Ilon Mask Vatikanda Rim papasi bilan uchrashdi

Maskning tvitiga qaraganda, uchrashuv 1 iyul kuni bo’lib o’tgan. Unda biznesmen bilan birga sakkiz farzandining to’rt nafari — 18 yoshli Griffin hamda 16 yoshli Damian, Kay va Sakson qatnashgan.

Italiyaning La Repubblica gazetasi xabariga ko’ra, dunyoning eng boy odami va uning farzandlari Fransiskning yoniga shaxsiy tashrif bilan kelgan. Uchrashuv Vatikandagi Avliyo Marfa uyida bo’lib o’tgan va qariyb 40 daqiqa davom etgan. Bu vaqt mobaynida pontifik va milliarder, shu jumladan, «atrof-muhit muammolari va insoniyat kelajagi»ni muhokama qilgan. Uchrashuv haqidagi boshqa tafsilotlar keltirilmayapti.

Reuters qayd etishicha, 21 iyundan buyon Ilon Mask o’zi sotib olishga urinayotgan ijtimoiy tarmoq — Twitter’ga hech narsa yozmagan. 1 iyul kuni u Twitter’ga ketma-ket postlar bilan qaytib kelgan, ular orasida Rim papasi bilan olingan surat ham bo’lgan.

May oyida biznesmen Twitter’ni sotib olish bo’yicha bitim ijtimoiy tarmoqdagi feyk va spamli akkauntlar soni hisoblab chiqilayotgani tufayli ro’xtatib qo’yilganini e’lon qilgandi. Shundan keyin kompaniya aksiyalari dastlabki savdolarda 20 foizdan ko’proqqa tushib ketdi.