikaanstraat hududida Gruziyadan ko’chib kelgan oltita yahudiy oila ko’plab qing’ir ishlarning boshida turadi.
Antverpenda keyingi 15 yilda nigeriyaliklar tomonidan amalga oshirilayotgan jinoyatlar soni oshdi. Afrikalik gangsterlar noodatiy usulni tanlashgan. Ular talonchilikka faqat qarindoshlarini olishadi va har bir muvaffaqiyatli operatsiyadan so’ng jinoiy to’dani tarqatib yuborishadi. Shuning uchun nigeriyalik uyushgan jinoyatchilarga bas kelish qiyin kechmoqda.
Qonli olmos
Kvadrat milyada ishga shoshayotgan kishilarni afrikaliklar qo’llarida ishlov berilmagan olmoslar solingan paketchalar bilan kutib turishadi va o’tkinchilarning yoniga borib, ularga o’z tovarlarini taklif etishadi. «Toshlar haqiqiy, buni bir qarashda payqash mumkin», — deydi antverpenlik zargarlardan biri. Ammo odamlar afrikaliklar yonidan to’xtamasdan o’tib ketishadi.
Afrikalik kontrabandachilar qimmatbaho toshlarni bu toshlar bilan savdo qilish huquqi bo’lmagan mamlakatlardan olib kelishadi. «Narxlar anchayin arzon, biroq «olmoschilar» ular bilan kontaktga borishmaydi. Chunki nomiga dog’ tushirib, obro’siga putur yetkazishdan qo’rqishadi, — deydi Sigelning informatorlaridan biri. — Hech kim odamlarning «Moysha Afrika nolegallari bilan biznes qilishgacha boryapti», deyishlarini xohlamaydi».
Afrika kontrabandasi — unchalik uzoq bo’lmagan fenomen. 2001 yili olmos qazib oluvchi yirik mamlakatlar va bir qator notijorat tashkilotlar vakillari Janubiy Afrikaning Kimberli shahrida muzokara uchun to’planishdi. Ular qon to’kilishini moliyalashtirishdan qochish maqsadida Yevroittifoqqa Kongo, Liberiya, Syerra-Leone va boshqa fuqarolar urushi qamrab olgan davlatlardan qimmatbaho toshlar xarid qilmaslikka kelishib olishdi.
Ushbu mamlakatlar hissasiga dunyo bo’yicha qazib olinayotgan jami olmosning kamida to’rt foizi to’g’ri keladi. Bu esa juda katta pul bo’lib, hech kim ularni yo’qotishni xohlamaydi. Garchi antverpenlik zargarlar odamlar ko’zi uchun kontrabandachilar bilan gaplashishni istamasa-da, yashirin savdo jadal ketmoqda.
«Aslini olganda, Kimberli bizning hayotimizni yengillashtirdi, — deya «The Guardian» nashriga intervyu berdi sharqiy yevropalik kontrabandachilardan biri. — Endi qalbaki sertifikatlar yasasak bas, yangi olmoslar tayyor». Sertifikatning qaerdan olinganligi va pullar kimning — o’g’rilar yoki terrorchilarning cho’ntagiga tushishi bilan hech kimning ishi yo’q. Muhimi, qog’ozlar bo’yicha hammasi toza bo’lsa bo’ldi. Bundan tashqari, qalbaki sertifikatlar, masalan, Zambiya sertifikatlarini tayyorlab beruvchi firmalar mavjud. Zambiyada olmos qazib olinmasligi esa biror kimsani tashvishga solmaydi. Hujjat bormi, demak, hammasi joyida.
Notabartolo siri
Endi yuqorida tilga olib o’tgan qahramonimiz, bundan bir necha yil ilgari Butunjahon olmos markazining omborxonasiga o’g’rilikka tushib, qamalib ketgan Leonardo Notabartologa qaytsak. Italiyalik jinoyatchi qamoqdan chiqqanidan so’ng Amerikaning «Wired» jurnali xodimi bilan uchrashib, unga o’z taxminlarini aytib berdi.
Leonardoning so’zlariga ko’ra, avvalboshdan omborxonani tunash uning xayoliga ham kelgan emas. Chunki bu ishni muvaffaqiyatli amalga oshirib bo’lmaslikka uning ishonchi komil edi. Butunjahon olmos markazidan ofisni esa boshqa maqsadda olgan. Notabartolo Antverpenga o’g’irlangan qimmatbaho toshlarni sotish niyatida kelgan va bu yerda uning ishonchli odamlari bor edi. Xullas, ular ofisda uchrashishdi, sotiladigan buyumlarni ko’rishdi, keyin yana uchrashish haqida kelishib, tarqalishdi.
Kutilmaganda voqealar rivoji boshqacha tus oldi. «Men seni o’g’rilik qilish uchun yollamoqchi edim, — dedi antverpenlik hamkorlaridan biri Notabartologa. — Katta o’g’rilik uchun». Va u o’z rejasini bayon qildi. Buning ustiga zargar ma’lum miqdordagi mukofot evaziga omborxona chizmasini topib berishni ham va’da qildi. Notabartolo Butunjahon olmos markazining yerto’la qismiga tushib, qulflar hamda datchiklarni sinchkovlik bilan o’rgandi. Qo’riqchilar Leonardoga ko’p ham e’tibor berishmadi, axir bu yerda uning ofisi bor, demak, binoni ko’zdan kechirishi mumkin.
Buyurtmachi omborxona haqidagi ma’lumotlarni 100 ming yevroga sotdi. Keyinroq esa yana aloqaga chiqib, Notabartoloni Antverpen yaqinidagi omborlardan biriga taklif qildi. Ushbu ombor ichida Butunjahon olmos markazi omborxonasining aniq nusxasi yasalgan edi. Xuddi o’shanday qulflar, o’shanday seyflar va signalizatsiya. «Mashq qilishni boshlanglar», — dedi zargar.
Ma’lum bo’ldiki, har bir himoya bosqichida o’ziga yarasha zaif joylar bor ekan. O’g’rilikka ikki kun qolganda Notabartolo omborga tushib issiqlik va harakat datchiklarini ishdan chiqardi. Yakshanba oqshomida esa sheriklari bilan birga omborga qaytdi.
Notabartoloning aytishicha, ko’plab seyflar bo’m-bo’sh bo’lgan va olib ketilgan olmoslar qiymati 20 million dollardan oshmagan. 150 yoki 400 million dollarlik olmoslar haqida-ku, gap ham bo’lishi mumkin emas. Aslini olganda, o’g’rilik sug’urta puli undirish maqsadida ataylabdan uyushtirilgan emish. Uning so’zlariga ishonish qiyin, buning ustiga sirli buyurtmachini ham topa olishmadi. Ammo bir narsani tan olish kerak, Butunjahon olmos markazida ishlovchi yahudiy zargarlardan har qanday ishni kutsa bo’ladi. Chunki ular qing’ir ishlarni rejalashtirishda ham zargar bo’lib ketishgan.
S. SAIMNAZAROV