Shvetsiyalik mashhur olim Alfred Nobel 55 yoshga to’lganida Kann shahrida istiqomat qilayotgan akasi Lyudvig vafot etadi. Shvetsiyalik gazeta muxbirlaridan biri yanglishib, Alfred Nobel vafot etibdi deb gazetada e’lon berib yuboradi. O’zi xaqidagi ta’ziyanomani o’qigan Alfred Nobel butun hayoti va faoliyatining mohiyatini tushunib yetgan ekan. Chunki Shvetsiya gazetalarida – “Ajal savdogari, ajal ixtirochisi o’ldi” deb yozilgandi. Bu narsa olimga qattiq ta’sir qiladi – «Ha, mana jamiyat men xaqimda qanday fikrlarkan» deb xulosa qilgandi olim.
Aslida Nobelning dinamitdan tashqari yana 355 ta kashfiyoti ham bor edi, ammo aynan dinamit ixtirosidan u juda katta foyda ko’rgandi. Uning vafot etgan akasi Lyudvig esa snaryad ishlab chiqaradigan va uni sotadigan savdogar edi.
Nobel o’zi haqidagi jamiyatning fikrini butunlay o’zgartirishga qaror qilib, o’z vasiyatnomasini qaytadan yozdiradi.
1895 yil Parijdagi Shved-Norveg klubida tuzilgan bu vasiyat xatida Alfred Nobel o’ziga tegishli 31 mln Shvetsiya markasini kelajakdagi fan va adabiyot namoyondalariga qoldirilgan vasiyatnoma punktlarida quyidagicha yozilgan edi:
– Men Alfred Bernxard Nobel aql-hushim joyida, tanam sog’lom holda vasiyat qilaman: Mening vasiyatimni bajaruvchi vakillarim o’limimdan so’ng menga tegishli barcha boyliklarimni qimmatbaho qog’oz pullariga aylantirib, fond tuzishlariga buyuraman. Ushbu fonddan keladigan foiz foydasini ilm-fanda, adabiyotda, insoniyatga foyda keltiruvchi shaxslarga har yili mukofot tarzida berilishini shart qilib belgilayman. Ushbu mukofot fondidan keladigan foiz foydasini besh qismga ajratib, beshta mukofot ta’sis qilinishini buyuraman.
1. Fizika yo’nalishidagi olamshumul kashfiyotga;
2. Kimyo fani yo’nalishidagi olamshumul kashfiyotga;
3. Fiziologiya va Meditsina yo’nalishidagi olamshumul kashfiyotga;
4. Bashariyat ideallarini tarannum qiluvchi badiiy asar muallifiga, ya’ni adabiyot yo’nalishiga;
5. Xalqlarning tinchligi yo’lida, ularning birlashishi yo’lida kurashadigan, qullikni bartaraf etadigan, armiyalar sonini qisqartiradigan, urushlarning oldini oladigan, tinchlik sulhlarini tuzadigan insonlarga
ushbu mukofotning berilishini buyuraman.
– Mening yana bir tilagim bu mukofotlar irqchilik, millatchilik prinsiplaridan xoli bo’lishi kerak, g’oliblar qaysi millat, qaysi irq vakili bo’lishidan qat’i nazar mukofotni olishini istayman va vasiyat qilaman.
Alfred Nobel vafotidan keyin uning vasiyatiga ko’ra har yili olamshumul natijalarga erishgan insonlar o’z mukofotlarini, ya’ni Nobel mukofotini olib kelmoqdalar.
Nobelning juda ko’p qarindoshlari sud orqali o’z ajdodlarining vasiyatini qayta ko’rib chiqishga harakat qilganlar, ammo barchasi sudda yutqazganlar. Chunki Nobel butun boyligini qarindoshlariga emas, bashariyatga bag’ishlagandi. Dunyodagi eng e’tirofli mukofot ana shunday paydo bo’lgan edi.