Hozirgi kunda o’rta asrlar tarixi bilan bog’liq muzeylarda temir niqoblar ham saqlanadi. Ulardan aynan ayollarni jazolash maqsadlarida foydalanishgan. Qaysiki ayol erkak kishi bilan janjallashsa, xarakterini namoyish eta boshlasa, sud qilinib, yuziga temir niqob kiydirilgan. Niqob sof temirdan yasalgan bo’lib, kiygan odamning nafaqat yuzi, balki boshini ham to’liq qoplab turgan. Vaholanki, bunday temir niqob kiyish o’sha davrda uyat va sharmandalik hisoblangan.

Tarixiy ma’lumotlarda qayd etilishicha, dastlab temir niqobdan Shotlandiyada foydalana boshlashgan. Bu mamlakatda qaysi ayol eri, otasi, aka-ukasi bilan janjallashsa, bu ayolni temir niqob kiydirgan holda jazolashgan. Sudya belgilagan vaqt yakuniga yetmaguncha niqobni yechib olishmagan. Shubhasiz, temirdan yasalgani uchun niqob juda og’ir bo’lgan, tanaga dahshatli darajada kuchli og’riq bergan.

ILK JABRDIYDA

Doroti Vo ismli ayol Angliyada yashagan. Bu mamlakatda ilk bor temir niqob yordamida jazo topgan ham xuddi o’sha ayol hisoblanadi. Dorotini nasroniylar ta’qib eta borib, oqibatda xalqaro sud kursisiga o’tqazishgan. Ayol boshqa dinni targ’ib etganlik, Karlayl shahar meri bilan janjallashganlikda ayblangan. Bu voqea 1656 yili sodir bo’lgan. Ayolni sud hay’ati navbati bilan so’roq qilarkan, haqoratga qorishtirishdan arang o’zlarini tiyib turishgan. Natija shunday bo’lganki, mer qo’l ostidagilardan biriga temir niqob keltirishni buyurgan. Bu ham kamlik qilgandek, vazni og’ir uchta temir bo’lagini olib kelishgan. Temirning ikkitasini niqobga osib qo’yishgan, uchinchisini ayolning og’ziga solishgan. Ayol to mer ruxsat bermaguncha temir niqob va temir bo’laklari jabrini tortishga majbur bo’lgan.

AYoLLAR UChUN ATALGAN BOShQA JAZOLAR

15-asrda betgachopar ayolni boshqacha yo’llar bilan ham jazolashgan. Masalan, yog’ochdan yasalgan og’ir kursini go’ng tashiladigan aravaning orqa tarafiga boylab, unga aybdor ayolni qo’shib bog’lashgan. Ot aravani tortib yurgan. Aybdor ayol shu ahvolda shaharni to’liq aylanib chiqishga mahkum etilgan. Suv havzalariga yetganda, ayolning boshini suvga tiqib, uzoq muddat ushlab turishgan. Bu qiynoqni esa erkaklar, kuzatuvchilar berilib tomosha qilish asnosida xursandchilik qilgan.

TEMIR NIQOB QONUNGA XILOF EDI

Achinarlisi, temir niqob yordamida sudlanuvchi ayolni jazolash, qiynoqqa solish sudyaning bayonnomasiga kiritilmagan. Sababi, bu davlatchilik qonunlarida ko’rsatilmagandi. Bir so’z bilan aytganda, qonunga xilof edi. Shuning uchun sudyalar o’z qonunbuzarliklarini kelajak avlod bilmasligi uchun bu jazo turini bayonnomaga kiritishmagan. Ammo bir narsani hisobga olishmagan. Har qanday qonunga xilof ish istaymizmi-yo’qmi, avloddan avlodga o’taveradi. «Oyni etak bilan yopib bo’lmas», deb shunga aytishsa kerak-da.

Astag’firillo!!!

Olimjon HAYIT tayyorladi