Insoniyat tarixining muhim chorrahasi bo’lgan Onado’li, noyob xazinalari bilan boyitilgan geografik hudud sifatida ajralib turadi. O’zining ko’hna tarixi bilan ko’zni qamashtiruvchi bu zaminda 2022 yilda 713 ta arxeologik faoliyat olib borilgan holda, 10 500 ga yaqin osori-atiqalar topildi.
Yer yuzidagi eng qadimiy aholi punktlari joylashgan Onado’li yerlari bebaho tarixiy boyliklari bilan diqqatni tortadi. Turkiya qadim sivilizatsiyalarga oid g’aroyib tarixiy asarlar vatani bo’lib, ular son-sanoqsiz miqdorda qazib olinib, muzeylarga olib kelingan. So’nggi ikki asr davomida Onado’lida insoniyatning madaniy merosini yoritish uchun arxeologik izlanishlar olib borildi va bugungi kunda butun mamlakat bo’ylab tadqiqotlar davom etmoqda.
Muzeyshunoslik sohasida malakali bo’lgan Turkiya, arxeologik tadqiqotlarda ham namunadir. 2022 yilda mamlakat chegaralarida jami 713 ta arxeologik faoliyat olib borilgan. Turkiya bu sohada diqqatga sazovor joy bo’lib, yetti mintaqada olib borilgan qazishmalar, shuningdek, tabiatni muhofaza qilish bo’yicha tadqiqotlar va akademik nashrlarga mezbonlik qiladi. Qazishma, arxeologik tadqiqot, geofizik georadar va tozalash ishlari kabi bir qator faoliyatlar bilan shug’ullanib keladigan Turkiya, arxeologik tadqiqotlar bo’yicha dunyoning eng sermahsul davlatlari qatorida sanaladi.
Turkiya bo’ylab arxeologik tadqiqotlar
2022 yilda Turkiyada amalga oshirilgan tadqiqotlar doirasida jami 249 ta arxeologik qazishma ishlari olib borildi, ulardan 160 tasi Turkiya ilmiy delegatsiyalari, 32 tasi xorijiy ilmiy delegatsiyalar va 57 tasi Muzey direktorliklari rahbarligida olib borildi. Shuningdek, muzeylar rahbarligida 187 ta qutqaruv qazishmalari, 10 ta davlat investitsiyalari hududida qutqaruv qazishmalari va 89 ta burg’ulash qazishmalari olib borildi.
Turkiya, shuningdek, kema halokatlari va antik davrdan qolgan san’at asarlari bilan dengiz arxeologiyasining markazi hisoblanadi. Mamlakatda 7 ta dengiz qazish harakati va 3 ta tadqiqot ishlari olib borildi.
Yil davomida Turkiya bo’ylab olib borilgan qazish ishlaridan tashqari, davom etayotgan yer usti tadqiqotlari, geofizik georadar va tozalash ishlari bilan mamlakatda jami arxeologik faoliyatlar soni 713 taga yetdi. Aniq izlanishlar natijasida 10500 ga yaqin tarixiy ashyolar muzeylarga olib kelindi.
O’tgan yil holatiga ko’ra, eng ko’p arxeologik tadqiqotlar o’tkazilgan viloyat 54 ta faoliyat bilan Egey va O’rta Yer dengizini bog’laydigan Mug’la bo’ldi. Sakkiz ming yillik tarixga ega, yuzlab qadimiy shahar va xarobalari bilan e’tibor qozongan Mug’ladan keyin 41 ta arxeologik tadqiqot bilan Egey dengizining durdonasi Izmir o’rin egalladi.
2022 yilda arxeologiya sohasining diqqatga sazovor joylari
Bundan tashqari, Madaniyat va turizm vazirligi, Pamukkale universiteti va Denizli shahar munitsipaliteti hamkorligida 1979 yildan beri har yili uzluksiz o’tkazib kelinayotgan Xalqaro qazish, tadqiqot va arxeometriya simpoziumi Denizli shahrida bo’lib o’tdi. Tadbirga ko’plab mahalliy va xorijlik olimlar va talabalar tashrif buyurishdi.
2023 yil uchun dala tadqiqotlarini rejalashtirish va baholashlar davom etar ekan, 2023 yilda Turkiyaning tarixiy boyliklarini kelajak avlodlarga yetkazish uchun 750 ga yaqin arxeologik faoliyat olib borilishi ko’zda tutilmoqda.