Biror do’stingiz bilan yaxshigina hazillashishni istaysizmi? Unda unga biz sizga aytmoqchi bo’lgan shirinliklardan tortiq qiling. Ana undan so’ng ularning yuziga qarab turing. Unutilmas chehraning guvohi bo’lasiz.
Chayonli shirinliklar
Ichida turli hasharotlari bor qahraboli shirinliklarni ko’rganmisiz? Ularni bir ko’rishda payqamasdan yeb yuborish mumkin. Sizu bizni hayron qoldirish maqsadida xitoyliklar “Scorpion Toffee” shirinliklar to’plamini ishlab chiqdi. Bu shirinliklarning ichi to’la gazanda.
Qo’rqmang, shirinliklarning ichidagi gazandalar sizga ozor berishmaydi. Ular maxsus qorishmadan tayyorlangan. Chayonlar ham maxsus ishlov berish asosida shakllantirilgan. Shu bois ularning bari zaharsiz. Shunday ekan mardlik qilib ulardan birini qo’lingizga oling-u, ko’zingizni chirt yumib, yutib yuboring. Taassurotingizni biz bilan o’rtoqlasharsiz?!
Favqulotda xavfli konfetlar
Garri Potter to’g’risidagi filmni eslasangiz, unda «Berti Botts» degan shirin ta’mga ega achitqi bo’ladi. Xuddi ana shunday shirinlik iste’mol qilgingiz kelib qolsa, albatta, yosh afsungar bo’lishingiz shart emas. Shunchaki Amerikadagi shirinliklar ishlab chiqaruvchi kompaniya — “Jelly Belly”ning “BeanBoozled” konfetlaridan bir qutisini olsangiz, kifoya.
Har bir qutida 20 dona konfet bor. Ularning o’ntasidan turli xil mevalarning: koks, shaftoli, nok, karamelning mazali ta’mi keladi. Qolgan yarmidan esa ko’ngilaynitar narsalarning: itlarga beriladigan ovqatning, sassiq paypog’ning va shunga o’xshash narsalarning mazasi keladi.
Bu haliyam eng yaxshilari. Ilgari ulardan mingoyoqning mazasi kelardi. Sizga aynan qanday maza uchrashini konfetning ikkinchi yarmini yeb ko’rganingizdan so’ng bilasiz.
Kesilgan barmoqlar
Kim o’zining dovyurakligini bilib ko’rmoqchi bo’lsa, kesilgan barmoq shaklidagi “Gummy Flesh Fries” shirinliklari aynan ular uchun. Bunday konfetlarni ishlab chiqaruvchilarning fikricha, bu kabi shirinliklar «Xellouin» bayrami uchun ajoyib sovg’a bo’ladi.
Desertga dizenteriya
Yuragi ko’taradiganlar uchun Tayvandagi “Zamonaviy hojatxona” (Modern Toilet) restorani aynan bop joydir. U yerda sizga darrovgina ko’ngilaynitar “Yashil dizenteriya” nomli taom keltirishadi. Bu, albatta, do’stlar bilan hazillashish maqsadida. Tasavvur qiling, choy ichishni xohlab qoldingiz va sizga ichiga yashil suyuqlik to’latilgan unitaz shaklidagi idishda suyuqlik olib kelib berishdi. Yoki yig’laysiz, yoki kulasiz…
Garchi u barcha ko’rikdan o’tgan toza mahsulot bo’lgan taqdirda ham uni ko’rganingizda ishtahangiz “halok bo’ladi”.
Shirinlikdagi qon yuqi
Qo’rqinchli filmlarni sevasizmi? Unda bu kabi shirinliklar sizni cho’chita olmaydi. Garchi undagi qon yuqi haqiqiyga o’xshasa-da!
Ularning ko’rinishi ishtaha bug’ar bo’lsa-da, “YouTube” da chiqib ketgan tadqiqot videosi odamlar tiliga tushib ulgurdi. Unda ushbu shirinliklarni tatib ko’rishni odamlardan so’rashadi. Undagi qon yuqini turli dahshatli kasalliklar bilan chalingan bemorlardan qolgan qon, deb ta’riflashadi. Buni qarangki, undan tatib ko’ruvchilar ham topilgan.
Yapon jozibasi
Yaponiyadagi vasabi haqida barcha eshitgan bo’lsa ajab emas. U juda achchiq taom. Ammo Yaponiyada vasabi-muzqaymoqlar ham chiqariladi. Hatto “Nestle” kompaniyasi Yaponiya bozorlariga atalgan mashhur “Kit-Kat” shokoladlarini ham shu ta’mda chiqargan. U-bu kimga “Sutli ko’k choy” batonlarini berish ham yaramaydi. Bilmagan odam dog’da qolishi mumkin. Nimadan? Uning mazasidan, albatta.
manba: xabardor.uz