Mahoratli jarroh ortida turgan bo’lajak navqiron va ilmga tashna shifokorlar tasviri XXI asr uchun yangilik hisoblanmaydi. Chunki bundan 800 yil oldin Islom olami o’zining tibbiyot bilimgohlariga ega edi. Bu bilimgohlar talabalar uchun birlamchi nazariy va amaliy darslarni tashkil qilardi.
«من تطبب و لم يعلم منه طب قبل ذلك فهو ضامن». (رواه البخاري و مسلم)
“Kimki bilimga ega bo’lmay turib, tabiblik qilsa, u kishi (etkazgan zarariga) zomindir”. (Buxoriy va Muslim rivoyati)
Islom tibbiyot maskanlarida ta’lim jarayoni hozirgi kundagi kabi talabalar bilan individual holda olib borilardi. Ma’ruzalar shifoxonaning katta zalida tashkil qilinib, unda ma’ruzachi minbardan turib talabalarga dars o’tgan. Ma’ruza so’ngida bosh shifokor yoki jarroh talabalarga savol bergan va o’z navbatida ularning savollariga ham javob bergan.
Musulmon tolibi ilmlar zamonasining mashhur tabiblaridan ta’lim olishardi. Islom olamida qog’oz sanoati keng tarqalgach, talabalar ma’ruzalarni varaqlarga yozib boradigan bo’lishdi va bu “talabaning shaxsiy tibbiy yo’riqnomasi” deb atalib, hozirgi kungacha saqlanib qolgan.
“Tibbiyotni kitoblarsiz o’rganayotgan kishi dengizda xaritasiz suzayotgan kishiga o’xshaydi. Tibbiyotni bemorlarsiz o’rganayotgan kishi esa, aslo suza olmaydi”. Uilyam Osler, kanadalik shifokor (1849-1919)
Ta’limga qo’shimcha ravishda talabalar o’zlarining olgan bilimlarini amaliy o’rganish maqsadida shifoxonaning navbatchi shifokori yoki jarrohiga biriktirilar edi. Ta’limning bunday jarayoniga alohida e’tibor berilardi. Chunki bu uslub ilg’or talabalar uchun muhim bo’lib, ular shifokor bilan bemor o’rtasidagi munosabatlari, bemorga shifokor qo’ygan tashxis va qo’llagan muolajalarni o’rganib borishardi. Hozirgi kunda buni “pedagogical practice”, ya’ni “pedagogik amaliyot” deb atashadi.
Damashqdagi “An-Nuri” shifoxonasi yuqorida aytib o’tilgan tibbiyot maskanlaridan biri edi. Unga XII asrda hukmronlik qilgan Nuriddin ibn Zankiy asos solgan bo’lib, mashhur tabib Abul Majd Bohiliy rahbarligi ostida edi. Shu sababli shifoxona uning nomi bilan atalgan va oziq-ovqatlar, turli dori-darmonlar bilan ta’minlangan. Shifoxonada maxsus zal bo’lib, unda tibbiyotga doir qimmatli asarlar saqlangan.
“An-Nuri” shifoxonasi olamga mashhur bo’lib, unda tabobat hayoti gullab yashnadi va ravnaq topdi. XIII asr boshlarida, shifoxonaga Muhazzibuddin Ad-Dahvar nomli tabib keldi. Avvaliga kam maosh evaziga ishlagan tabib keyinchalik mashhur bo’ldi, dovrug’i atrofga taraldi va ko’p boylik topdi. Natijada Damashqda o’zining tibbiyot ta’lim maskaniga ega bo’ldi.
“An-Nuri” ta’lim dargohida ko’plab mashhur tabiblar dars olishdi. Ular ba’zida sulton Nuriddin huzurida to’planishar, tibbiyotga oid mavzular to’g’risida bahs qilishar, ba’zida esa shifoxona mudiri Abul Majd ma’ruzalarini tinglashar edi.
Bu maskandan yetishib chiqqan mashhur musulmon tabiblardan biri Ibn Abu Usaybiadir. U XIII asrda yashab o’tgan va o’zining tabiblar tabaqasi to’g’risida “Uyuvnul anbai fi tobaqotil atibbai” (“Tabiblar tabaqasi to’g’risida xabarlar chashmasi”) nomli mashhur asarini ta’lif qilgan. Bu asar islom tabobati tarixi to’g’risida muhim manba hisoblanadi.
Ulardan yana biri Ibn Nafis bo’lib, u tabobat olamida kichiq qon tomiri kashfiyotchisidir. Olimning bu kashfiyoti keyinchalik inson fiziologiyasi tushunchasiga yangi qadam vazifasini o’tadi.
Manchester Universiteti professori
Doktor Salim Hassanining “Muslim heritage in our world”kitobi asosida tayyorlandi.
Ingliz tilidan Xalilulloh YuSUF tarjimasi