image0

Melburn universiteti olimlari va ularning hamkasblari quruqlik va yer ostidagi chuchuk suv hajmining sezilarli darajada kamayganini aniqladi. Bu haqdagi tadqiqot “Science” jurnalida e’lon qilindi.

Gidrologiya bo‘yicha professor Dongriol Ryu va uning hamkasbi Ki-Von tomonidan olib borilgan izlanishlariga ko‘ra, global isish tuproq, ko‘llar, daryolar va qor qoplamidagi suv hajmini sezilarli darajada kamaytirgan bo‘lib, bu qishloq xo‘jaligi va dengiz sathining ko‘tarilishi uchun qaytarib bo‘lmas oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Mazkur ilmiy ishga ko‘ra, so‘nggi 20 yil ichida Yer tuprog‘ining namligi 2000 gigatonnadan ortiq kamaygan. Bu 2002-2006 yillarda Grenlandiyadagi muzliklar yo‘qotilishidan ikki baravar ko‘p. Shu bilan birga, ilgari har o‘n yilda bir marta kuzatiladigan kuchli qurg‘oqchiliklar tez-tez sodir bo‘lishi, dunyo okeani sathining ko‘tarilishi va Yer qutblarining siljishi ham kuzatilgan.

Dongriol Ryu o‘z izlanishlarining yanada chuqurroq muammoga ishora qilishini qayd etadi – qurg‘oqchilikdan keyin kuchli yomg‘irlar oqibatida suv toshqinlari yuzaga kelgan taqdirda ham yer osti suv zaxiralari tiklanmaydi, chunki tuproqning elastikligi pasayib ketgan. Uning fikricha, bu suv zaxiralarining qayta tiklanishi odamlar iqlim o‘zgarishiga qarshi chora ko‘radimi va suv resurslaridan foydalanish yondashuvini tubdan o‘zgartiradimi – shunga bog‘liq.

Tadqiqot, shuningdek, Yer namligi darajasining o‘zgarishi sayyoraning aylanishidagi mayda tebranishlarga sabab bo‘lganini ham tasdiqlaydi.

Potsdam universitetining gidrologiya va ma’lumotlar fani professori Luis Samanego, ushbu tadqiqot bo‘yicha “Science” jurnaliga sharh yozar ekan, Yer tebranishini sayyoraning elektrokardiogrammasiga o‘xshatgan.

“Bunday natijaning aniqlanishi yurak aritmiyasini aniqlashga o‘xshaydi. Uni e’tiborsiz qoldirish – xuddi shifokor ko‘rsatmalariga rioya qilmaslik kabi xavfli”, dedi Samanego.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq agar muzliklarning hozirgi erish sur’ati saqlanib qolsa, ular sayyoraning ko‘plab mintaqalarida XXI asr oxirigacha saqlanib qolmasligi mumkinligi xabar qilingan edi. BMT ma’lumotiga ko‘ra, muzliklar dunyodagi chuchuk suv zaxiralarining taxminan 70 foizini o‘zida jamlagan. Ular iqlim o‘zgarishining muhim ko‘rsatkichi bo‘lib, odatda barqaror iqlim sharoitida erimaydi. Ammo hozir inson faoliyati tufayli yuzaga kelgan global isish oqibatida ularning maydoni misli ko‘rilmagan tezlikda qisqarmoqda.