Dunyo siyosiy yetakchilari ichida Singapur Bosh vaziri Lourens Vong eng ko‘p maosh olishi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda “Forbes” tomonidan e’lon qilingan dunyo rahbarlari va siyosiy yetakchilarga to‘lanadigan maoshlarning yangilangan reytinggida ma’lum qilindi.
Lourens Vong yiliga taxminan 1,69 million dollar maosh oladi. Undan keyingi o‘rinni deyarli uch barobar kam maosh bilan Shveysariya Prezidenti Viola Amerd egalladi. AQSH Prezidenti Jo Bayden to‘rtinchi o‘rinda qayd etildi.
Top-10 eng ko‘p maosh oluvchi rahbarlar reytingi:
1. Singapur Bosh vaziri Lourens Vong – yiliga 1,69 million dollar;
2. Shveysariya Prezidenti Viola Amerd – 569,5 ming dollar;
3. Avstraliya Bosh vaziri Entoni Albaneze – 412,5 ming dollar;
4. AQSH Prezidenti Jo Bayden – 400 ming dollar;
5. Avstriya kansleri Karl Nexammer – 316,7 ming dollar;
6. Yangi Zelandiya Bosh vaziri Kristofer Lakson – 310,5 ming dollar;
7. Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudo — 301 ming dollar;
8. Germaniya kansleri Olaf Shols – 293,3 ming dollar;
9. Yaponiya Bosh vaziri Sigeru Isiba – 276,4 ming dollar;
10. Irlandiya Bosh vaziri Saymon Harris — 267,3 ming dollar.
Reytingda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Turkmaniston, Tojikiston, Qirg‘iziston singari MDH davlatlarining rahbarlari oladigan maoshlar bo‘yicha ma’lumotlar keltirilmagan.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin esa reytingda yillik 113,6 ming dollar bilan 28-o‘rinni egalladi. 72 yoshni qarshilagan Putin 2017 yildan 2022 yilgacha 67,5 million rubl ishlab topgan. Uning daromad manbalari orasida ish haqi, harbiy pensiya, bank omonatlari, qimmatli qog‘ozlar, shuningdek, mulkni sotish ko‘rsatilgan. Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an yiliga 35,7 ming dollar maosh bilan yanada quyi o‘rinlardan joy oldi.
Eng kam maoshga kun kechiradigan rahbarlardan biri Efiopiya Bosh vaziri Abiy Ahmad Ali bo‘lib, u yiliga bor-yo‘g‘i 1,7 ming dollar maosh oladi. Nigeriya Prezidenti Bola Tinubu 2,2 ming dollar va Mo‘g‘uliston Bosh vaziri Luvsannamsrayn Oyuun-Erdene 3,8 ming dollar oladi.