LAGANBARDOR
(plyus ayollar afsungari)
(hajviya)
Boshliq qabulida
Kira solib ikki qo’lini ko’ksiga qo’yadi-da, ta’zim bajo qiladi.
— Assalomu alayko’-o’m, Pulberdi Tilberdiyevich! I-i-i, turmang, turmang! Mana, o’zim borib muborak qo’lingizni olaman! Iloyim umringiz uzoq bo’lsin-u, biz g’ariblarni qo’llab yuravering!.. Akajonim, jiyanlar, tog’alar, ammalar, buvilar yaxshi yurishibdimi? Kecha kotibangizdan eshitib qoluvdim. Sal tomog’ingiz qirilganday bo’lganmish! Tuzukmisiz?
— Ha, otdayman, Tortvoldi Ortvoldiyevich!
— Aytgancha, to’ng’ich xolangiz o’sal deb eshitgandim. Yaxshimilar? Iloyo umrlari uzun bo’lsin!
— Katta xolammi?
Sal norozilangan bo’lib, aftiini bujmaytiradi.
— Yo’g’-e, Pulberdi Tilberdiyevich! Unaqa demang, uyat bo’ladi. To’ng’ich deng, to’ng’ich! Voy, voy, manavi suratdagi jajji jiyanning shirinligini! Tovonchasining ostiga turk gilamlaridan to’shayin-a o’zim! Akajon, mana shu gilamingiz ajoyib-da! Buyursin, buyursin! Kirib kelyapman-u, oyoq qurg’ur botib-botib ketyapti-ya! Ha-ya, mashinaning itini olibsiz, ha! Minib ketyapsiz-u, shunaqa yarashib tushibdi shu mashina sizga, shunaqangi yarashibdi!..
— Balki men mashinaga yarashib tushgandirman-a?
— Yo’-o’q, xafa qilmang, akajon! Sizday hurmatli, saxovatli, odil, mehribon, jonkuyar rahbarning oldida mashina nima bo’pti? Sizga yarashgan, sizga!
— Bo’pti, gapni kalta qilaylik, shoshib turgandim. Ayting, niyat nima, niyat?
Beixtiyor bosh qashiy boshlaydi.
— Yo’g’-e, akajon, niyatim bitta. Siz omon bo’ling deyman! Yomon ko’zlar sizga tekkuncha oqib tushsin deyman!
— Aytavere-eng endi, Tortvoldiboy! Bekorga kirmagandirsiz oldimga!?.
Boshini birdan egib oladi-da, yerdan ko’z uzmay gap boshlaydi.
— Ha, endi sizni duo qilib yuri-ib, bir fikr kep qoldi-da! Shahardan chetroqda… Bir do’kon sotilayotganakan. Shuni…
— Tushundim, tushundim. Mayli, hal qilamiz! Boravering!
— Ilohim topganingiz yevro… Yo’g’-e, funt sterling bo’lsin!
— Nega funt sterling, dollarmas?
— Funt sterling faqat sizday bama’ni akaxonlarning kissasiga yarashadi. Dollar bo’lsa… Be, hozir dollarning obro’yi qolmadi, akajon, qolmadi!
— Xayr!
— Unutmayman, akajon, unutmayman! Xayr!
Orqasi bilan pildiragancha yurib chiqib ketadi.
Ko’chada
Tortvoldi go’zal ayolning qizalog’ini ko’tarib ketayotganiga ko’zi tushadi-da, shartta yo’l to’sadi.
— Voy bu qizchaning asalligini-i! Shunchaligam shirin bo’ladimi-a? Qani, o’zimga kel-chi, jon qizim, kelaqol! Ie, yig’layapsanmi? Ko’z yoshlaringni ko’zimga surayin-e! Bo’ldi, bo’ldi, hozir men senga zo’r shkalad beraman! Mana, olaqol, asal qiz, olaqol!
— Amakisi, bu nima qilganingiz? Shunday qimmat shkaladni beryapsizmi? Kerakmas, qo’yi-ing!
Tortvoldi norozilangan bo’lib qo’l siltaydi.
— Ie, shunday qizdan bitta shkaladni ayarkanmanmi? Ayab bo’pman! Yeyaver, yeyaver! Qarang, shirin qiz oyijonisiga quyib qo’yganday o’xsharkan-a! Qosh-ko’zlarining qoraligi, lablarining g’unchaligi, yuzlarining oyligi xuddi oyisiniki, ha!
— Bera qoling endi uni menga, amakisi! Biz… Shoshayotgandik!
— Xo’p, xo’p, gap yo’q! Shunday qizni o’zim uyigacha oborib qo’ygim kelyapti-da, oyisi! Xo’p deng, xo’p deng!..
Manzilga yetgach, ayol ayyorona ko’z qisib unga tik boqadi.
— Ja ayyorakansiz-a, amakisi? Aytavering maqsadingizni! Biror gapingiz yo ishingiz bormidi menda?
U aybdorona bosh eggan bo’ladi va qovoq uyib oladi. So’ngra yolg’ondakam hasrat qila ketadi.
— Men qizingizni ko’rdim-u, o’zimning qizim esimga tushdi. Sizam rahmatli xotinimga quyib qo’yganday o’xsharkansiz. Kechiring… Ko’nglim bo’shab ketdi…
Ayol unga achinish aralash qarab turadi-yu, dardli jilmayish qiladi.
— Iltimos, yuring biznikiga! Yuragimni ezib yubordingiz! Sizga o’zim achchiq ko’k choy damlab beraman!
Ular kirib ketishadi. Oradan ikki soat o’tgach, Tortvoldi ayolning qalbini rostakamiga tortib oladi.
(Tamom)
Olimjon HAYIT