Marsda quruqlikdagi o’simliklardan iborat qo’riqxona yaratish taklif qilindi. Bu haqda Futurism xabar berdi.
Qo’riqxona Qizil sayyorada bo’ladiganlar uchun psixologik boshpana va botanika bog’i bo’lib xizmat qilishi kutilmoqda. Britaniyaning Bristol universiteti muhandisi Pol Smitning fikricha, bunday qo’riqxonani Mars yuzasidagi ulkan gumbaz ostida tashkil qilish mumkin. Mutaxassis Yer aholisining boshqarib bo’lmaydigan o’sishi sayyora ekotizimiga jiddiy zarar yetkazayotganini aytib, Marsda yangi koloniyalarni yaratish kerakligini ta’kidladi.
Albatta, Marsdagi sharoit Yerdagidan sezilarli darajada farq qiladi. Bu yerda harorat ancha sovuqroq, sayyora yuzasi quruqroq va butunlay boshqacha atmosferaga ega. Biroq olimlar sayyora yuzasi ostida muzli suv havzalari mavjudligini prognoz qilmoqda, — deyiladi xabarda.
Agar Marsning bu va boshqa resurslaridan foydalanilsa, sayyorada gumbaz ostida qo’riqxona qurish mumkin. Mahalliy jinslar quruqlikdagi o’simliklarni yetishtirishga yordam beradigan ba’zi elementlarga boy ekanini ham hisobga olish kerak. Ammo Mars tuprog’idagi bir qator muhim mikroelementlar, jumladan, tuproqni boyitadigan mikroorganizmlar yetishmaydi.
Hozircha Smit taklifida hal etilmagan muammo Marsdagi quyosh va kosmik radiatsiyaning darajasi bo’lib, Yerdagidan farqli o’laroq, magnit maydon o’simliklarga qanday ta’sir qilishi o’rganilmagan.