Markaziy Osiyoda eng uzoq yashaydigan xalq o'zbekistonliklar ekanligi ma'lum qilindi

Markaziy Osiyo mamlakatlarida umr ko’rish davomiyligi bo’yicha O’zbekiston birinchi o’rinda qayd etildi. Bu haqidagi ma’lumotlar Xalqaro aloqalar bo’yicha Qozog’iston kengashi tomonidan taqdim etilgan «Markaziy Osiyoda 2018 yildagi eng muhim voqealar» tahliliy materialidan o’rin oldi, deb yozadi «Xalq so’zi» nashri.

Xabarga ko’ra, O’zbekistonda yosh ko’rsatkichi 73,8, Tojikistonda 73,7, Qozog’istonda 72,4, Qirg’izistonda 70,9 va Turkmanistonda 70,4 yoshga teng bo’lishi kutilayapti. O’z navbatida hayot uzviyligi bo’yicha mazkur muddat Markaziy Osiyo davlatlarida 90-yillardagiga nisbatan uzaygani ham ma’lum bo’ldi.

Shuningdek, manbada keltirilishicha, o’tgan yilda mintaqa aholisi soni 70 millionlik marrani ortda qoldirdi. Odamlar yosh tizimidagi bunday o’zgarishlar ko’p jihatdan umr ko’rish davomiyligi ortgani va o’lim miqdorining kamaygani bilan izohlangan.

Qolaversa, joriy yilda Markaziy Osiyo mamlakatlarida bolalar soni ortishi ta’kidlab o’tilgan. Masalan, o’tgan yil boshida 14 yoshgacha bo’lgan yosh avlod vakillari qariyb 20,5 millionga yetib, umumiy aholining 29 foizini tashkil etgan. Joriy yilda esa bu ko’rsatkich aholining o’rtacha ko’payish sur’atlari saqlanib qolgan holda 30 foizga yetishi prognoz qilinayapti.

 

manba: sof.uz