Ismni o'zgartirsa taqdir o'zgaradimi?!

Qadim-qadimdan ism qo’yishning turli rasm-rusum, udumlari saqlanib qolgan. Chunki bolaning sog’ bo’lishi, yashab ketishi, kelgusi baxti unga qo’yiladigan ism bilan bog’liq bo’ladi, deb hisoblangan. Kishiga muvaffaqiyatli tanlangan ism uning taqdiri, hayotiga katta ta’sir ko’rsatadi, ism odamning ruhiyatini o’zida mujassam qiladi, kishi o’z ismiga o’xshaydi, deb ishonishgan. Ota-ona va yaqin qarindoshlar tomonidan tanlangan ism ba’zida o’z egasini qoniqtirmaydi va boshqa ism bilan atalishni istaydi. Sehr-jodu, ins-jinsga ishonuvchilar esa tashqi ta’sirlardan himoyalanish uchun o’zlariga boshqa bir ism tanlab, shu nom bilan el orasida yuradi.

 

«Kemani qanday atasangiz, u xuddi shunday suzadi», deyishadi. Xuddi shunday,  bugungi hayotini yaxshilash ilinjida odamlar ham o’zlariga yangi nom tanlashadi. Ammo bu to’g’rimi? Ism haqiqatan ham taqdirni o’zgartiradimi? Bu savolga kimdir ikkilanmay «Ha», deya javob bersa, boshqasi qat’iyat bilan  inkor etadi. Uchinchi guruhdagi insonlar esa bu savolga o’zlari ham javob izlashayotganlarini aytishadi. Aslida-chi?

 

MUAMMONING SABABI IKKITA!

«Buning sabablari ikkita, ya’ni ichki va tash-qi,  — deydi ruhshunos Yelena Shenderova.  — Birinchisida o’ziga ishonmaslik, o’z-o’ziga past baho berish yotadi. Bu inson oldida ko’ndalang turgan muammoni hal etish uchun qo’yilgan qadam emas, aksincha, o’z-o’zidan qochishdir. Bunda atrofdagilarni o’ziga jalb etib, shaxsini ko’z-ko’zlash istagi ham o’rin olgan.

Ism tufayli noqulay ahvolga tushib qolish esa muammoning ikkinchi sababi sanaladi. Shuningdek, ismni o’zgartirishga bo’lgan ehtiyoj inson og’ir hayotiy bosqichdan o’tayotganda tug’iladi va u amalga oshirilgach, oldingi ism bilan butun umrga xayrlashiladi. Ba’zida ota-onalar bolalariga chet yoki uzoq mamlakatlarga xos ism berishadi. Ular kattarib, atrofdagi teng-qurlariga mazax bo’lganlarida esa undan qutulish payiga tushib qolishadi».

 

«YaNGI ISM MUVAFFAQIYaT KELTIRDI»

O’z ismini va familiyasini pasport bo’yicha almashtirgan hamda hozirgi kunda mahalliy gazetalardan birida muharrir bo’lib ishlaydigan Aziz Mardiyev ism-sharifli kishi bu borada quyidagicha hikoya qiladi:

— 2005 yilda taxallus tanladim va pasportdagi ism-sharifimni ham o’zgartirdim. To’g’ri, bu haqda uzoq vaqt o’ylab yurdim. Men juda kuchli iztirobni boshdan kechirdim. O’zimga ishonmay qo’ydim. Yangidan hayot boshlashim kerak edi va ilk qadamim ism-sharifimni o’zgartirish bo’ldi.

Qarindoshlarim va yaqinlarim meni to’g’ri tushunishdi. Ishim va hayotiy tajribam tufayli «bunga boshqalar nima deydi?» degan fikrdan yiroq bo’ldim. Hozir meni bilmaganlar biror xorijiy mamlakatdan kelgan, deb o’ylashadi. Chunki ism-sharifimda Yevropa va Sharq mamlakatlariga xoslik mavjud.

Hamkasblarim ilgarigi ismimni bilishsa ham, hozir boshqacha chaqirishadi.

Ismimni o’zgartirganimdan so’ng unga mos bo’lishga harakat qila boshladim. Natijada yangi ism bilan birin-ketin muvaffaqiyat qozondim.

 

— Oilamizda uchinchi farzand dunyoga kelganida unga «Furqat» deya ism qo’ydik. O’g’limiz xuddi akalari Jahongir va Ulug’beklar kabi sog’lom tug’ilgani bois hech nimadan tashvish tortmasdik. Ammo chillamiz chiqib-chiqmay u yig’loqi bo’lib qoldi. Biror yeri og’riyaptimikan, deya shifokor ko’rigidan o’tkazdik. Tekshiruvlar natijasi yaxshi chiqdi. Ammo Furqat maktab yoshiga yetguncha mana shunday kutilmagan holatlarda bizni qo’rqitardi. Salga shamollab qolar, endi davolatdik deganimizda yiqilib, yo qo’lini chiqarib kelar, yoki oyog’ini sindirib olardi. Bir kuni qaynonam unga ismi og’irlik qilayotganini aytdi. Shu bois ismini o’zgartirishga qaror qildik. Tug’ilganlik haqidagi guvohnomasida ismi Furqatligicha qolgan bo’lsa ham, hozir uni Farhod deb atayapmiz. Ammo ko’ngilsizliklar, baribir, bo’lib turibdi. Shu bois boshimiz qotgan. Ehtimol, metrikasini o’zgartirish kerakdir…

Zulxumor SAIDOVA,

uy bekasi

Haqiqatan ham ba’zida «ismi og’irlik qilibdi» degan iborani eshitib qolamiz. Nahotki, ota-ona tomonidan atayin ulug’ mutafakkirlarimizga havas qilib qo’yilgan ism bolaga og’irlik qilsa? Bunday tushunchalar tug’ilishiga nima sabab bo’lgan?

Buning sabablarini filologiya fanlari nomzodi  Sabohat Kenjayeva «O’zbek antroponimlarining semantik va sotsiolingvistik tadqiqi» nomli nomzodlik ishida quyidagicha izohlaydi: «Qadimdan bolaning sog’ligi, yashab ketishi, kelajak baxti va omadi uning ismiga bog’liq deb hisoblangan. Ushbu e’tiqod ismlar xosiyatli va xosiyatsiz bo’ladi, degan tasavvurni uyg’otgan. Shu tarzda «asrovchi ismlar» yoki «himoya nomlari» deb yuritiluvchi nomlar guruhi yuzaga kelgan.

Umuman, barcha ismlarning berilishida so’zning sehrli kuchga egaligi (magiya) tushunchasi yotadi. Masalan, chaqaloqqa tug’ilish jarayoni va ba’zi belgi-xususiyatlariga mos nom berish, bolaga ism or-qali turli istak va orzularning izhor qilinishi, bola ismini sir tutish, bolaning ismini unga og’irlik qilmoqda, deb boshqa ism bilan almashtirish, bolaga nomunosib xarakterli kishilar ismini qo’ymaslik, ism uchun keksalar nomini tanlash, buyuk tarixiy shaxslar ismiga taqlid qilib, bolani payg’ambar, avliyolar, mashhur din namoyandalari, o’tgan ajdodlar nomi bilan atash, ular ruhi bolani qo’llaydi, deb bilish va boshqalar buning isbotidir.

So’z sehriga ishonish asta-sekin bolaning ismidan uning taqdiri va qismatiga ta’sir qiluvchi vosita sifatida foydalanishga olib kelgan. Kishilar juda qadimdan bolani yovuz kuchlar ta’siridan qutqarish choralarini axtarishgan va xilma-xil choralarni o’ylab topishgan hamda chaqaloq tug’ilgan uyda muayyan udumlar, rasm-rusumlar, qoidalar, e’tiqod va ishonch hukmron bo’lgan».

Insonning ismi uning taqdiriga qay darajada kuchli ta’sir ko’rsatishiga yaqinda dunyo olimlari tomonidan ayrim aniqliklar kiritildi.

Taqdirimizga ismimizdagi birinchi harf ta’sir ko’rsatar ekan. Qirolicha Mariya (Buyuk Britaniya) universiteti olimlari o’tkazgan tadqiqot natijalari har qanday odamning taqdir va shaxsiy hayoti ko’proq uning ismiga, ayniqsa, undagi bosh harfga bog’liq ekanini ko’rsatdi. Bunga ruhiy va ijtimoiy ma’lumotlar guvohlik beradi. Hayotda ismi alifboning birinchi yarmidagi harflar bilan boshlanadigan kishilar birmuncha omadliroq bo’ladilar. Bunday ismli kishilar hayotda ko’proq va tezroq muvaffaqiyatga erishadilar. Shuningdek, ular muhabbat borasida yorqin, uzoq va mustahkam rishtaga ega bo’ladilar. Bu borada ism soch turmagi, kosmetika, atir kabilarga nisbatan ko’proq ahamiyatga ega bo’ladi.

Garchi aynan ushbu faktor biz uchun muhim ahamiyatga ega bo’lsa ham, bu savolni britaniyalik olimlar hozircha ochiq qoldirishyapti. Ammo xuddi shu olimlar ayollar sochining uzunligi uning sohibasi erishadigan muvaffaqiyat chegarasini belgilovchi vosita ekanini aytishdi. Uzun sochli ayollar amal pillapoyalaridan tezroq ko’tarilib borishar ekan. Haqiqatan ham shundaymi? Bu endi boshqa bir mavzu. U haqda kelgusi sonlarimizda to’xtalamiz.

 

7 Mo»jiza gazetasidan olindi