image0

Xalqaro olimlar guruhi HD 20794 d ekzosayyorasining kashf etilganini va uning yashashga yaroqli bo‘lish ehtimolini tasdiqladi. Ushbu superer sinfiga mansub sayyora bizdan 20 yorug‘lik yili uzoqlikda joylashgan bo‘lib, o‘z yulduzining yashash zonasida harakatlanadi. Bu haqda tadqiqot “Astronomy & Astrophysics” ilmiy jurnalida e’lon qilingan.

Yangi sayyoraning aniqlanishi Chilida joylashgan HARPS va ESPRESSO spektrograflari orqali olib borilgan 20 yildan ortiq kuzatuvlar natijasida amalga oshirilgan. Astronomlar ilk bor 2022 yilda arxiv ma’lumotlarini tahlil qilish jarayonida ushbu sayyora signalini qayd etgan. Biroq signalning zaifligi sababli xatoliklarni istisno qilish va tasdiqlash uchun uzoq muddatli va batafsil tahlillar talab qilingan.

HD 20794 d ellips shaklidagi orbitaga ega bo‘lib, yil davomida yulduziga bo‘lgan masofasi sezilarli darajada o‘zgarib turadi. Bu esa uni ilmiy tadqiqotlar uchun noyob ob’ektga aylantiradi. Hozircha u yerda hayot mavjudligini aniq aytish qiyin. Biroq sayyoraning Yerga yaqinligi kelajakdagi tadqiqotlar uchun istiqbolli maqsad bo‘lib, Katta Teleskop va LIFE loyihasi kabi missiyalar ekzosayyoralar atmosferasida hayot belgilari – biosignaturalarning izlanishiga yo‘naltiriladi.

“Bu kashfiyot biz uchun ulkan quvonch va yengillik, chunki signal deyarli aniqlanmas darajada edi”, deydi Oksford universiteti olimi doktor Maykl Kretine.

 Aynan u 2022 yilda HD 20794 dni birinchi bo‘lib payqagan.

Olimlar kelajakdagi tadqiqotlar ushbu g‘aroyib sayyoraning sirlarini ochishga yordam berishiga umid qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq astronomlar 3,3 million yorug‘lik yili uzoqligida bo‘lgan yangi kosmik ob’ekt – ulkan radio-galaktikani aniqlagan edi. Radio-galaktikalar – kosmik ob’ektlar bo‘lib, ularning markazida joylashgan ulkan qora tuynuklar millionlab yorug‘lik yillariga cho‘ziluvchi issiq plazma oqimlarini chiqaradi. Bu oqimlar radiochastotalarda kuzatiladi. Ammo Inkathazo boshqa shunday galaktikalardan ajralib turadi: uning oqimlaridan biri tik yoyilish o‘rniga egilgan shaklga ega. Buning ustiga, u galaktikalar to‘dasining markazida joylashgan bo‘lib, u yerdagi gaz bunday yirik strukturalar shakllanishiga qarshilik ko‘rsatishi kerak bo‘ladi.