O’zbekistonda 2023 yil 9 iyul kuni muddatidan oldin prezidentlik saylovi o’tkazilishi belgilandi.
Konstitutsiyaning 128-moddasiga muvofiq prezident muddatidan ilgari O’zbekiston Respublikasi prezidenti saylovini tayinlashga haqli.
Bunda saylovga tayyorgarlik ko’rish hamda uni o’tkazishga doir tadbirlarni amalga oshirish muddatlari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi.
Shu bilan birga, Saylov kodeksida saylov kampaniyasi boshlangani Markaziy saylov komissiyasi tomonidan e’lon qilinishi yuzasidan normalar belgilab berilgan.
Yuqorida ko’rsatib o’tilgan qonun talablaridan kelib chiqib, Markaziy saylov komissiyasi muddatidan ilgari O’zbekiston Respublikasi prezidenti saylovini o’tkazish bo’yicha tayyorgarlik ishlarini boshladi.
Shu munosabat bilan 10 may kuni soat 11:00 da Markaziy saylov komissiyasining majlisi bo’lib o’tadi. Majlisda muddatidan ilgari prezident saylovi bo’yicha saylov kampaniyasi boshlanishini e’lon qilish hamda saylovga tayyorgarlik ko’rish va uni o’tkazishga doir tadbirlarni amalga oshirish muddatlarini belgilash masalalari ko’rib chiqiladi.