Dunyoning eng rivojlangan gastronomiyasiga ega bo’lgan Istanbul shahri “Michelin Guide” oilasiga qo’shiladi. Dunyodagi eng nufuzli restoranlar reytingi tashkiloti hisoblangan “Michelin Guide”ning “Gastrocity Istanbul” tanlovi doirasida shu yilning 11-oktyabrida Istanbulning birinchi “Michelin” yulduzli restoranlari e’lon qilinadi.
Dunyoning yetakchi gastronomik turizm markazlaridan biri sanalgan Istanbul, mehmonlarga shaharning nafis restoranlarida uzoq yillar davomida shakllantirilgan qadimiy oshxona madaniyatini taklif etadi.
Tarix davomida imperiyalar poytaxti bo’lgan Istanbul uzoq vaqtdan beri qit’alarni qamrab olgan gastronomik an’analarning poydevori, shuningdek, mashhur saroy oshxonalarining vatani bo’lib kelgan. “Michelin Guide” o’tmish va kelajakni birlashtirgan ijodiy, dinamik va o’ziga xos oshxona madaniyatini namoyish etuvchi gastro-sayyohlar uchun Istanbul oshxonasini yoritib beradi.
1900-yillardan beri mehmonlarga an’anaviy taomlar bilan bir qatorda eng zo’r xalqaro oshxonadan bahramand bo’lish imkoniyatini taqdim etuvchi global metropol bo’lgan Istanbul, dunyodagi eng nufuzli restoranlarni baholash tizimlaridan biri bo’lgan “Michelin Guide”ning e’tiboriga tushgan 38-shahar bo’ldi. Istanbulning birinchi “Michelin” yulduzli restoranlari 11 oktyabr kuni e’lon qilinadi.
Turkiya Respublikasi Madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy “Michelin” tarkibiga qo’shilish maqsadida Istanbul uchun o’tkazilgan yig’ilishda so’zga chiqib, dunyoning eng ko’p tashrif buyuriladigan shaharlaridan biri bo’lgan Istanbulni «gastroshahar» sifatida tanitishga qaratilgan tadbirlar turistlarni qiziqtirishini ta’kidladi. “Michelin” Guide xalqaro direktori Gvendal Poullennes, Istanbulning “Michelin” oilasiga qo’shilishidan mamnunligini bildirar ekan, “Istanbul o’zining tarixi, madaniyati va madaniyatlararo o’ziga xosligi bilan asrlar davomida dunyoni hayratda qoldirgan. Qadimiy an’analar va o’ziga xos ta’mni shakllantiradigan yosh, ochiq fikrli va ijodkor iste’dodlarga boy Istanbulning oshpazlari jamoamizni hayratda qoldirdi” – dedi.
“Michelin Guide” ning Istanbul tanlovi gastro turistlarni Turkiyaga jalb qilishi, mamlakatning dunyoning yetakchi gastronomik markazlari orasida munosib o’rin egallashi va Istanbulning brend qiymatini oshirishi kutilmoqda.
“Michelin Guide” ning Istanbul tanlovi, Istanbulning mohir oshpazlari va boy menyulari bilan e’tiborni tortadigan oziq-ovqat va ichimliklar biznesini dunyoga targ’ib qilishda shaharning dunyo gastronomiya poytaxtlari orasida ahamiyatini yanada oshiradi.