Nomzodlar agentlikka a’zo mamlakat fuqaroligiga ega bo’lishi shart. Shuningdek, ular kamida fan, tibbiyot, muhandislik, matematika, informatika bo’yicha magistr darajasiga ega bo’lishi yoki sinov uchuvchisi yoki sinov muhandisi malakasiga ega bo’lishi lozim. Nomzodlar kamida uch yillik tegishli kasbiy tajribaga ega bo’lishi va ingliz tilini (yana bir nechta tilni bilish ham maqsadga muvofiq) yaxshi bilishi kerak. Xalqaro kosmik stansiyada foydalaniladigan rus tilini o’zlashtirish o’quv dasturining bir qismiga kiritiladi.
Shu bilan birga, ESA astronavtlikka nomzodlarning jismoniy holatiga qo’yiladigan talablarga misli ko’rilmagan o’zgarish kiritilishini e’lon qildi.
Dunyo bo’ylab, kosmosga sayohat va ESA tarixida birinchi marta agentlik astronavtlikka nomzod sifatida zamonaviy kosmik asbob-uskunalardan foydalanish bo’yicha o’rnatilgan talablarga ko’ra, psixologik, kognitiv, texnik va professional malakaga ega, ammo jismoniy imkoniyati cheklangan odamlarni qidirmoqda.
Ayni paytda ESA «ushbu toifadagi yuqori malakali mutaxassislarning ekipaj a’zolari sifatida xavfsiz va samarali kosmik missiyada faoliyat olib borishi uchun» bunday uskunalarni nogironlarning ehtiyojlariga moslashtirishda zarur xarajatlarni o’z zimmasiga olishga tayyor.
ESA ushbu loyiha doirasida bir yoki bir nechta parastronavtlarga kosmosga uchish imkoniyatini beradi, ammo dastur boshlangach, ularning kosmosga uchishini kafolatlay olmasligini ma’lum qildi. Dasturning dastlabki byudjeti 1 million yevroni tashkil qilgan.
Tanlov jarayonida imkoniyati cheklangan nomzodlar uch xil mezon asosida baholanadi:
«qizil» — nogironlikning turi va darajasi astronavtga topshiriladigan vazifaga mos kelmasa yoki xavfsizlik darajasi yetarli bo’lmasa;
«sariq» — nogironlikning turi va darajasi vazifaga to’liq mos kelishi mumkin bo’lsa, lekin ba’zi o’zgartirish yoki yangiliklar talab qilinsa;
«yashil» — nogironlikning turi va darajasi qo’yiladigan vazifaga mos kelganda.
Loyiha uchun ESA quyidagi jismoniy nogironligi bo’lgan nomzodlarni qabul qiladi: amputatsiya yoki tug’ma rivojlanishdagi buzilishlar tufayli oyoqlarida nuqsoni bo’lganlar, jumladan, oyoq panjasi yo’q, bir yoki ikki oyog’i tizzadan kesilgan yoki oyoqlar uzunligida farq bo’lgan nogironlar. Bo’yi 130 santimetrdan past odamlar ham nomzod sifatida qabul qilinadi.
«Loyihaga imkoniyati cheklangan odamlarni kiritish, ularning ajoyib tajribasi, og’ir sharoitlarga moslashish qobiliyati va istiqbollari samarasini bir joyga jamlashni anglatadi», — deyiladi agentlik xabarida.
Agentlik, shuningdek, kosmonavt ayollarning sonini oshirishni rejalashtirayotganini va shu paytgacha kosmosga chiqqan 560 dan ortiq odamning 65 nafari ayollar ekanini ta’kidladi.
«Biz faqat vakolat asosida tanlaymiz. Ammo agar ayollarning o’zi murojaat qilmasa, ularni tanlash qiyin bo’ladi. Shuning uchun biz ayollarni biroz ko’proq rag’batlantiramiz», — deya ta’kidladi ESA ilmiy koordinatori Anjelika van Ombergen.