Bojxonachilar tilla quyma bo’laklarini noodatiy usulda yurtimizdan olib chiqishga uringan shaxs faoliyatiga chek qo’yishdi. Bu haqda «darakchi.uz»ga Davlat bojxona qo’mitasi Axborot xizmati xabar qildi.
Yurtimizdan xorijga yo’l olgan fuqaro N.M.ning xatti-harakatlari bojxona xodimlari e’tiborini tortadi. Shundan so’ng, ushbu shaxs “Bodyscanner” uskunasi yordamida bojxona ko’rigidan o’tkazildi.
Natijada, fuqaro o’z og’iz bo’shlig’iga 163 grammlik tilla quymalarini tish uchun qoplama shakliga keltirib joylagani va shu tariqa bojxona nazoratidan yashirishga uringanligi aniqlandi.
Hozirda umumiy qiymati 94,7 million so’mga teng bo’lgan quyma metall bo’laklari vaqtincha saqlovga olinib, holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.