Iyul oyining boshlarida Internetda Maykl Jeksonning shifokori Konrad Myurrey ishtirokidagi videoyozuv paydo bo’lgan edi. Ushbu videoyozuvda Myurrey afsonaviy pop-qo’shiqchining otasi Jozef Jekson o’z o’g’lining baland ovozini saqlab qolish maqsadida kimyoviy usulda bichishga qo’l urgani haqida gapirib o’tgan.

Albatta, Myurreyning bu so’zlarini tasdiqlovchi biror-bir dalil-isbot yo’q, biroq iyun oyining oxirrog’ida dunyodan o’tgan Jo Jeksonning oilada qanday inson (qanday ota) ekani to’g’risida bundan avval ham turli gap-so’zlar urchib yurardi. Musiqiy menejer o’z farzandlariga nisbatan o’ta qattiqqo’l bo’lgani rost, ammo Jozef bolalariga tarbiya berar ekan, bundan ma’lum maqsadlarni ko’zlagani aniq. Quyida Jozefning keyinchalik butun dunyoga mashhur bo’lib ketgan to’qqiz farzandini qanday sharoitlarda katta qilgani haqida o’qishingiz mumkin.

ShAFQATSIZ OTA

«Jo Jekson tarixdagi eng yaramas otalardan biri edi. Uning Mayklga nisbatan shafqatsizligi yomon munosabatdan boshqa narsa emas. Mayklning ajoyib ovozini saqlab qolish niyatida kimyoviy bichilganligi faktining o’ziyoq ko’p narsalarni aytib bermoqda. Men bu haqda Maykldan eshitganman. U menga otasi sabab boshidan kechirgan azoblari to’g’risida gapirib bergan. Bu dahshat! Bunga o’xshash narsani hatto tasavvur qilish mumkin emas! Men bu shafqatsiz va yovuz insonning vafoti tufayli bir tomchi ham ko’z yosh to’kmadim. Jo Jekson do’zaxda o’z gunohlarini yuvishiga umid bildirib qolaman», — degan so’zlarni kamera qarshisida aytgandi Myurrey Jozefning o’limi haqidagi xabarni eshitganidan so’ng.

Maykl Jeksonning shifokori avval ham Jozefning o’g’li yosh paytida unga nisbatan o’ta berahm munosabatda bo’lgani to’g’risida gapirgan. 2016 yili esa «Mana u! Doktor Konrad Myurrey va Maykl Jeksonning sirli hayoti» nomli kitob ham chop etgan. Ushbu kitobda Jozefning ko’rsatmasiga binoan 12 yoshli Mayklga yuzidagi husnbuzarlarni ketkazish hamda o’smirlik davridagi ovoz pasayishini to’xtatish maqsadida gormonal ukollar qilishgani haqida yozilgan. Kitobda Myurrey o’tkir burchaklarni shunday ustalik bilan aylanib o’tganki, uni bu so’zlari uchun sudga berish umuman imkonsiz. Chunki shifokor kitobda Maykl bilan gaplashganidan so’ng unda pop-qo’shiqchining ulg’ayishini tibbiy usullar bilan sekinlashtirishgan, degan taassurot paydo bo’lgani haqida yozgan.

Myurreyning Jeksonni kimyoviy bichishgani to’g’risidagi gapini esa rad qilib ham, isbotlab ham bo’lmaydi. Chunki ushbu muolaja jismoniy bichishdan keskin farq qilib, jinsiy ko’payish qobiliyatiga ta’sir ko’rsatmaydi va uni qayta tiklash mumkin. Faqat ushbu xabarni tarqatgan manba — Myurreyning o’ziga e’tiborliroq bo’lish lozim. Axir aynan Myurrey Maykl Jeksonning o’limida aybdor deb topilganini unutmaslik kerak. 2009 yil 26 iyun kuni shifokor pop-qo’shiqchiga uyqu dorili ukol qilgan. Oradan ikki soat o’tib esa Jeksonning jonsiz tanasiga ham birinchi bo’lib Myurrey duch kelgan. 2011 yili sud doktorni Mayklning o’limida aybdor deb topgan va unga to’rt yillik qamoq jazosi tayinlangan. Aytish joizki, Myurrey 2013 yili muddatidan avval qamoqdan ozod etilgan.

Maykl Jeksonning ko’plab muxlislari, albatta, qo’shiqchining tarjimai holidan yaxshi xabardor. Shu sababli ular Myurreyning so’zlariga darrov ishonishdi. Negaki ular Jozefning to’qqiz nafar farzandini qanday usulda tarbiya qilganini bilishadi. Musiqa menejeri o’z bolalarini yoshligidan yulduzli karyeraga tayyorlab kelgan va ularning shaxsiy qiziqishlariga umuman e’tibor qaratmagan.

«MEN TUZOQDAMAN!..»

Maykl Jekson 5 yoshidan otasiga pul keltira boshlagan. Jozef o’z farzandlaridan «The Jackson 5» guruhini tuzgan bo’lib, unda Maykldan tashqari akalari Jermeyn, Tito, Jeki va Marlon faoliyat olib borardi. Ba’zi nashr larning yozishiicha, katta Jekson «The Jackson 5» gastrollarini o’zining ishqiy sarguzashtlarini xaspo’shlash niyatida tashkil qilgan. Jozef safardalik chog’ida uyda yosh bolalari bilan qolgan xotini Ketringa xiyonat qilar va bu ishini farzandlaridan yashirmas, kichkintoylar esa bu haqda yurak yutib onasiga aytishmasdi. Oradan ko’p yillar o’tgach oiladagilar Jozefning Jo Vonni ismli yana bitta qizi borligidan xabar topishgan.

Maykl xotiralarida tengdoshlari bilan yo’lning narigi tomonidagi bog’da futbol o’ynashni qanchalik xohlaganini, ammo u to tungacha studiyada o’tirib, albom yozishga majbur ekanligi haqida aytgan. «Men u yerda o’tirib, bolalarga qarardim va ko’zlarimdan yosh quyilib kelardi. Men derdim: “Men tuzoqdaman va bu ish bilan umrimning oxirigacha mashg’ul bo’lishga to’g’ri keladi. Men shartnoma imzolaganman”. Biroq men ularning orasida bo’lishni shunchalik istardimki, bu meni adoi tamom qilardi. Men shunchaki do’st orttirgim va unga shunday degim kelardi: “Salom!” Ko’chalarni aylanib men bilan gaplashib yuradigan odam izlagan paytlarim esimda», — degandi Maykl.

Besh nafar yosh bolani studiyada ushlab turishning yagona yo’li ularni qo’rqitish edi. Farzandlari Jodan qo’rqishar, bunga u jismoniy yo’l bilan erishgandi. Jekson ilk bor o’z bolalarini kaltaklaganini 2010 yili teleboshlovchi Opra Uinfriga bergan intervyusida tan olgan. Jozef bu ishidan zarracha ham afsuslanmasligini aytib shunday degan: «Shu sababli ham ular qamoqqa tushib qolishmadi va o’zlarini to’g’ri tutishni o’rganishdi». Jo Tarbiya vositasi sifatida qayish va xipchindan foydalangan.

«Ularga nisbatan qattiqqo’l bo’lganimdan afsuslanmayman, chunki qaranglar, oxir-oqibat ular kim bo’lishdi: mening bolalarimni butun dunyoda yaxshi ko’rishadi va ular hamma bilan iliq munosabatda bo’lishadi», degan edi Jozef.

Ammo katta Jekson farzandlarini qanday tarbiyalagani bilan qanchalik faxrlanmasin, Maykl yoshlik chog’larini boshqacha his-tuyg’ular bilan yodga olardi. Masalan, qo’shiqchi 2003 yili Martin Bashirga bergan intervyusida bolaligi va otasini shunday xotirlagan:

— Biz musiqa bilan shug’ullanayotgan paytimizda, otam hamisha qo’lida qayish tutib turardi. Agarda biror nimada xatoga yo’l qo’ysak, — Maykl qayish bilan urgandek ovoz chiqaradi.

— U sizlarni tez-tez kaltaklarmidi?

— Judayam ko’p.

— U faqat qayishdan foydalanarmidi?

Maykl yuzini qo’llari bilan to’sadi.

— Faqatgina qayish emas!..

Pop-musiqachining ta’kidlashicha, Ketrin xonim doim tutoqib turgan Jodan bolalarini himoya qilishga uringan. «U telbaga aylanib, bizni urishni boshlaganda onamiz hamisha yonimizda bo’lardi. Men hatto hozir ham uning gaplarini eshitaman: «Jo, yo’q, sen ularni o’ldirmaysan. Yo’q! Yo’q, Jo. Bu o’ta shafqatsizlik!» U esa mebelni sindira boshlardi. Bu juda dahshatli edi, — deya hikoya qiladi qo’shiqchi. — Bir kuni u bizlarga: “Agar kutilmaganda qo’shiq aytmay qo’ysanglar, men sizlarni axlat kabi ko’chaga uloqtirib tashlayman”, dedi. Bu so’zlar dilimni qattiq yaralagan». Bolalik chog’larida boshidan kechirgan ko’rgiliklar sabab pop-yulduz har safar otasini ko’rishi bilan o’zi istamagan holda ko’ngli aynib boshlardi.

Jozefning kenja qizi Janet Jekson o’z memuarlarida otasi haqida quyidagicha yozadi: «Men nima qilganimni unchalik eslay olmayman. Haqiqatan shunga loyiqligimni ham bilmayman. Undan boshqa holatlarda otam menga qo’l ko’tarmagan».

Janetning so’zlariga ko’ra, oiladagi o’g’il bolalar ko’proq kaltak yeyishgan, biroq bu ularning foydasiga xizmat qilgan. «U bizlarga faqat yaxshi bo’lishini xohlardi. Mening o’ylashimcha, u tarbiya borasida doim ham to’g’ri yo’lni tanlamagan, ammo u o’z ishini qilgan. Balki, otamning o’zini shu tariqa tarbiyalashgani uchun u barchasini to’g’ri qilyapman, deb o’ylagandir. Chunki u boshqacha usulni bilmagan», — deydi qo’shiqchi Janet.

UMR SO’NGIDAGI AFSUS

Jo Jekson o’z maqsadiga erishdi: uning oilasi butun dunyoga mashhur bo’ldi. Biroq bolalar ulg’ayishgach, otasi bilan munosabati yomonlashdi, shu jumladan, Mayklning ham. Mashhurlikka erishgach, avvaldan ogohlantirmagan bo’lsa, Maykl padari bilan uchrashmaydigan bo’ldi. Shunga qaramasdan qo’shiqchi hayotining so’nggi yillarida otasi bilan munosabatlarida iliqlik sezildi. Maykl ortiq Jozefni muhokama qilmasligi, chunki uning boshqa otasi yo’qligi va bo’lishi ham mumkin emasligini aytgan.

Jeksonlar oilasiga yaqin manbaning so’zlariga ko’ra, bungacha uch marta yurak xurujini boshidan o’tkazgan va nogironlar aravachasiga mixlanib qolgan 89 yoshli Jozef o’limidan yarim yil avval bolalarini kaltaklagani uchun chin dildan pushaymon bo’lgan. «Jo sakkiz farzandi va xotini Ketrinni yig’di hamda ulardan kechirim so’rab, ko’p yillar ayblari sabab azob chekkanini aytdi, — deya «Sunday Express» gazetasiga hikoya qiladi manba. — Hozir u o’sha paytlari bolalarini intizomga o’rgatish uchun tarbiyaning jismoniy usulidan foydalanganidan qattiq afsusda».

SAIDMUROD tayyorladi.

(«Hordiq plyus» gazetasi xazinasidan)