Oshxona tozalashda odatda uch qismga alohida e’tibor qaratiladi: idish-tovoqlar, gaz plitasi va ish joyi. Bu, albatta, to’g’ri, ammo eshik va oshxonadan o’rin olgan shkaflar haqida ham unutmaslik kerak. Chunki vaqt o’tishi bilan sachragan yog’lar changlarni yig’ib oladi. Shkaf yuzasini yuvib chiqish zerikarli, ammo ular muntazam ravishda tozalab turilmasa, jihozlar tez orada ishdan chiqishi mumkin. Quyida oshxonani tezda tartibga keltiradigan va xatolarga yo’l qo’ymaslikka yordam beradigan layfxaklar bilan tanishing.
Tozalash vositalaridan to’g’ri foydalaning
Oshxonadagi idishlarni yuvish uchun qattiq va kimyoviy moddali tozalagichlardan foydalanishga to’g’ri keladi. Ular shkaflarning qoplamasiga zarar yetkazishi mumkin. Asosiy mahsulot sifatida shkaf sirtlari uchun suyuq geldan foydalanish tavsiya etiladi. Yoki quyuqroqlarini issiq suv bilan aralashtirish mumkin. Suvning iliq bo’lishi juda muhim, bu yog’ tomchilarini yanada samarali eritishga yordam beradi
Vositani shkaf yuzasida qoldirmang
Ushbu maslahat faqatgina oshxona uchun emas, uydagi barcha mebellarga ham tegishli. Vosita aslida mebelning o’ziga emas, yumshoq tozalagich mato ustiga sepilishi kerak. Mato o’ta ho’l emas, balki birozgina nam bo’lishi kerak. Haddan tashqari namlik vaqt o’tishi bilan qoplamani buzadi va turli xil dog’lar qoldiradi. Jarayonni bir necha marta amalga oshirish mumkin, faqat namlikka e’tibor bergan holda.
Tish cho’tkasi yordam beradi
Ba’zi shkaflar turli xil bezak va detallarga ega. Ularni oddiy mato bilan tozalash juda qiyin. Ushbu joylar uchun eski tish cho’tkasidan unumli foydalanish tavsiya etiladi. Bunda, asosan, yumshoq tukli cho’tka afzalroq, shunda shkaf bo’yog’iga zarar yetkazish ehtimoli kamayadi.
Metall mahkamlagich va tutqichlarni unutmang
Yumshoq tozalash eritmasi oshxona sirtlari uchun xavfsizdir. Ammo tortma ichidagi metall mahkamlagich va tutqichlar nam bo’lmasligi kerak. Metall yuzasidagi chang va kirni tozalash uchun quruq mato bilan artish kifoya. Agar ular yog’li bo’lsa, tozalagandan so’ng ularni quritishni unutmaslik lozim.
Ikki marotaba tozalang
Shkafni yog’ va changdan tozalagandan so’ng iliq suvda namlangan oddiy mato bilan yana bir marotaba artib chiqish tavsiya etiladi. Odatdagidek jarayon yuqoridan pastga qarab amalga oshiriladi.
Tozalangan shkafni quriting
Agar javon va shkaflarning ichki qismi ham tozalangan bo’lsa, darhol u yerga buyumlarni joylashtirilmaslik kerak. Eshiklar ochiq qolgan holda ichki qism quritilishi lozim. Agar vaqt tig’iz bo’lsa, soch quritgichdan foydalanish mumkin.
Shisha qismlar uchun sirkadan foydalaning
Agar shkafning shisha qismlari bo’lsa, unda suv va sirkadan foydalanish mumkin. Sirka shisha yuzasidagi dog’, chang va yog’larni osongina tozalaydi. Shundan so’ng ularni quritish kerak. Shisha qismlar uchun ham qattiq tozalovchi vositalardan foydalanish tavsiya etilmaydi.
Dog’lar uchun ichimlik sodasi yordam beradi
Shkaf yoki ularning ichki qismida yog’li joylar bo’lsa, ularni ichimlik sodasi solingan suv bilan tozalash kerak. Sodali suvda namlangan mato bilan artilgan shkaflar bir necha daqiqaga qoldiriladi. So’ngra artib chiqiladi.
Oshxona tozalaganda shkaflarni qoldirib ketmang
Yiliga kamida ikki marta umumiy tozalashni amalga oshirish vaqtida shkaflarning barcha yuzalarini, ularda saqlanadigan narsalarni butunlay tozalash, ichki qismlarini bo’shatish kerak. Shubhasiz, u yerda, albatta, tashlab yuborish vaqti kelganidan darak beruvchi narsalar ham topiladi. Yaroqsiz, singan buyumlarni tashlab yuborish esa shkafda ko’proq bo’sh o’rin yaratadi.