«Manchester Yunayted»ning besh futbolchisi Ronalduning ketishidan manfaatdor

Krishtianu Ronaldu «MYu»ni hech vaqosiz tark etdi. Uning ketishi jamoadagi futbolchilarga foyda berdi deyish mushkul. Ammo 37 yoshli futbolchining «MYu»da bo’lmasligi ayrim o’yinchilarga ijobiy ta’sir qiladi. Portugaliyalik mankunianliklar safida 54 bahsda 27 ta gol urgandi. Biroq, uning intervyusi oxir-oqibatda hammasini barbod qildi. Quyida Ronalduning ketishidan manfaador bo’lgan «qizil iblislar» haqida so’z boradi.

 

Markus Reshford

Hamma Reshfordning maydonning qaysi qismida yaxshi harakat qilishi haqida har xil gapiradi. Erik ten Xag davrida hujumchi asosan chap qanotda bo’ldi. Ammo Ronaldusiz «Manchester Yunayted»da Reshford uchun imkoniyatlar kengayadi. Klub unga 9 raqamli hujumchi vazifasini topshirib, markaziy hujumga ko’chirishi kutilmoqda. Albatta, bu hodisa Reshfordga nisbatan yengillik taqdim etadi.

Antoni Marsyal

Fransuz hujumchisi mavsum davomida jarohatsiz harakat qilishga qiynaladi. Lekin Erik ten Xag unga ishonch bildira boshlaganidan keyin hammasi o’zgarishi kutilmoqda. Masalan, Marsyal bu mavsumda barcha turnirlarni qo’shib hisoblaganimizda, o’rtacha har 73 daqiqada bitta gol urgan. Hozir Ronaldu yo’q. Marsyal esa to’qqizinchi raqamga da’vo qilib ko’rsa bo’ladi.

Brunu Fernandesh

Ronaldu va Fernandesh birga, bir jamoada o’ynay oladimi degan savollar yog’ila boshlagandi. Ammo so’nggi voqealar va natijalar ko’rsatdiki, bu ikkisi alohida harakat qilgani ma’qul. Brunu 2020-21 yilgi mavsumda jami 28 ta gol urgandi. Ammo o’tgan mavsumda Ronaldu bilan uning ko’rsatkichlari pasayib ketdi. Hattoki, joriy mavsumda ham Ronaldu maydonda bo’lganida, Fernandesh birorta gol ura olmagan.

Jeydon Sancho

Sanchoning «MYu»ga kelishi, Ronalduning qaytishi soyasida ko’rinmay qolgandi. «Manchester Yunayted»ning so’nggi ikki mavsumda tanlagan taktikasi Sanchoga erkin harakat qilishga halaqit berdi deb qaraladi. Ten Xag mana shu narsani to’g’irlamoqchi. Buning ilk qadami esa Ronalduni yo’qotishdan boshlandi.

Xarri Maguayr

2022 yil «MYu» sardoriga og’ir keldi. Faqatgina Jahon chempionatining boshlanishi, Maguayr joniga oro kirdi. Boz ustiga, u mundialda ishonchli harakat qilmoqda. Xo’sh, Ronalduning ketishi Maguayrga qanday ta’sir qiladi? Aslini olganda, maydonda bu futbolchilar bog’liq emas. Ammo kiyinish xonasida bunday deya olmaymiz. Ronalduning yo’qligi Maguayrga futbolchilar ustidan nazoratni qaytarib beradi.
Ha, bu hozircha faqat taxmin xolos. Ammo Jahon chempionati ko’rsatib berdiki, Maguayr to’g’ri tizimda yaxshi himoyachiga aylana oladi.