Kayfiyatni ko'taruvchi eng zo'r vosita — Muzqaymoq

Yoz mavsumi boshlanishi bilan yaxna ichimliklar,  ayniqsa, muzqaymoq jonning rohati sanaladi. Zero, muzqaymoq kishi tanasidagi hovurni bosishda, organizmni tetiklantirishga ko’mak beradi. Biz bugun yoz mavsumidagi barcha uchun sevimli shirinlik bo’lmish muzqaymoq haqida so’z yuritamiz.

Asli vatani Xitoy bo’lgan muzqaymoqlar ilk bor Xitoy imperatori dasturxonining ko’rki bo’lib, uning dastlabki ko’rinishi meva sharbatining muzlatilgan shaklida bo’lgan. Qadimiy tarixga ega muzqaymoq nafaqat Xitoy imperatorlarining, balki Aleksandr Makedonskiyning ham sevimli shirinligi edi. U jang va harbiy yurishlardan so’ng o’zini muzqaymoq bilan mehmon qilishni xush ko’rgan ekan.

Bolaligimizda sutga shakar solib, muzlatkichga qo’yib, yaxakijon qilib yeganlarimiz hech yodimdan chiqmaydi. Vaqt o’tgani sari turi va sifati ortib borayotgan bu «yaxakijonlar» inson organizmiga qanday ta’sir qiladi? Bugun biz iste’mol qilayotgan muzqaymoqlar qanchalik talabga ­javob bera oladi? Farzand­larimizni muzqaymoqlardan himoya qilishimiz kerakmi? Barchani qiziqtirayotgan bu kabi savollarga javob olish uchun soha mutaxassislari bilan bog’landik.

HAQIQIY MUZQAYMOQLAR QANDAY TAYYoRLANADI?

— Mazasidan muzqaymoq sutdan yoki qaymoqdan qilinganini ajratib olish juda qiyin. Aynan sut har qanday muzqaymoqning asosi hisoblanadi. Ishlab chiqaruvchining vazifasi kerakli yog’lilikdagi mahsulotni tayyorlash, — deydi «Imkon plus» xususiy ishlab chiqarish firmasi laboranti Gulmira Musaboyeva. — Masalan, muzqaymoqxo’rlarning aksariyati sevib iste’mol qiladigan plombir muzqaymoqlar 12-15 foiz yog’lilikka ega bo’lishi kerak. Bunga erishish uchun turli yog’ manbalari — qaymoq, sariyog’, suvsizlantirilgan sut yog’idan foydalanamiz.

Sifatli muzqaymoq — standart talablariga javob beradigan muzqaymoq sanaladi. Masalan, «Sutli muzqaymoq, plombir, qaymoqli. Umumiy texnik shartlari»da yozilishicha, bu turdagi muzqaymoqlarda o’simlik yog’i bo’lishi mumkin emas. Demak, muzqaymoq tayyorlash texnologiyasiga amal qilinsa, bas. Ammo shunday muzqaymoqlar borki, ularning tarkibida yog’ umuman yo’q. Qolaversa, har bir muzqaymoq o’ramida uning tarkibi va kaloriyalari ko’rsatilishi shart. Bu, albatta, parhez nazoratini yengillashtiradi.

MUZQAYMOQLARNING
SIFATI TALABGA JAVOB BERADIMI?

Bugun mamlakatimizda muzqaymoq ishlab chiqaruvchi korxonalarning hisobidan adashib qolishingiz tabiiy. Mavsumbop bo’lgan bu mahsulotni ishlab chiqarishda raqobatning kattaligi sabab ham uning sifati kundan-kunga yaxshilanib bormoqda. Yuzlab xususiy va qo’shma korxonalar muzqaymoq tayyorlash bilan shug’ullanmoqda. Natijada bozorlar, savdo rastalari yuqori sifatli, raqobatbardosh mahsulotlar bilan to’la.

— Tan olish kerak, hamma ishlab chiqaruvchilar ham muzqaymoq sifati haqida qayg’uravermaydi. Ko’pincha mahsulotning tarkibida ortiqcha uglevodlar bo’ladi, chunki muzqaymoqning mazasi o’ta shirin bo’lishi uchun keragidan ortiq vanilin va shakar solinadi. Bundan tashqari, yuqoriroq haroratda muzqaymoq o’z shaklini yo’qotmasligi uchun margarin ham qo’shishadi Bu esa muzqaymoq tayyorlash texnologiyasiga mutlaqo zid. Biroq bu gaplar ayrim korxonalarga tegishli, aslida esa biz mahsulotlarimizning sifatli chiqishi uchun ishlab chiqarish jarayoniga alohida e’tibor qaratamiz, — deydi «Vazira biznes» korxonasi menejeri Kozim Nozimovich Alimov. — Muzqaymoq tayyorlash besh bosqichda amalga oshiriladi. Avval bir tonnalik bochkaga masalliqlarni solib, 80-85 darajali issiqda pishiramiz. Keyin qaymog’i ajralib qolmasligi uchun 4-5 soat tindiramiz va yana shuncha vaqt muzlatib qo’yamiz. So’ng mikserga solib aralashtirilgan mahsulot qadoqlanadi. Mahsulotlarimiz tarkibiga emulgator-stabilizator qo’shganimiz bois, issiq havoda ham 15-20 daqiqagacha erimaydi.

Mutaxassislarimizning fikrlariga qaraganda, muzqaymoqning tayyorlanish jarayoni va uning sifat darajasi haqida qayg’urmasak ham bo’lar ekan. Ammo nega ko’pchilik ota-onalarimiz farzandlariga muz­qaymoq olib berishdan cho’chishadi? Yaxshisi, buni ularning o’zlaridan so’ray qolamiz.

KAYFIYaTNI KO’TARUVChI VOSITA

Ota-onalarimizning fikridan shu ma’lum bo’ldiki, ularning aksariyati muzqaymoq farzandlarining salomatligiga yomon ta’sir qilishidan cho’chishar ekan.

Ularning xavotirlari qanchalik o’rinli yoxud o’rinsiz ekanini aniqlash uchun Yashnobod tumanidagi 27-oilaviy poliklinika umumiy amaliyot shifokori Zulxumor Egamberdiyeva bilan bog’landik.

— Muzqaymoq haqidagi hamma xavotirlar ham o’rinli emas. Muzqaymoq nafaqat organizmni isib ketishdan saqlovchi mahsulot, balki tushkunlikdan xalos etuvchi samarali vosita hamdir. Inson tushkunlikka tushgan paytda dietologlar «antistress» yeguliklarni iste’mol qilishni tavsiya etishadi. Bunday mahsulotlar ro’yxatining boshida shubhasiz, muzqaymoq turadi. Zero, muzqaymoq ruhiy zo’riqishdan xalos etuvchi ajoyib yegulik hisoblanar ekan. Shuning uchun ham ko’pchilik muzqaymoq ­eyishni xush ko’radi.

Muzqaymoqning asosini tashkil etuvchi sut va qaymoq tarkibida foydali va asabni tinchlantiruvchi trankvilizator L-triptofan moddasi mavjud bo’lib, u asab tizimini tinchlantirish bilan birga, uyqusizlikni yengish va kayfiyatni ko’tarishda yaxshigina naf beradi.