Olamlarning sarvari aytgan gaplarni fan endi tasdiqlamoqda: «Yotishdan oldin ko'rpalarni qoqing..»

Inson kuni bilan ishlab, charchab, uyga qaytganidan keyin uyquga yotadi. Kunduzi bilan ko’p harakat qilgan insonning tanasida turli hasharotlar va zararli hujayralar ko’payadi. Uxlash uchun yotganda o’sha hasharotlar tanadan ko’rpalarga o’tadi. Ertasi kuni yana o’sha ko’rpaga yotganda, yana yangi hasharotlar to’kiladi. Kun o’tgan sayin ko’rpadagi zararkunandalarning miqdori ortib ketadi. Ularni oddiy ko’z bilan ko’rib bo’lmaydi, balki, bir necha ming marotaba kattalashtirib ko’rsatadigan elektron mikroskoplardagina ko’rish mumkin.

Ko’rpalarda yashaydigan mazkur parazitlardan qutulishning eng yaxshi yo’li ko’rpani quyosh nuri tushadigan joyga yoyib qo’yish va yotishdan oldin ko’rpani uch marta yaxshilab qoqib tashlashdir. Chunki, o’sha ko’rpani suv bilan yuvganda ham mazkur hasharotlar yo’qolmas ekan. Ko’pchiligimiz yotishdan oldin to’shagimizni bir qoqib yuborishni ko’pincha unutib qo’yamiz. Zamonaviy ilm-fan buni yaqindagina isbotladi.

Har kuni odam tanasidagi eski hujayralar o’lib, yangilari paydo bo’ladi. Inson uyquga yotayotganda mazkur o’lgan hujayralar ko’rpaga tushib, u uyqudan uyg’onib, ko’rpasidan turib ketganda, o’lgan hujayralar to’shakda qolar ekan. Agar o’lik hujayralar yotoqda ko’payib ketsa, kishiga zarar yetkazishi, turli kasalliklarning rivojlanishiga sabab bo’lishi mumkin ekan.

G’arblik olimlar ushbu muammoni bartaraf etish yo’llarini izladilar. Ko’rpani yaxshilab yuvish kerak deyishdi ba’zilari. Buning uchun ular eng kuchli tozalash vositalarini ishlatib, ko’rpani yuvib ko’rdilar. Lekin undagi zararkunanda hasharotlar hatto qimir etgani ham yo’q. Olimlardan biri ko’rpani qo’li bilan uch marta qoqib ko’rdi. Qarasa, o’lik hujayra va boshqa parazitlardan asar ham qolmadi. U ko’rpalarni zararkunanda hasharotlardan tozalash haqida yangi kashfiyot qilganidan hursand bo’lib ketdi. Shunda buni eshitgan bir musulmon tanishi unga e’tiroz bildirib: “Albatta, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Agar sizlardan birortangiz to’shagiga yotmoqchi bo’lsa, ko’rpasini yaxshilab qoqib tashlasin. Chunki, u o’sha ko’rpada nimalar borligini bilmaydi” dedi.

Ha azizlar, bugungi kunda g’arblik olimlar ter to’kib, yechim axatarayotgan muammolarning ko’pi bundan o’n to’rt asr oldin Payg’ambarimiz alayhissalom tomonlaridan hal qilib berilgan.

Alloh taolo va Uning sevikli Rasuli sollallohu alayhi vasallam bizga nimani buyurgan bo’lsa, o’sha narsada bizlar uchun foyda borligi sababli buyurgan. Nima narsadan qaytargan bo’lsa, o’sha narsada bizlar uchun zarar borligidan qaytargan. Zero, U Zot Qur’onda O’zi haqida: “Albatta, Alloh sizlarga rahm-shafqatlidir” (Niso, 29) degan bo’lsa, Payg’ambar alayhissalom haqlarida: “(Ey, Muhammad!) Biz Sizni (butun) olamlarga ayni rahmat qilib yuborganmiz” (Anbiyo, 107) degan.

Alloh taolo barchamizni O’zining hidoyatidan ayirmasin va xotimamizni go’zal qilsin!

 

muslim.uz

 

loading…