Jahon sog’liqni saqlash tashkilotining navbatdagi yig’ilishida COVID-19 pandemiyasini tugatish masalasi muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, avvalroq JSST tomonidan koronavirus bo’yicha e’lon qilingan favqulodda holat 2023 yilda yakunlanishiga umid bildirilgandi. Ammo prognozlar o’zini oqlamadi.
Xitoyda keskin karantin cheklovlari olib tashlangach, kasallanish va o’lim ko’rsatkichlari soni kutilmaganda keskin o’sa boshladi. Xususan, 2022 yil dekabr oyi boshidan joriy yil yanvar oyi o’rtalarigacha bu yerda COVID-19 tashxisi qo’yilgan 60 ming nafar bemor hayotdan ko’z yumdi.
Tashkilot rahbari Tedros Gebreyesusning ma’lum qilishicha, bu dunyodagi epidemiologik vaziyatga o’z ta’sirini ko’rsatmoqda. Jumladan, so’nggi sakkiz haftada jahon bo’yicha koronavirus tufayli 170 ming kishi vafot etgan va ushbu raqamlar xavotirlanish uchun asosli.
“Hozir pandemiya e’lon qilingan dastlabki davrlarga nisbatan yaxshiroq vaziyatdamiz. Ammo hali global xatar chekingani yo’q, — deydi JSST rahbari. — Chunki dunyo aholisi yetarli darajada emlanmagan”.