Ko‘pincha inson hayoti uchun xavf tug‘diradigan hayvonlar deyilsa, ko‘z o‘ngimizda ulkan, o‘tkir tishli va chaqqon yirtqichlar gavdalanadi. Ammo hajm va kuch har doim ham eng xavfli omillar emas. Masalan, akulalar ko‘pincha o‘ta xavfli jonzot sifatida talqin qilinadi va buni ularga nisbatan adolatsizlik deyish mumkin. Chunki akula har yili bor-yo‘g‘i 5-6 ta inson o‘limiga sabab bo‘ladi. Yoki sherlar xavfli deysizmi? Ular atigi 22!
Aslida, eng xavfli hayvonlar aksariyat hollarda kichik jussali bo‘lib, odamlarni kuch bilan emas, balki kasallik tarqatish va zaharlash oqibatida o‘ldiradi. Maqolada odamlar uchun eng xavfli 10 ta jonzot haqida so‘z boradi.
Fil har yili 500 kishining umriga zomin bo‘ladi
Kichkina va xatarli jonzotlarga o‘tishdan oldin eng kattasidan boshlasak. Odatda fillar sokin va aqlli hayvon deb ko‘riladi, ammo ulkan hajmi va og‘ir vazni bilan ular ham inson uchun xavfli hisoblanadi. Yovvoyi tabiatning egallanishi oqibatida fillar o‘z yashash joylarini yo‘qotib, ozuqa uchun qishloq xo‘jaligi yerlariga kirishga majbur bo‘lmoqda. Ular yo‘lda duch kelgan odam bilan “pachakilashib o‘tirmaydi”. Filning birgina zarbasi inson hayotiga nuqta qo‘yishga yetarli, “omadlilar” esa majruh bo‘lib qolishi mumkin.
Begemot har yili 500 kishining o‘limiga sababchi bo‘ladi
Afrika yovvoyi tabiatini xavfli deb o‘ylasangiz, birinchi o‘rinda sherni taxmin qilishingiz mumkin. Lekin unday emas! O‘ta tajovuzkor va qizg‘anchiq begemotlar sherdan xavfliroq, ular sayohatchi qayiqlarga hujum qilib, ag‘darib yuborishi mumkin. Oqibatda odamlar cho‘kib ketadi yoki begemotlarning o‘zlari tomonidan o‘ldiriladi. O‘tkir tishli, o‘rtacha 1,5 tonna keladigan bu hayvon bilan to‘qnashishni hech kim xohlamasa kerak.
Dengiz timsohi har yili minglab kishini o‘ldiradi
Umuman olganda, tabiatan tajavuzkor timsohlar odatda odamni ovlamaydi, shunchaki, tasodifiy “imkoniyatlardan foydalanadi”. Ammo dengiz timsohi haqida gap ketganda, ularning insonni o‘lja sifatida ko‘rish ehtimoli eng yuqori bo‘lgan tur ekanini ta’kidlash lozim. Mazkur timsohlar juda shiddatli, tezkor va qo‘rqinchli ko‘rinishga ega bo‘lib, eng yirik sudraluvchi hisoblanadi. 1,3 tonnalik dengiz timsohlarining uzunligi 6 metrgacha yetishi mumkin. U kimnidir tanlasa, omon qolish ehtimoli juda past.
Odam askaridasi har yili 2,5 ming kishining umriga zomin bo‘ladi
Ularning parazitar (tirik organizmda yashab, unga zarar yetkazadigan) faoliyati insonni o‘limga olib keladi. Odam askaridasi ham kasallik tashiydi, ham parazitlik qiladi. Oziq-ovqat yoki ifloslangan ichimlik suvi orqali yuqadigan ushbu gijjalar inson ichaklariga joylashib olib, ulardan oziqlanish va ko‘payish uchun foydalanadi. Bu isitma, qorin og‘rig‘i, shish va nafas qisishi bilan kechuvchi hamda “xo‘jayin”ni halok qiluvchi askaridoz deb nomlangan kasallikka olib keladi.
Chayonlar har yili 2,6 ming kishining o‘limiga sababchi bo‘ladi
Eng xavfli jonzotlar deb o‘ljasini falaj qilish yoki o‘ldirish uchun zahar ajratuvchilarni aytish mumkin. Chayonlar (Scorpiones turkumi) ham shular jumlasidan va ular o‘z zahrini o‘lja yoki dushmanni falaj qilish uchun ishlatadi. Shuningdek, chayonlarning 25 ga yaqin turi inson uchun o‘limga olib kelishi mumkin bo‘lgan darajada zaharli hisoblanadi. Odatda chayonlar odam yalangoyoq holda tasodifan bosib ketganida yoki poyabzal ichida yashirinib chaqishi mumkin. Ular odatda buni hujum emas, himoya uchun qiladi. Ular orasida eng xavflisi Hindiston qizil chayoni (Hottentotta tamulus) hisoblanadi.
Qotil hasharotlar har yili 10 ming kishi umriga zomin bo‘ladi
Reduvidlar oilasiga kiruvchi hasharotlarga kasallik tarqatish orqali o‘limga olib keluvchi xavfli jonzotlarning oldi qatoridan joy berilgan. Ularning Markaziy va Janubiy Amerikada yashovchi ba’zi turlari (Triatom) isitma, limfa tugunlari kattalashishi va bosh og‘rig‘i bilan kechuvchi Chagas kasalligini tarqatadi. Bu tropik parazitar kasallik bo‘lib, har yili insonlar o‘limiga sabab bo‘ladi. Ushbu turlar “o‘par hasharotlar” deb ham ataladi, chunki ular odatda uxlayotgan odamning yuzidan chaqadi. Judayam yoqimsiz, shunday emasmi?
Qum iloni har yili 138 ming kishi umriga zomin bo‘ladi
Insonlar uchun eng xavfli ilon unvoni qum iloniga berilgan desa ham bo‘ladi. U dunyodagi eng zaharlilar qatoriga kirmasa ham, eng ko‘p odam o‘ldiradigan ilon hisoblanadi. Sababi, qum iloni juda tajovuzkor va odamlar ko‘p hududlarda yashaydi. Hatto Avstraliya taypan iloni undan ancha zaharli bo‘lsa ham, odamlardan qochgani uchun juda xavfli sanalmaydi. Qum iloni esa aksincha, o‘ta tajovuzkor bo‘lib, odamga hujum qilishdan tortinmaydi.
Chuchuk suv salyangozlari (Gastropoda sinfi) har yili 200 ming kishi umriga zomin bo‘ladi
Qanchalik hayratlanarli tyulmasin, shilliqqurtning bu sinfi juda ko‘p odamlar o‘limi sababchisi hisoblanadi. Chunki ular umurtqalilarga o‘ta xavfli xususan, flatworm va Schistosoma nomli parazitlarni tashuvchi hisoblanadi. Ushbu parazitlarning inson organizmiga kirishi oqibatida shistosomoz nomli halokatli kasallik rivojlanadi. Bu bezgakdan keyin dunyodagi eng halokatli parazitar kasallik hisoblanadi.
Inson (Homo sapiens) har yili 400 mingdan ortiq kishi umriga zomin bo‘ladi
Inson hayoti uchun xavfli jonzotlarni sanar ekanmiz, ularning orasida albatta insonning o‘zi borligini ta’kidlash joiz. Bu biroz g‘alati tuyulishi mumkin, ammo eng halokatli mavjudot – insoniyat! Jinoyatlar oqibatida yiliga taxminan 458 ming kishi vafot etadi va bu insonlarni o‘z turi uchun eng xavfli sutemizuvchilarga aylantiradi. Boshqa jonzotlardan farqli o‘laroq, insondagi ong o‘ldirishga mo‘ljallangan qurollarni yaratish orqali jinoyatni ancha osonlashtiryapti.
Bundan tashqari, inson omilining tabiatga ta’sirini ham unutmaslik kerak. Chunki iqlim o‘zgarishi xususan, ichimlik suvi va havo ifloslanishi, oziq-ovqat xavfsizligi pasayishi hamda tabiiy ofatlar ko‘payishi oqibatida har yili 150 mingdan ortiq kishi hayotdan ko‘z yummoqda. Bunda ham insonlarning bilvosita ishtirokini inkor etib bo‘lmaydi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 2030-2050 yillar oralig‘ida iqlim o‘zgarishi oqibatida yiliga qo‘shimcha 250 ming o‘lim qayd etilishi prognoz qilingan.
Chivinlar (Culicidae oilasi) – yiliga 1 milliontagacha o‘lim
Bu mavjudotlar juda kichkina bo‘lishiga qaramay, qurbonlar soni bo‘yicha mutlaq rekordchi hisoblanadi. Biroq bu harakatlar bevosita amalga oshirilmaydi. Chivinlar ko‘proq “kasallik tashuvchilar” bo‘lib, odam yoki hayvon qonini so‘rish jarayonida turli yuqumli patogenlarni – bakteriya, virus va parazitlarni undan-bunga tashiydi. Ular tarqatadigan kasalliklar ichida eng ko‘p o‘limga olib keladigani – bezgakdir. Bu xavfli parazitar kasallik urg‘ochi Anopheles chivinlari tomonidan tarqaladi.
Aslida tabiatda uchraydigan jonzotlarning hammasi ham qaysidir jihatdan foydali, qaysidir jihatdan esa xavfli. Ta’kidlash joizki, ularning ko‘pchiligi hujum emas, himoya uchun insonlarga xavf tug‘diradi. Odamlar tomonidan yashash joylarining yo‘qotilib, saylgoh yoki ekinzorga aylantirilayotgani, albatta, hayvonlarga yoqmaydi.