Yaponiyaning Aomori viloyatiga qarashli Xirosaki shahrida yashovchi 44 yoshli erkak ertalabdan kechga qadar olmali bog’da ishlab charchagandi. Bir mahal butalar orasidan ikkita jajji ayiqchalar chiqib kela boshlaganiga ko’z tushdi. Ularni cho’chitib yubormaslik uchun nari ketishni ma’qul ko’rdi. Ammo shu zahoti ulkan ayiq, ikki ayiqchaning onasi chiqib keldi va erkak tomon chopdi. Erkak ura solib qochishga tutindi. Aksiga olgandek, sirpanib ketib yerga yuztuban quladi. Shundan keyin bildiki, bu yirtqichdan qochib qutulib bo’lmaydi. Yirtqich unga yetib olib tashlangan mahal bor kuchini ishga solib ayiqning burni aralash musht tushirdi. Musht juda qattiq tegdi shekilli, yirtqich ayiq qochib qoldi. Bolalari ham onasining ketib butalar orasiga kirib ketishdi.
Aytishlaricha, Xonsyu orolining tog’li hududlarida ola-bula Himolay ayiqlari izg’ib yuradi. Erkakka tashlangan ayiq ham o’shalarning biri bo’lib, uzunligi bir metrdan ortiq edi.