Qalb tilga kirganda…

Ko’ngil, qalb – bag’rikenglik oftobi. Unda taft, harorat, dard, tug’yon, ichki o’y-kechinma, ehtirosu armon, umidvorlik mujassam… Ko’ngil shod bo’lsa, botinga sig’maydi. Ko’ngil xafa bo’lsa, uni botindan topolmay halaksan, kishi. Ko’ngilning yupanchi – ilm, fazilat, jasorat, mehr-oqibat, do’stlikdadir

Ilm – zulmatni yorituvchi ziyo oftobi. U ma’naviy barkamollikka qanot, jismoniy harakatga quvvat hisoblanib, o’zida adolatga sadoqat, ezgulik g’alabasiga ishonch tuyg’ularini ja’m etadi.

Fazilat – mehr ummoni. U – insonlarda odamiylikni uyg’otuvchi sehrli bong, dunyo ahlini hayratga soluvchi shariflik ne’mati.

Jasorat – mas’ullik shamchirog’i. U – egasiga faxr, izzatu ikrom keltiruvchi, boshqalar havas birsa intiladigan noyob xislat namunasi sanaladi.

Mehr-oqibat – insoniylikning asosi, mazmunli yashashning siri, boqiylik alomati…

Do’stlik – qalblar oynasi, dillar oromi, ko’ngillar huzuri, yolg’izlikka ta’sirchan malham, xotirjamlik omili erur.

Shunday ekan, dil – Do’st… Do’st – dillar quvonchi… Dilning borligi va borlig’i Do’stning mavjudligidandir…

“Farzandnoma” kitobidan