Izmirning javohiri – Seferihisar

Turkiya faqatgina mashhur ovqatlari bilan emas, balki sarguzasht ishtiyoqmandlarini o’zining jozibador maskanlari bilan jalb qiladigan yetakchi mamlakatlar qatorida ekanligi hech kimga sir emas. Barcha sayohatchilar ta’til uchun Istanbul, Bodrum hamda Antalyani tanlashgandan so’ng pushaymon bo’lmasligiga amin, ammo shunday shahar bor-ki, uni “Turkiyaning Yevropasi” deyishadi. Bu shahar Izmir deb nomlanadi. Izmir o’zining ko’rkam tabiati, “o’ta” mehmondo’st xalqi, betakror manzaralari bilan hamohang osmono’par binolari, biznes markazlarini birlashtirgan zamonaviy Egey mintaqasi shahridir. Ushbu shaharda mahalliy va chet eldan tashrif buyuruvchi turistlar uchun son-sanoqsiz ko’rilishi kerak bo’lgan maskanlar mavjud; ulardan biri – Seferihisardir. Seferihisar Izmirning o’ziga xos turistik joylarni birlashtiruvchi markaz, shuningdek, “Slow city”, ya’ni sokin shaharligi bilan mashhur hisoblanadi. Keling, Seferihisarning siz uchun qiziq, borib ko’rishingiz shart bo’lgan bepoyon joylarini ko’rib chiqamiz.

1. Sig’ajik. Yaqin vaqtgacha baliqchilar qishlog’i bo’lib kelgan Sig’ajik, Seferihisarning “Sokin shaharlar tarmog’i”ga qo’shilishi bilan Izmirning yorqin yulduziga aylandi. Sohildagi bandargohni o’rab turgan qal’a ichida qurilgan ushbu qishloqning tor ko’chalari va o’ziga xos arxitekturasi ko’rishga arziydi. Bu yerda 1522 yilda Sulton Sulaymon buyrug’i bilan qurilgan Sig’ajik qal’asi diqqatga sazovor joylar orasidadir. Shu bilan birga “Baliqchilar qishlog’i” sho’ng’igan holda nayza bilan baliqlarini ovlashni xohlaydiganlar yoki yaxtalarda dengizni sayr qilishni xohlaydigan dam oluvchilar uchun tom ma’noda jannatdir.

2. Sig’ajik Bozori. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar qo’llab-quvvatlanadigan, Seferihisar va uning atrofidagi qishloqlarida ishlab chiqarilgan mahsulotlar sotiladigan Sig’ajik bozori har yakshanba kuni Sig’ajik Kaleichi va uning atrofidagi ko’chalarda ochiladi. Ishlab chiqaruvchilar bozorda o’zlari tayyorlagan ko’plab mahsulotlar va barcha turdagi meva-sabzavotlarni hech qanday vositachilarsiz sotadi. Bozorda meva-sabzavotlardan tashqari zaytun yog’li do’lmalar, bo’rek (pishiriq) turlari, qandolat mahsulotlari ham bor. Seferihisarga dam olish kunlarini zavqli o’tkazish maqsadida faqatgina “Egey o’tlari”ni, ya’ni bozordagi eng sevimli mahsulotlardan birini sotib olish uchun bozorga tez-tez tashrif buyuradiganlar ham talaygina.

3. Teos qadimiy shahri. Tarixi miloddan avvalgi 1000 yillarga borib taqaladigan qadimiy Teos shahri Seferihisardan 5 km uzoqlikda joylashgan. Seferihisar va Sig’ajik yo’lida joylashgan qadimiy shahar yarim oroldagi qirg’oq shahridir. Qadimiy shahardan hozirgi kunimizgacha ko’plab yaxshi saqlangan xarobalar mavjud. Akropolis, antik teatr, shahar devorlari, qadimgi bandargoh va Anadoludagi eng katta Dionis ibodatxonasi – ko’rish mumkin bo’lgan asarlar orasidadir.

4. Lebedos qadimiy shahri. Tarixda qurilgan 12 Ioniya shahridan biri bo’lgan Lebedos antik shahri, Seferihisar va Selchuk o’rtasidagi qirg’oqda, Urkmez qishlog’i yonidagi tepalikda joylashgan. Qirol Kodrosning o’g’illaridan biri Andropompos tomonidan asos solingan Lebedos – “Ioniya ko’chishi” paytida Ellinlar tomonidan bosib olingan birinchi Anato’liya shaharlaridan biridir. Garchi bugungi kunda omon qolgan tarixiy asarlar ko’p bo’lmasa-da, bu joy yarim orolni o’rab turgan devorlar qoldiqlari va uning tabiiy go’zalligi tufayli ko’rishga arziydi.

5. Akkum plyaji. Seferihisarning eng mashhur plyajlaridan biri bo’lgan Akkum Izmir shahri markaziga yaqinligi tufayli ko’pincha yoz mavsumida dam olish kunlarida tashrif buyuruvchilar bilan to’lib toshadi. Sig’ajikdagi Akkum plyaji moviyligi, tiniqligi, yashil tabiati va plyajdagi qulayliklari bilan o’ziga xos tarovatga ega.

6. “Ulu” jome’ masjidi. Usmoniylar davri me’morchilik durdonalaridan biri bo’lgan Seferihisar “Ulu” masjidi 1816 yilda qurilgan. Katta maydonda joylashgan yagona minorali binoda yog’ochdan yasalgan xonaqoh va minbar mavjud. 1996 yilda keng qamrovli ta’mirdan o’tkazilgan masjid namozga kelganlar uchun doim ochiq. “Barokko bezaklari” bilan alohida ajralib turadigan masjidning ichki qismi juda ko’rkam ko’rinishga ega. Izmirda ziyorat qilinishi shart joylardan biri bo’lgan Seferihisar o’zining madaniy kelib chiqishi, yashil va ko’k ranglarni o’zida mujassam qilgan ajoyib tabiati va uzun qirg’oqlari bilan dam oluvchilarning ro’yxatidan joy olgan. Ziyorat va dengiz turizmi bilan bir qatorda gastronomiya ixlosmandlari uchun juda ko’p imkoniyatlarni taqdim etgan Seferihisar – Kushadasi, Efes va Selchuk kabi dam olish markazlariga ham yaqin.

7. “Ekmeksiz plyaji”. Qarag’ay o’rmonlari orasida sayr qilish joylari va ajoyib dengizi bilan Ekmeksiz plyaji Seferihisarning eng go’zal plyajlaridan biridir. O’zining muhtasham kemping va sayr qilish joylari tufayli uzoq vaqt davomida dam olishni xohlaydigan tashrif buyuruvchilarning diqqatini jalb qiladigan ushbu plyaj tozaligi va xizmat ko’rsatish sifati bilan boshqa plyajlardan ajralib turadi.