2024 yil noyabr oyida Qashqadaryo viloyatining 100 yilligi nishonlanadi. Vazirlar Mahkamasi yubileyni nishonlashga tayyorgarlik ko’rish va uni o’tkazish to’g’risidagi qaror loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo’ydi.
Loyihaga ko’ra, Vazirlar Mahkamasi Qashqadaryo viloyati hokimi, viloyat faollari, ijodkor ziyolilar hamda jamoat tashkilotlari vakillarining Qashqadaryo viloyatining 100 yillik yubileyini 2024 yil noyabr oyida Qarshi shahrida keng nishonlash haqidagi takliflarini ma’qullagan.
Loyihada keltirilishicha, bayramni o’tkazish bo’yicha respublika tashkiliy ishchi guruhi tuziladi va:
viloyatning 100 yillik yubiley tadbirlarini yuksak saviyada va tashkilotchilik ruhida o’tkazish ta’minlanadi;
Qarshi, Shahrisabz shaharlari va tumanlarda bunyod etilgan binolarni ta’mirlash, atroflarini obodonlashtirish, ularni zamonaviy yoritish jihozlari bilan ta’minlash ishlari amalga oshiriladi;
viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga hissa qo’shgan va faol ishtirok etgan hamda samarali xizmat qilgan keksa va yosh xodimlar respublika faxriy unvonlariga va faxriy yorliqlariga tavsiya etiladi.
Bundan tashqari, UNESCO ishlari bo’yicha O’zbekiston Respublikasi milliy komissiyasi va xalqaro tashkilotlar ishtirokida “Qashqadaryoning jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotida tutgan o’rni” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya tashkil etiladi. Viloyatning 100 yillik yubileyiga bag’ishlab baxshi-shoirlarning “Dostonlarda yurt madhi” viloyat ko’rik-tanlovi o’tkaziladi.