Islom Karimovning Birinchi Prezident bo’lishi — o’zbek xalqining yutug’i. Bu haqda O’zbekiston Birinchi Prezidentining birinchi xos soqchilari boshlig’i bo’lgan Jahongir Abirov «Rost24»ga bergan intervyusida aytib o’tdi.
«1990 yili may oyi o’rtalari edi. Rustam Inoyatov menga qo’ng’iroq qildi va endi Surxondaryoga ishga ketasan, dedi. Borishdan oldin Prezident bilan ko’rishishim kerak edi. Ikki kundan keyin rahbarimiz telefon qildi. Georgiy Kraynov meni Islom Abdug’aniyevichning oldiga olib kirdi. U esa o’z jamoamizni shakllantirishimizni aytdi.
‘Men Surxondaryoga kim bilan borarkanman?’, deb o’ylab tursam, aslida Prezident qo’riqlash xizmatini boshqarish topshirilgan ekan. Umuman kutilmaganda sodir bo’lgan bu tayinlov», — deb xotirlaydi Islom Karimovning birinchi xos soqchilari boshlig’i.
«Uni qachondan beri bilsam, u hech qachon ta’tilga chiqmagan. Ishga erta kelib, kech soat 10 da uyga qaytardi. Xalq bilan ko’rishganda ko’proq himoyalamoqchi bo’lardik, shunda u haddan ziyod tartib saqlayapsan, derdi.
Men ‘Islom Abdug’aniyevich, sizni xalq yaxshi ko’radi, Xudo ko’rsatmasin, biror gap bo’lsa, mening ishim chatoq bo’ladi. Harbiy prokuror olib borib qamaydi. Men o’z vazifamni bajaryapman. Topshiriq — topshiriq, men sizga sodiqman. Boshingizdan bir tola sochingiz to’kilishini ham xohlamayman’, derdim», — deydi Jahongir Abirov va Islom Karimov bilan birinchi sayohatini ham eslab o’tgan.
«Birinchi rahbar bilan birinchi sayohatimiz Turkmanistonga bo’lgandi. U yerdagi hamkasbim bizni Prezident turadigan joyga olib borgandi. U menga bu yerda hech kim yashamaydi, dedi.
Men uning bu fikrini faqat so’ziga ishonib emas, balki dalil bilan aniqlashim kerak edi. Shunchaki suv jo’mragini ochib ko’rdim. Zangli suv tushdi va bu holat bu yerda hech kim yashamaganiga ishora edi», — degan Jahongir Abirov.
Uning aytishicha, Islom Karimov juda dono, aqlli, talabchan va o’ta mehnatsevar odam edi. U kechgacha xalq uchun ishlardi. O’zining mehnati va siyosati bilan xalqaro miqyosda hurmat qozondi.
«Shaxsan Putin uni hurmat qilgan. Putinni bilasiz, u xalqaro miqyosda qanday obro’ga ega. Aytmoqchimanki, Putin Karimovdan ko’p narsalarni o’rgangan. U bundan uyalmagan», — deb ta’kidlagan Islom Karimovning birinchi xos soqchilari boshlig’i.
Avvalroq Birinchi Prezidentning 1990—1992 yillardagi xos soqchilari boshlig’i bo’lgan Sa’dulla Muhamadqulov «Rost24»ga bergan intervyusida «Putin u kishini ustozim, deb bilardi», deb aytgandi. «Vafot qilganlaridan keyin Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin kelib, ularning qabrlariga gul qo’yayotganda bosh egdi va tizzaladi. Nima uchun? Putin u kishini ustozim, deb bilardi. Rossiyada vaqtida shokoterapiya qilinayotgandi. Bular bu narsaga yo’l qo’ymadilar. Og’ir ahvolga xalqni qo’yishni xohlamadilar. Ular haqiqiy inson edilar. Bunday insonlar yuz yilda bir marta keladi», — deb ta’kidlagandi u.
Eslatib o’tamiz, Islom Karimov 1991 yildan umrining oxirigacha — 25 yil davomida O’zbekiston Prezidenti bo’lgan. U 2016 yilning 2 sentyabr kuni vafot etgan, 3 sentyabrda Samarqandning Hazrati Xizr masjididagi qadimiy qabristonga dafn etilgan. Karimov vafot etgan sana har yili Birinchi Prezident xotira kuni sifatida yod etiladi. Islom Karimov tavallud topgan sana — 30 yanvar esa har yili keng nishonlanadi.
2021 yil 30 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi Islom Karimov haykali poyiga gulchambar qo’yib, Birinchi Prezident xotirasiga hurmat ko’rsatdi. Samarqand va Qashqadaryoda ham Islom Karimov tavalludiga bag’ishlangan xotira tadbirlari o’tkazildi.