image0

2024 yil holatiga ko‘ra, O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng katta mudofaa byudjetiga ega – 2,8 milliard AQSH dollari. Bu haqda “Global Firepower” tashkilotining 2025 yilgi hisobotida keltirilgan.

Hisobotga ko‘ra, mazkur ko‘rsatkich bo‘yicha Markaziy Osiyoda ikkinchi o‘rinda Qozog‘iston – 2 milliard AQSH dollari, uchinchi o‘rinda esa Turkmaniston – 1,1 milliard AQSH dollari bilan joylashgan. Mintaqada eng kam harbiy xarajatlar Qirg‘iziston (221,8 million AQSH dollari) va Tojikistonda (446 million AQSH dollari) kuzatilmoqda.

O‘zbekiston mudofaa xarajati bo‘yicha MOda yetakchi bo‘ldi1

Xalqaro strategik tadqiqotlar instituti (IISS) ma’lumotlariga ko‘ra, jahon bo‘ylab harbiy xarajatlar 2023 yildagi 2,24 trillion AQSH dollaridan 2024 yilda 2,46 trillion AQSH dollariga yetgan.

Dunyo bo‘yicha eng katta mudofaa byudjetiga ega 15 davlat umumiy hisobda 2 trillion AQSH dollaridan sal kam mablag‘ ajratgan.

Shundan AQSHning harbiy byudjeti 968 milliard AQSH dollarini tashkil etib, ushbu 15 davlatning umumiy xarajatlarining qariyb yarmiga teng. Qolgan 14 davlatning jamlanma mudofaa byudjeti 1 trillion AQSH dollaridan biroz ko‘proq bo‘lib, bu AQSHnikidan atigi 5,1 foiz ko‘p. Ikkinchi o‘rinda Xitoy – 235 milliard AQSH dollari, uchinchi o‘rinda esa Rossiya – 145,9 milliard AQSH dollari bilan joylashgan.

Biroq xarid qobiliyati pariteti (PPP) hisobga olinsa, Xitoyning real harbiy byudjeti 477 milliard AQSH dollariga, Rossiyaniki esa 461 milliard AQSH dollariga yetadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq qurolli kuchlarning moliyaviy ta’minotidan tortib, logistika va geografik xususiyatlarigacha bo‘lgan 60 dan ortiq mezonlarni o‘rganadigan “Global Firepower” hisobotida O‘zbekiston Qurolli kuchlari dunyo armiyalari reytingida 145 mamlakat ichida 58-o‘rinni egallagan edi. O‘zbekiston bu natija bilan o‘tgan yilgi ko‘rsatgichdan 7 pog‘ona yuqorilagan. Markaziy Osiyo mamlakatlari orasidan esa Qozog‘iston 57- (o‘tgan yili 58), O‘zbekiston 58-(65), Turkmaniston 77-(83), Qirg‘iziston 105-(100), Tojikiston 108-(107) o‘rinni egallagan.