Yangi tur kashf etishning eng katta afzalliklaridan biri unga nom berish imkoniyatidir! Ko‘pgina olimlar uchun mashhur shaxslar ilhom manbai bo‘lib xizmat qiladi. Ba’zi turlar o‘z xususiyatiga ko‘ra juda oddiy va ma’nodor nomlar bilan atalsa, boshqalarini bu borada “omadli” deyish mumkin. Olimlar mehnat mahsulini sevimli shaxs nomi bilan atash orqali xavf ostidagi turlarga omma e’tiborini qaratishni ham maqsad qiladi. Maqolada qo‘shiqchi, aktivist va hatto siyosatchilar nomi bilan atalgan jonzotlar haqida so‘z boradi.
Qirol Charlz – Hyloscirtus princecharlesi
2012 yil – Charlz hali shahzodalik paytida Ekvador o‘rmonlarida yashovchi daraxt qurbaqasi nomi uning sharafiga ataldi. Bunga sabab sifatida shahzodaning o‘rmonlarni saqlashga qo‘shgan hissasi ko‘rsatilgan.
Shakira – Aleiodes shakirae
Ekvadorning sharqiy And tog‘larida kashf qilingan mazkur ari parazitoitlar oilasiga mansub bo‘lib, u o‘z tuxumlarini boshqa hayvon – odatda kapalak g‘umbagi ichiga qo‘yadi. Tuxumlar ichkarida ochiladi va kapalak g‘umbagi tanasi kolumbiyalik qo‘shiqchi Shakiraning “Hips Don’t Lie” qo‘shig‘i klipidagi harakatlariga o‘xshash tarzda burila boshlaydi!
Beyonse – Plinthina beyonceae
1981 yilda topilgan ot pashshasi (horse fly) yana bir afsonaviy qo‘shiqchi – Beyonse sharafiga nomlangan. Lekin 2011 yilgacha bunday emasdi. Faqat keyinchalik turning yo‘qolib ketishi xavfi bilan unga qo‘shiqchi nomi berilgan. Bunda olimlar pashshaning dum qismi zich oltinrang tuklar bilan qoplangani asosida Beyonsening “Bootylicious” qo‘shig‘idan ilhomlangan.
Devid Attenboro – 40 dan ortiq tur
Britaniyalik teleboshlovchi, biolog, tabiatshunos va yozuvchi Devid Attenboroning nomi bilan atalgan juda ko‘p hayvon turlari bor. Masalan, Prismantis attenboroughi, Nepenthes attenboroughii va Attenborougharion rubicundus shular jumlasidan.
Queen guruhi – H. freddiemercuryi, H. brianmayi, H. rogertaylori, H. johndeaconi
Faqat bittasi emas, balki butun guruh! Olimlar Queen guruhi a’zolarining har biri uchun bittadan turga nom bergan. Bu guruhning 40 yillik yubileyi munosabati bilan bajarilgan.
Teylor Svift – Nannaria swiftae
2022 yili Shimoliy Amerikada topilgan qirqoyoq Teylor Svift sharafiga nomlangan. Olimlardan biri Derek Xen o‘zi qo‘shiqchining muxlisi bo‘lgani uchun shunday qilganini aytgan. Bundan tashqari, u rafiqasi uchun ham bir turga nom bergan.
Adolf Gitler – Anophthalmus hitleri (qo‘ng‘iz)
1937 yilda nemis entomologi Oskar Sheybel tomonidan topilgan g‘or qo‘ng‘iziga o‘sha paytdagi Germaniya kansleri Adolf Gitler nomini bergan. Gitler olimning bu harakatini olqishlab, shaxsan minnatdorlik maktubini yuborgan. Ikkinchi jahon urushidan so‘ng ushbu qo‘ng‘iz Gitlerdan nafratlanuvchi yevropaliklar kolleksiyasi uchun yaxshi elementga aylandi va holat shu darajaga yetdiki, bugungi kunda yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida qolgan Anophthalmus hitleri’ni tutish taqiqlangan.
Greta Tunberg – Pristimantis gretathunbergae va boshqalar
15 yoshidan buyon ekologiya uchun kurashib kelayotgan shvetsiyalik Greta Tunberg nomiga atab bir emas, balki bir necha tur nomlangan. Ular orasida qurbaqa, chig‘anoq va o‘rgimchak ham bor. Bu uning iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashdagi ulkan hissasini e’tirof etish uchun qilingan.
Barak Obama – Baracktrema obamai (qurt)
2016 yil avgust oyida suv toshbaqalari qonida yashovchi Schistosomatidae oilasiga mansub yassi qurtga AQSHning 44-prezidenti Barak Obama nomi berildi. Olim bunga izoh berar ekan, parazitning Obamaga o‘xshashini aytdi: “uzun, ozg‘in va juda zo‘r!”. Shundan so‘ng ko‘pchilik uni prezidentga ochiqcha iltifot ko‘rsatishda aybladi.