Fransiyaning janubi-g‘arbidagi Bordo shahrida olib borilgan qazishmalar chog‘ida arxeologlar 1,3 ming yil oldin dafn etilgan to‘qqizta sarkofagni topdi. Bu haqda “Le Figaro” gazetasi xabar berdi.
Nashrning yozishcha, ushbu sarkofaglar frank qirollarining birinchi sulolasi – Merovinglar davriga tegishli bo‘lib, V–VIII asrlarga taalluqli. Artefaktlar Sen-Serin tumanidagi Renedel maydonida obodonlashtirish ishlari olib borilayotgan paytda tasodifan topilgan.
Shuningdek, arxeologlar XVII asrgacha bo‘lgan dafn marosimlariga oid izlarni ham aniqlagan. Ular orasida XI–XIII asrlarga oid uchta qabr va XV–XVII asrlarga oid to‘rtta yerda va tobutlarda dafn etilgan qabriston qoldiqlari bor. Umuman olganda, qazishmalar davomida taxminan 20-30 ta qabr aniqlangan.
Qazishma ishlariga rahbarlik qilayotgan Kamilla Vanxovening aytishicha, o‘rta asrlarda qabristonlar odatda cherkovlar yaqinida joylashgan bo‘lgan, shuning uchun ushbu topilmalar odatiy hol sifatida baholanmoqda. Ayniqsa, ular Sent-Krua cherkovi yonidan topilgani e’tiborga loyiq.
Vanxovening so‘zlariga ko‘ra, arxeologlar qabriston hududi shunchalik keng ekanini bilmagan. U deyarli cherkov fasadigacha yetib borgan. Joriy yil fevral oyi oxiridan boshlab mutaxassislar qazishma ishlarini yanada jadallashtirishni va ko‘proq artefaktlarni topishni rejalashtirmoqda. Bundan tashqari, bahorda shahar hokimiyati ushbu qazishmalar o‘tkazilayotgan joyda mahalliy aholi va sayyohlar uchun ekskursiyalar tashkil etishni rejalashtirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Litva poytaxti Vilnyus soborining yerosti xonalaridan o‘nlab yillar davomida yashirinib yotgan tarixiy xazinalar, jumladan, o‘rta asrlarda yashagan Yevropa hukmdorlariga tegishli tojlar va boshqa ramziy buyumlar topilgan edi. Topilgan buyumlar orasida Polsha qiroli va Litva buyuk gersogi (1461–1506 yillarda yashagan) Aleksandr Yagellonchik uchun ishlangan toj bor. Shuningdek, 1436-1505 yillarda yashagan hukmdor Yelizaveta Gabsburgga tegishli toj, zanjir, medalon, uzuk va tobut taxtachasi topilgan.