2024 yilda Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida eng ko‘p xorijiy sayyohlar Qozog‘istonga tashrif buyurgan – 15,3 million kishi. Bu haqda “Ranking.kz” xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston Markaziy Osiyoda xorijiy sayyohlar sonining o‘sish sur’ati bo‘yicha yetakchilik qilmoqda. 2024 yilda ularning soni 20,1 foizga oshib, 8 million kishiga yetgan. O‘zbekiston Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, ulardan 6,3 millioni yoki 79,4 foizi mamlakat chegarasini piyoda kesib o‘tgan xorijliklar tashkil etadi. Bu esa O‘zbekistonga kelishni istagan shaxslarning avtomobil transporti orqali transmilliy harakati mavjudligini ko‘rsatadi.
O‘tgan yili Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlarida xorijiy sayyohlar soni o‘sgan. Milliy statistika idoralari ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonga tashrif buyurgan norezidentlar soni 28,6 million kishiga yetgan, bu esa 2023 yilga nisbatan 11 foiz o‘sishni tashkil etgan. Turkmaniston bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etilmagan.
Eng katta o‘sish Qozog‘iston ko‘rsatkichlari hisobiga amalga oshgan. Qozog‘iston Respublikasi Turizm va sport vazirligi xabariga ko‘ra, 2024 yilda mamlakatga 15,3 million xorijiy mehmon tashrif buyurgan, shundan 10,4 millioni mamlakatda bir sutkadan ortiq qolgan. Xorijliklarning o‘rtacha mamlakatda bo‘lish muddati to‘rt kunni tashkil etgan. 2023 yilga nisbatan o‘sish 1,2 million mehmon yoki 13 foizga oshgan. Xorijiy sayyohlar soni bo‘yicha ikkinchi o‘rinni Qirg‘iziston egallagan. Mahalliy OAVning Qirg‘iziston Turizmni rivojlantirish jamg‘armasi ma’lumotlariga tayanib xabar berishicha, o‘tgan yili mamlakatga 8,6 million xorijlik tashrif buyurgan.
O‘zbekistonda sayyohlik sanoati rivojlanishining ijobiy dinamikasi HoReCa sektori (mehmonxona, restoran va kafe biznesi) xizmatlari hajmining oshishi orqali ham kuzatilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yilning yanvar-dekabr oylarida ushbu moliyaviy ko‘rsatkich 10,6 foizga o‘sgan, 2023 yilda 13,5 foizga, 2022 yilda esa 22,3 foizga oshgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025 yilning yanvar oyida jami 551,3 ming nafar O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi turistik maqsadlarda chet elga safar qilgani xabar qilingandi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 82,9 ming nafarga yoki 17,7 foizga oshgan.