image0

Odamlar mantiqiy fikrlash va oddiy masalalarni yechish qobiliyatini yo‘qotmoqda. Bu haqda Xalqaro ta’lim yutuqlarini baholash dasturi mutaxassislariga tayanib, “Financial Times” xabar berdi.

Nashrning yozishicha, tadqiqotchilar bu tendensiya 2010 yildan boshlanganini ta’kidlamoqda. O‘sha davrdan boshlab test natijalari mantiqiy fikrlash va muammolarga yechim topish qobiliyatining pasayishini ko‘rsatmoqda va bu jarayon hanuz davom etmoqda.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, masalalarni yechish qobiliyati va diqqatni jamlash nafaqat o‘smirlar, balki kattalar orasida ham pasaymoqda. Mutaxassislar buni raqamli texnologiyalarga ortib borayotgan qaramlik va “klipcha fikrlash” fenomeni bilan bog‘lamoqda.

Rivojlangan davlatlarda aholining 25 foizi, AQSHda esa 35 foizi oddiy matematik masalalarni yecha olmaydi;

2015 yildan keyin diqqat yetishmovchiligi bilan bog‘liq muammolar keskin ko‘paydi;

Savodxonlik va arifmetika bo‘yicha qiyinchiliklar yuqori daromadli mamlakatlarda ham ko‘p uchramoqda.

Ekspertlarning fikricha, raqamli muhit odamlarni chuqur fikrlash o‘rniga passiv axborot iste’moliga o‘rgatmoqda.

“Biz kitob o‘qish va bilim izlashdan cheksiz skroll qilish va bildirishnomalar oqimiga o‘tib ketdik. Biz ilgari tanishlarimiz bilan suhbatlashish yoki faol veb-sahifalarni o‘qishga vaqt ajratgan bo‘lsak, endi faqat axborot oqimini qabul qilamiz. Bu esa o‘z-o‘zini rivojlantirishdan ko‘ra, passiv iste’molga va doimiy kontekst almashishiga olib kelmoqda. Oqibatda diqqatni jamlash va ongli qaror qabul qilish qobiliyati yomonlashmoqda”, deydi tadqiqot muallifi Jon Bern-Merdok.

Biroq olimlar bu jarayon orqaga qaytarilishi mumkin deb hisoblaydi. Ularning fikricha, insonlarning aqliy salohiyati hali “tugab qolmagan”, ammo uni saqlab qolish uchun axborotga bo‘lgan munosabatni qayta ko‘rib chiqish va raqamli texnologiyalarni chalg‘itish vositasi emas, balki rivojlanish uchun ishlatish kerak.