Jodu qilingan odamlar.. (+foto)

«Facebook» ijtimoiy tarmog’ida sehr-joduga oid shunday rasmlar tarqaldiki, ushbu suratlarni ko’rib, odamning eti junjikadi.

Suratlar tagiga «Misrning Asyut viloyatidagi qabrlardan topilgan Alloh la’nat qilgur sehrgarlarning hunarlari» degan izoh yozilgan bo’lsa-da, ushbu rasmlar ko’pchilik foydalanuvchilar tomonidan qattiq tanqidga olindi.

Jodu qilingan odamlar.. (+foto) Jodu qilingan odamlar.. (+foto)

Eng qizig’i, bunday ishlarning gunoh va kufrligini bilsak-da, oramizda ham shu kabi ishlar bilan shug’ullanuvchilar borligi, o’z «hunar»larini taklif etishdan qo’rqmaydiganlarning uchrashi, dahshatlisi, ayrimlarning «Oilamni saqlab qolaman», «Erimni o’zimga isityapman», «Ma’lum bir lavozimga erishaman», «Falonchining mansabiga ega bo’laman» deb qilayotgan harakatlari haqida nafaqat ko’p bora eshitamiz, balki bu kabi ishlarga guvoh ham bo’lamiz.

Quyida ushbu ishlarning qanchalik og’ir gunohligi to’g’risida to’xtalishga qaror qildik. To’g’ri, bu mavzuda ko’p yozilgan, lekin diniy bilimimizning kamligi jamiyatimizda «issiq-sovuq qilish», «jodulash» kabi ishlarning avj olishiga imkon yaratmoqda, desak adashmaymiz. Sehr-jodu iymonimizga katta xatar soluvchi narsalardan biri ekan, unga ishonish borasida ayollarimizning  peshqadamligi jamiyatimizning og’riqli muammosidir.

DINIMIZ NIMA DEYDI?

Sir emaski, har bir xalqda, har bir elatda o’ziga xos irimlar bor. Ular asrlar osha odamlar shuuriga joylashib, haqiqat tusini olgan. Bu borada o’zbek xalqi ham «boy xazina»ga ega. Ayniqsa, munajjimlar, folbinlar, jin chalishlar, issiq-sovuq masalalaridagi qarashlarimiz haqiqat va yolg’onga qorishib ketgan. O’zbekiston musulmonlar idorasi mana shu masalalar yuzasidan fuqarolar tomonidan yo’llangan savollarga Qur’on oyatlari va hadislar misolida aniq ma’lumotlar keltirib o’tgan.

Sehr-jodu va duoxonlik shariatga zid, Alloh taolo bunday ogohlantirgan:

«Yana (ular) Sulaymon podshohligidagi shaytonlar (jinlar) o’qigan narsalarga ergashib ketdilar. Sulaymon kofir emas edi, lekin odamlarga sehr (jodu) ni hamda Bobildagi Horut va Morut nomli farishtalarga tushirilgan narsalarni o’rgatadigan shaytonlar kofir edi. (Ikki farishta): «Biz faqatgina sinov (vositasi) miz, (bizga ishonib) kofir bo’lib qolma», deb (ogohlantirmaguncha) hech kimga (sehrni) o’rgatmas edilar. Ikkisidan er-xotinning o’rtasini buzadigan narsani o’rganar edilar. Lekin ular Allohning iznisiz u bilan hech kimga zarar yetkaza olmaslar. (Xullas) o’zlariga foydasiz, balki zararli narsalarni ta’lim olar edilar. Uni (Allohning kitobini sehrga) almashganlarga oxiratda nasiba yo’qligini ham yaxshi bilar edilar. O’z (nasiba) larini qanchalik yomon narsaga sotib yuborganlarini bilsalar edi!» (Baqara, 102-oyat).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan mashhur hadisi sharifda Payg’ambar alayhissalom shunday deganlar: «Halok qiluvchi yetti narsadan saqlaninglar: Allohga shirk keltirish; sehr-jodu qilish; nohaq odam o’ldirish; riboxo’rlik; yetimning molini yeyish; jang maydonidan qochish; pokiza ayollarni zinoda tuhmat qilish».

E’tibor qilgan bo’lsangiz, bu yerda sanalgan yettita gunohning barchasi jamiyatda turli shakllarda uchrab turadi.

SEHR-JODUNING
YaRATILIShIDAGI HIKMAT
NELIGINI BILASIZMI?

O’zbekiston musulmonlari idorasi raisining o’rinbosari, shayx Abdulaziz Mansur yuqoridagi savolga quyidagicha javob berdilar:

— Qur’oni Karimning guvohlik berishicha, sehr-jodu insoniyatga Sulaymon alayhissalom davrlaridan beri ma’lum. Savol tug’ilishi mumkin: xo’sh, sehr zararli narsa ekan, u nega odamlarga o’rgatildi? Biz ishonamizki, Allohning hech bir ishi hikmatdan xoli emas. Jumladan, sehrning yaratilishi va ayrim bandalariga o’rgatilishidan hikmat — sinovdir.

Cehrni ikki farishta (Horut va Morut) orqali Sulaymon qavmiga ta’lim berar ekan, Alloh bu ilmni: «Er-xotinni ajratishga, qarindosh-urug’, do’st-birodarlar orasiga nifoq solishga, umuman, odamlar orasini buzishga ishlatmanglar», deya ogohlantiradi.

Afsuski, odamlar Yaratganning so’ziga parvo qilmadilar. Ular sehrni o’rganishgach, odamlar orasini buzishga, er-xotin o’rtasiga nifoq solishga o’tdilar va gunohkor bo’ldilar.

Sehr-jodu qilish Sulaymon alayhissalom davrlaridan payg’ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam zamonlarigacha davom etib keldi va uning ta’rifi, sehr qiluvchilarning oqibatda qanday azobga duchor bo’lishlari bandalariga Qur’on orqali bildirildi. «Sehrgar esa qaerda bo’lmasin, zafar topmagay!» (Toho surasi, 69-oyat).

Sehr-jodu bilan shug’ullanish ham, o’z manfaati yo’lida undan foydalanish ham nihoyatda katta gunoh sanaladi.

Albatta, sehr bilan hamma ham shug’ullanolmaydi. Binobarin, bugun xalqimiz, ayniqsa, ayollarimiz orasida uchrab turadigan: «Falonchiga ovsini yoki qo’shnisi jodu qilibdi, falon folchi yoki romchiga borib, tomog’idan o’sha joduni oldirgan emish» yoxud «Pismadonchining ishi yurishmayotgan ekan, folchiga borsa, uning yo’lini falonchi dushmani «bog’lab» turganini aytibdi», qabilidagi gaplarning bari yolg’on.

Yoki ming achinarli bo’lmasin, ba’zi yurtdoshlarimiz turmushga chiqolmay turgan qizlarining «baxtini kimlardir «bog’lab» — to’sib turgani»ga chippa-chin ishonishadi. Qizlarining baxtini Allohdan so’rash o’rniga, haligi folchi-romchilarga, «qaytarma qilib qo’yuvchi»larga yugurishadi. Boya aytganimizdek, sehr bor narsa, yo’q emas, biroq u bilan har kim ham shug’ullanolmaydi. Birinchidan, sehr ibroniy tilda qilinadi, bu tilda so’zlashadigan kishilar hech qachon «sizning qo’shningizga yoki ovsiningizga, boringki, siz gumon qilayotgan «dushman»ingizga «sehr-jodu ilmi»ni o’rgatmaydi.

JODUGA IShONISh ShIRKDIR!

Sehrgar, shak-shubhasiz, kofirdir. Alloh taolo aytadi:

«Balki odamlarga sehr o’rgatadigan shaytonlar kofir edilar» (Baqara surasi, 102-oyat).

Mal’un shaytonning odamlarga sehr o’rgatishdan ko’zlagan birdan-bir maqsadi — ularni mushrikka aylantirish.

* * *

Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu: «Folbin sehrgardir, sehrgar esa kofirdir», deganlar.

* * *

Ibn Mas’ud roziyallohu anhu aytadilar: «Albatta, dam solish (afsun o’qish), tumor taqish va issiq-sovuq qilish shirkdir» (Ibn Hibbon, Hokim rivoyati).

Issiq-sovuq Alloh taolo bitgan taqdirga ta’sir etadi, deb e’tiqod qilishadi. Bu esa shirkdir.

* * *

Xitobiy roziyallohu anhu aytadilr: «Agar Qur’on yoki Alloh taoloning ismlari bilan dam solsa, bu mubohdir. Chunki Payg’ambar sollallohu alayhi vasallam Hasan va Husayn roziyallohu anhumolarga dam solib: «Sizlarni Allohning to’liq kalimalari ila har bir shaytonu hasharotdan va har bir yomon ko’zdan O’z panohida saqlashini so’rayman», der edilar» (Hokim rivoyati).

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining fikrlari:

Farida Oripova: Afsuski, erini o’qitib yuradigan ayollarga buning gunohligini aytsangiz, «Isitsam o’zimga isityapman-ku, domlaga o’qityapman-ku», deyishadi.

Bugun jamiyatda eng ko’p tarqalgan, odamlar iymoniga, ma’naviyatiga juda katta xatar solayotgan sehrga nisbatan aqidamiz shunday: sehr bor narsa, u ta’sir qiladi, ammo dinimiz ta’limotiga ko’ra, bu ish bilan shug’ullanish ham, uni targ’ib qilish ham mumkin emas!

Dilya Hasanova: Savodsizlar bor ekan, bu dunyoda ularni ahmoq qilib pulini shiladiganlar doimo bo’ladi.

Eng achinarlisi, odamlarimiz na dunyoviy tushunchaga, na to’g’ri diniy tushunchaga ega. Afsuski, ko’pchilik odamlarning e’tiqodi past.

Aziza Lutfillayeva: Alloh jazosini bersin sehrgarlarning, oxiratini o’ylamaydiganlar. Qani edi, bo’ron turib shu jodugarlarning hammasini terib, qirib yuborsa…

Yulduz KOMILOVA, islomshunos:

— Alloh taoloning iznisiz Yer yuzida hech kim    boshqa birovga zarar ham, foyda ham etkaza olmaydi.

Musibatga sabr qilmasdan sehrgar, folbin, kohinga borib, shifo yoki yordam so’rash shar’an haromdir. Bu ish bilan kishi katta gunoh qilgan bo’ladi. Uni halol desa, Alloh saqlasin, dindan chiqadi.

Musulmon kishi o’ziga yetgan har bir narsani Allohdan deb bilishi kerak. Yaxshilik yetsa — shukr, musibat yetsa — sabr qiladi. Ana shunda gunohi kabiralar domiga tushib qolishdan o’zini himoyalagan bo’ladi. Hammamizni Yaratganning o’zi panohida asrasin.

Yulduz ISOQOVA