O‘zgidromet 1-2 mart kunlari uchun ob-havo ma’lumotlarini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, ertaga, 1 mart kuni respublika hududining katta qismida yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida ba’zi joylarda yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi.
2 mart kuni Farg‘ona vodiysidan tashqari respublikaning ko‘pchilik viloyatlarida yog‘ingarchilik bo‘ladi. Markaziy viloyatlarda va respublika janubida kunning ikkinchi yarmida yog‘ingarchilik bo‘lishi kutilmoqda.
Hududning katta qismida havo harorati 2-3 darajaga ko‘tariladi, ammo hali ham me’yoriy qiymatlardan past bo‘ladi. Respublikaning shimoli-g‘arbiy va cho‘l hududlarida yana sovuq havo kirib kelishi hisobiga harorat asta-sekin pasayadi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Xorazm viloyatida 2 mart kuni kechasi 7-12 daraja sovuq, kunduzi 3 daraja sovuq – 2 daraja iliq, Buxoro, Navoiy viloyatlarida kechasi 2 daraja sovuq – 3 daraja iliq, kunduzi 0-5 daraja iliq bo‘ladi.
Respublikaning ayrim joylariga tuman tushishi mumkin. Shamol 7-12 m/s tezlikda esadi, ba’zi joylarda 15-20 m/s gacha kuchayadi.
Toshkent shahrida asosan quruq ob-havo kuzatiladi, faqat 2 mart kuni kechqurun yog‘ingarchilik bo‘lishi mumkin, shamol tezligi 10-12 m/s gacha kuchayadi. Harorat kunduzi 8-10 daraja iliq, kechasi 1 daraja sovuq – 2 daraja iliq bo‘ladi.