Tarix kutilmagan burilishlar va aql bovar qilmas voqealarga boy. Ba’zan shunday sirli va g‘alati hodisalarni taqdim etadiki, odam hayratdan yoqa ushlaydi. Uning sahifalarida mantiqsiz tuyuladigan ishlar, hatto inson aqliga sig‘maydigan voqealar muhrlangan. Quyida ishonish qiyin bo‘lsa-da, tarixda sodir bo‘lgan voqealarning bir nechasi haqida so‘z boradi.
Jahon urushini boshlagan Gitler – tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti nomzodi
Tarixning hayron qolishga arziydigan voqealaridan biri shuki, fashistlar Germaniyasi fyureri, 1939 yilda Polshaga bostirib kirishi bilan Ikkinchi jahon urushini boshlab bergan Adolf Gitler tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga nomzodlardan biri edi.
1939 yilning 27 yanvarida Shvetsiya parlamentining sotsial-demokrati Erik Brandt Norvegiyadagi Nobel qo‘mitasiga maktub yo‘llab, o‘sha paytdagi Germaniya kansleri Adolf Gitlerni tinchlik uchun Nobel mukofotiga nomzod qilib ko‘rsatgan. Ko‘pgina bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan mazkur taklif rad etilib, mukofot berilmasligiga qaror qilingan. Nobel qo‘mitasiga yo‘llangan maktubda shunday jumlalar mavjud edi:
“Adolf Gitler Xudo tomonidan berilgan tinchlik uchun haqiqiy kurashchi va dunyodagi millionlab odam unga “Yerdagi tinchlik shahzodasi” sifatida umid bog‘laydi”.
Ko‘p o‘tmay, liberal antifashistlar mazkur taklifga keskin norozilik bildirib, Erik Brandtning aqldan ozgan xoin ekanini da’vo qiladi. Uning turli uyushma va klublardagi barcha ma’ruzalari bekor qilinadi. Shundan so‘ng Erik Brandt Shvetsiyaning “Svenska Morgonposten” gazetasiga intervyu berishga majbur bo‘ladi. Uning tushuntirishicha, 1938 yil 30 sentyabrda tuzilgan Myunxen kelishuvi asosida Chexoslovakiya hududi bo‘lgan Sudetning Germaniyaga berilishi Chexoslovakiyaga nisbatan adolatsizlik edi. Bu voqeadan uch oy o‘tib, kelishuvni dastaklagan Buyuk Britaniya bosh vaziri Nevill Chemberlenning tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti bilan taqdirlangani esa Brandtni g‘azablantirgan. Shuning uchun u Gitlerni nomzod sifatida ko‘rsatish orqali Chemberlen nomzodini taklif qilgan Shvetsiya parlamenti a’zolariga tanqidiy satirika qilgan.
Ta’kidlash kerakki, Brandt Ikkinchi jahon urushi davomida faol antifashistik g‘oyalarni ilgari surgan siyosatchi edi.
Go‘sht yomg‘iri
1876 yilning 3 martida, bundan roppa-rosa 149 yil oldin AQSHning Kentukki shtatidagi Bat okrugida g‘aroyib hodisa sodir bo‘ldi. Gap shundaki, Ellen Krauch ismli ayol uyining hovlisida nabirasi bilan sovun tayyorlayotganida to‘satdan osmondan go‘sht “yog‘ish”ni boshlaydi. Qisqa vaqt davom etgan “yomg‘ir” katta hududni qamrab olmagan, taxminan 90 kvadrat metr maydonda edi. Buni eshitgan ko‘pchilik odamlar voqeani ilohiyot bilan bog‘laydi.
Bir hafta o‘tgach, “The New York Times” gazetasida chop etilgan maqolada hodisa guvohlaridan biri Xarrison Gillning hikoyasi yoritiladi. Uning aytishicha, ba’zi bo‘laklarning kattaligi 10 sm kvadratgacha yetgan va ko‘rinishidan yangi bo‘lgan. Mazkur go‘sht bo‘laklari hozirda Transilvaniya universiteti laboratoriyasida saqlanmoqda.
Voqeani o‘rgangan universitet professori Kurt Gohde gazetaga bergan intervyusida bu portlagan sayyoradagi hayvonlarga tegishli “kosmik go‘sht” ekanini aytadi. O‘sha paytda odamlar meteoritlar bilan tanish edi, ammo ular atmosferadan o‘tayotgan go‘sht yonib ketishini bilmagan. Bugungi kunda qanchalik bema’ni tuyulmasin, Gohdening fikri zamondoshlari uchun mantiqiy edi. Laboratoriya tekshiruvlarida ishtirok etgan olimlardan boshqa biri esa go‘shtda echki o‘pkasining to‘qimasi mavjudligini aytgan. Gohdening qo‘shimcha qilishicha, olim Robert Piter hodisaga baland uchayotgan qushlar galasining qayt qilishi sabab bo‘lishi mumkin degan fikrni aytgan, ammo bu e’tiborga ham olinmagan.
O‘sha paytda mutaxassislarga qushlar galasi xavfga duch kelsa yoki tez va balandroq uchishga majbur bo‘lsa, yegan oxirgi ozuqalarini qayt qilishi ma’lum edi.
Bugunga kelib, Piter bildirgan fikr haqiqatga eng yaqini deb qaraladi. Ammo Gohde go‘sht bo‘laklarida katta teshiklar bo‘lganini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, qushlar galasining qayt qilganiga ishonish voqea guvohlariga ishonmaslikdir. Xususan, Krauch xonimning aytishicha, o‘sha payt osmonda hech narsa bo‘lmagan, hatto bulutlar ham. Gohdening fikricha, agar Piter haq bo‘lganida, ayol qushlarni ko‘rishi kerak edi.
Shunday qilib, olimlar mazkur hodisa sirini oxirigacha yechishni istamadi va shunchaki “mo‘jizaviy voqea”ligicha qoldirishni afzal ko‘rdi. Hozirda esa 3 mart kuni shtatda ushbu voqea esga olish maqsadida festival o‘laroq nishonlanadi.
O‘lgan papaning sud qilinishi
897 yilda Vatikanda tarixning eng g‘alati voqealaridan biri sodir bo‘ldi: vafot etgan papa tirik vorisi tomonidan sudga tortildi! Vafot etganiga bir necha oydan oshgan papa Formozning jasadi papa Stefan VI tomonidan qabrdan chiqartirilib, ruhoniy libosida papa taxtiga o‘tqazilgan va sud qilish uchun tayyorlangan. Hatto jasad nomidan gapirish uchun bir diakon (xristian cherkovlaridagi eng quyi ruhoniy) ajratilgan. Sud jarayonida o‘zini himoya qilish uchun “bir og‘iz ham so‘z aytmagan” papa Formoz aybdor va lavozimiga noloyiq deb topilgan. Stefan VI Formozning barcha qaror va tayinlovlarini bekor qilgan, shuningdek, uning jasadidan dabdabali liboslar yechilib, yirtiq lattalarga o‘ralgan. Bundan tashqari, marhum papaning hayotligida duo berish uchun ishlatgan uchta barmog‘i kesib tashlanib, jasadi Tibr daryosiga uloqtirilgan.
Lekin qattiqqo‘l Stefan VI ning ham g‘alabasi uzoq davom etmagan. Bir necha oydan so‘ng, uning o‘zi ham qamoqqa tashlanib, oxir-oqibat bo‘g‘ib o‘ldirilgan. Daryoga uloqtirilgan Formozning jasadi esa baliqchilar tomonidan topib olinib, Avliyo Pyotr Bazilikasidagi qabriga qaytarilgan.
Xo‘sh, nega Stefan VI o‘tmishdoshiga nisbatan bunchalik nafrat bilan munosabatda bo‘lib, hatto jasadini ham yo‘qotishga uringan? Buning sababi shundaki, o‘sha davrda avliyolarning jasadlariga muqaddas va mo‘jizaviy kuch manbai o‘laroq qaralgan. Ular vafot etsa-da, insonlarning iltijosini eshitib, mo‘jizakor kuch bilan yordam berishga va ehsonlarni qabul qilishga qodir deb hisoblangan. Stefan VI esa Formoz bilan ham shunday bo‘lishini, uning e’zozlanishini xohlamagan.
Tarix bundan ham hayratlanarli voqea-hodisalarga to‘la. Aslida, bugun bajarilayotgan qaysidir ishlar oradan asrlar o‘tib, g‘aroyib yoki aql bovar qilmas ahmoqona tuyulishi ham mumkin.