Bosqin

Ikki ming yillik avvalida o’z davri uchun ham o’ta g’aroyib hisoblangan toltek qabilasi a’zolari Yukatan yarim oroliga yaqin kelib, shu atrofda yashovchi Mayya qabilalarini bo’ysundirgan. Jangari qabila bu yerda ulkan davlat barpo etdi. Ba’zi afsonalarga qaraganda, tolteklarning qudrati ular ishlatadigan ko’rinmas va sirli qurolda bo’lgan. Bu qurol siri esa hanuz ochilmagan.

Arxeologlar ushbu qadimiy qabila barpo etgan shahar qoldiqlarini Tuladan topishdi. Bu yerda tolteklar ko’plab ehromlar bunyod etgan ekan. Ayniqsa, turli ko’rinishdagi haykalchalar olimlar e’tiboridan chetda qolmadi. Insonni hayratga solvuvchi haykallardan biri tolteklar qo’mondoni bo’lib, u qo’lida qurbonlikka tortilgan o’lja qoni quyilgan idishni tutgancha, ko’kka o’ychan boqmoqda.

Sirli qurol

Eng ulkan va buyuk deb toltek askarlari sharafiga qurilgan ehromlar tilga olinadi. Ular chetiga qush pati o’rnatilgan bosh kiyimda, ko’krak qismi maxsus himoya vositasiga ega, kaftlari orasida hech kimga noma’lum, ko’rinmas, sirli qurolni berkitgan holda mag’rur boqishadi. Afsuski, hech bir arxeolog bu qurolning aslida neligini aniqlay olmadi.

XIX asrda yashab o’tgan avstriyalik folklorshunos K; Langlo-Parker quyidagi afsonani keltirib o’tgandi:

— Toltek qabilalaridan birining yetakchisi o’tirsa, qandaydir notanish va shubhali kimsa unga yaqinlashib kela boshlabdi. Shunda yetakchi o’ng qo’lini oldinga cho’zibdi. Qo’l oldinga cho’zilgani hamono kaftlari orasidan juda o’tkir, yorug’ nur notanish kimsaga jo’natilibdi. Notanish kimsa o’sha zahotiyoq til tortmay o’libdi. Tolteklarning sirli quroli xuddi shunday kuchga ega bo’lgan ekan. Faqat yetakchining kaftlari orasiga aynan nima berkitilgan-u, undan qanday holatda nur taralganligi insoniyatni o’yga toldiradi xolos.

Tolteklarning miltiqsifat quroli

Yangi Gvineya sohillarida bo’lib qaytgan kapitan Kuk ismli shaxs ham yovvoyi qabilalar ishlatgan qurol xususida alohida to’xtalib, shunday degandi:

— Biz sohilga yaqinlashganimizda, yovvoyi qabila vakillari hujumga o’tdi. Ular qo’llarida uzunligi o’ttiz-qirq santimetr keladigan tayoqchalarni silkitishar, har silkitganda, tayoqcha orasidan olov otilib chiqardi. Bu xuddi zamonaviy miltiqdan sachrayotgan olovli poroxni eslatardi. Keyin bildikki, tolteklar ham qachonlardir shunga o’xshash qurollar yordamida qo’shni qabilalarni o’ziga bo’ysundirgan ekan.

Birlasha olmaslik balosi

Qadimda tolteklarning uchta yirik qabilasi hukm surganligi tarixdan ma’lum. Ular o’shanda o’zaro birlashib, dunyoni egallash istagida ham bo’lishgan. Baxtga qarshi kelisha olishmagan. Vaqt o’tgan sari har bir qabila yagona hukmron bo’lishni, qolganlar ikkinchi darajada qolishini xohlayvergan. Mana shu narsa tolteklar imperiyasi keyinchalik mayyalar tomonidan yo’q qilib yuborilishiga sabab bo’lgan.

«100 velikix tayn mira» kitobidan olindi

Rus tilidan Olimjon HAYIT tarjimasi