O‘zbekiston 2024 yilda 180 mamlakat o‘rin olgan korrupsiya bo‘yicha reytingda 121-o‘rinni egalladi. Bu haqda “Transparency International” korrupsiyaga qarshi kurash tashkilotining “Korrupsiyani aniqlash” indeksida keltirilgan.
Indeks natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston 100 balldan 32 ball to‘plagan va Angola, Ekvador, Keniya, Shri-Lanka va Tobo kabi davlatlar bilan 121-o‘rinni qayd etgan. Solishtirish uchun, 2023 yilda O‘zbekston ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha 33 ball olgan edi, biroq mamlakatlar o‘rtasida bu yilgidek 121-o‘rinda qayd etilgan.
Taqqoslash uchun boshqa Markaziy Osiyo mamlakatlari ko‘rsatkichi:
- Tojikiston – 19 ball (164-o‘rin);
- Qirg‘iziston – 25 ball (146-o‘rin);
- O‘zbekiston – 32 ball (121-o‘rin);
- Qozog‘iston – 40 ball (88-o‘rin).
Bunda Qozog‘istondan tashqari barcha Markaziy Osiyo mamlakatlari 1 ball yo‘qotgan, Qozog‘iston esa 1 ballga o‘sgan. Turkiya, Ozarbayjon va Sharqiy Yevropa mamlakatlarining aksariyatida ham ko‘rsatkichlar 1 ballga pasaygan yoki o‘zgarmagan. Belarus va Rossiya esa 2023 yilga nisbatan 4 ball yo‘qotgan.
Mintaqadagi eng yaxshi natijani qayd etgan davlatlar:
- Gruziya – 53 ball (53-o‘rin);
- Armaniston – 47 ball (63-o‘rin);
- Chernogoriya – 46 ball (65-o‘rin).
Ushbu reytingda eng yaxshi ko‘rsatkich – 100 dan 90 ball bilan Daniya yetakchilik qilmoqda. 2-o‘rinda Finlyandiya (88 ball) va Singapur (84 ball) qayd etilgan. Eng kam – 8 ball bilan Janubiy Sudan reytingning eng quyi qismidan o‘rin olgan.
Ma’lumot uchun, “Korrupsiyani aniqlash” indeksi bo‘yicha natijalar jamoat sektoridagi korrupsiya darajasini baholaydi va 180 mamlakat hamda hududni qamrab oladi. Baholash 0 dan 100 gacha bo‘lgan shkalada amalga oshiriladi.
Bunda:
- 0 ball – yuqori darajadagi korrupsiya;
- 100 ball – korrupsiyadan xoli tizim degan ma’noni anglatadi.
2012 yildan beri atigi 32 davlat korrupsiya darajasini sezilarli darajada pasaytirishga muvaffaq bo‘ldi. Biroq shu davr ichida 148 davlatning natijalari o‘zgarishsiz qolgan yoki yomonlashgan. Shuningdek, jahon bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich 43 ballni tashkil etib, yillar davomida deyarli o‘zgarmagan. Bundan tashqari, ko‘pchilik mamlakatlar 50 balldan past natija ko‘rsatmoqda, ya’ni korrupsiya muammosi keng tarqalgan.
“Bu yilgi “Korrupsiyani aniqlash” indeksi natijalari shuni ko‘rsatmoqdaki, global korrupsiyaga qarshi kurashni endi real harakatlar bilan ta’minlash lozim. Agar hozirdan jiddiy choralar ko‘rilmasa, bu tahdid yanada chuqurlashishi mumkin”, deydi “Transparency International” raisi Fransua Valerian.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston xalqaro jinoyatchilik va xavfsizlik bo‘yicha indeksda ham 147 mamlakat orasida 121-o‘rinda qayd etilgan edi. Reytingda mamlakatlar jinoyatchilik va xavfsizlik darajasi 0 dan 100 gacha bo‘lgan shkalada o‘lchangan va O‘zbekistonda jinoyat ko‘rsatkichi 27.9, xavfsizlik ko‘rsatkichi esa 72.1 shkalada baholangan. Bu esa O‘zbekiston uchun Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida eng ijobiy holatni anglatadi. Ushbu reytingda Qozog‘iston 77-, Qirg‘iziston 39- va Afg‘oniston 4-o‘rinda qayd etilgan. Tojikiston va Turkmaniston haqida ma’lumotlar keltirilmagan.