Quyidagi harakatlarni takrorlang va hech qaysi auditoriya sizning chiqishingizni o’tkazib yubormaydi.
1. Harakat
Tasavvur qiling, siz kimnidir muttasil ravishda devordagi bir nuqtaga qarab turishga majbur qilmoqchisiz. Amaliy jihatdan buning iloji yo’q: bizning ko’zlarimiz doimiy ravishda u narsadan bu narsaga o’tib, qimirlab turishni istaydi. Nigohni bir joyda ushlab turishga urinish esa, katta ehtimol bilan, uyquni keltiradi, xolos.
Diqqatni tortish uchun harakat zarur. Xuddi to’g’ri ma’nodagidek — auditoriya yoki sahna bo’ylab yurish va ko’chma ma’nodagi kabi — bir mavzudan ikkinchi mavzuga o’tish. Hattoki mavhum narsalar haqida so’z boradigan aynan bir savol ustida ancha vaqt to’xtalib qolishga to’g’ri kelsa ham, hayotiy misollar bilan nutqingizni boyitib boring. Shunda sizni tinglash yengilroq bo’ladi.
2. Kutilmagan tasodif
Qayta-qayta takrorlanuvchi voqealar bizni zeriktiradi. Bir xil hodisalarni gapiraveradigan odamlar yoki bizga allaqachon ma’lum ayni dalillardan so’zlovchi siyosatchilar diqqatni ulardan boshqa bir narsaga qaratish xohishini uyg’otishadi.
Sizni qiziqish bilan qarshi olishlari uchun sirlarga ham joy qoldiring. Voqealar ketma-ketligini o’zgartirib bayon eting va shu orqali eshituvchi jarayon davomini taxmin qilishga urinsin. Uzoqdan boshlang, bir vaqtda sodir bo’lgan noodatiy narsani qo’shing, bir maromda so’zlayotganday taassurot paydo bo’lishi bilan keskin burilish qiling va mazmunni o’zgartiring.
Nutqingizni ko’zdan kechira turib, tinglovchi har safar sizdan aynan nimani eshitishni xohlashini taxmin qilib oling — va kutilgan ma’lumotni taqdim eting.
3. Tayyorlangan harakat
Ommaviy nutqda muhim narsalardan biri bu ma’ruzachining xatti-harakatidir. Jo’shqinliksiz ko’zlarni yerdan uzmay, eshituvchilardan o’zingizni yashirganday ishtiyoqsiz gapirsangiz, tomoshabinlar ham xuddi shuni takrorlashadi – zerikishadi va tezroq tugatishingizni xohlashadi.
Tinglovchilarda qanday his-tuyg’ular uyg’otishni xohlayotganingiz haqida o’ylab ko’ring va shunga muvofiq harakat qiling. Agar sizga odamlar fikrlari oqimi kerak bo’lsa, ularga bosim bilan aloqa qiling. Qiziqish va quvonchli ishtiyoqni kutayotgan bo’lsangiz, ochiq va g’ayrat bilan gapirishga harakat qilishingiz lozim. Tomoshabin qanday ko’rsa shunday javob qaytaradi – bu qoida spektakllar sohasida ham ish beradi.
4. Bayonotlar zanjiri
Tasavvur qiling, sizga noma’lum xizmat ko’rsatish kompaniyasidan qo’ng’iroq qilishdi va birinchi navbatda savolga tutishadi: «Bizning kompaniya xizmatlaridan foydalanmoqchimisiz?». Albatta, siz «Yo’q» deb javob berasiz. Endi qo’ng’iroq qilgan odam fikringizdan qaytarishi uchun sizga mo’jizalar ko’rsatishi kerak va u muvaffaqiyat qozonishi dargumon.
Agar biz rad qilishni boshlasak, butun tabiatimiz o’z fikrida qolishga va holatini o’zgartirmaslikka harakat qiladi. Biz mutlaqo yopilamiz, suhbatdoshning so’zlariga shubha bilan qaray boshlaymiz va uning fikrlarini, hatto ular umuman boshqa mavzuda bo’lsa ham, qabul qilishni xohlamaymiz.
Shuning uchun suhbat oldidan bayonotlar zanjirini yaratish kerak. Avvalo «Ha» javobini olish mumkin bo’lgan bir necha savollar tayyorlang. Bu sizning g’oyalaringizni idrok qilish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratadi va tinglovchilar e’tiborini sizga qaratishiga turtki bo’ladi. «Ha» javobini bergan odam ma’lumotlaringizni egallash va zavq bilan tinglashga psixologik jihatdan moslashadi.
5. Savolga tutish
Tomoshabinlarni «jonlantirish» va odamlarni sizni tinglashga undashning yana bir sinalgan usuli bu savol berishdir. Ommaga qaratilgan nutq, qoida tariqasida, bir tomonlama ta’sirlanishdir. Spiker so’zlaydi, qolganlar tinglashadi. Ammo odamlar diqqati tarqala boshlaganini sezsangiz, ularga savollar bering.
Bu o’zaro ta’sir sxemasini o’zgartirdi: endi tinglovchilar gapirishlari kerak, siz esa eshitasiz. Bir lahzaga bo’lsa ham tomoshabinlar vaziyat ustidan nazorat qilishadi, qiziqish qaytib ularni tezroq javob berishga undaydi. Odamlar suhbatda ekanliklarini his qilishadi, bu shunchaki ma’lumot olib tinglashdan ko’ra ancha qiziqarlidir.
6. Yangiliklar keltiring
Odamlar doimo yangi ma’lumotlarga o’ch. Bu yangiliklarni o’qishni yaxshi ko’rishimizning sabablaridan biri. Bu ojiz tomonni o’z maqsadlaringiz yo’lida ishlatishingiz mumkin. Nutq e’tibor tortadigan bo’lishi uchun unga mavzuga aloqador ammo o’z-o’zidan jalb qiluvchi yangi axborotlar qo’shib gapiring.
Masalan, butun sanoatni tubdan o’zgartirishi mumkin bo’lgan yangi ixtiro, sohaga oid hayratlanarli kashfiyot yoki siz so’z yuritayotgan shahar yoki mamlakat bilan bog’liq biror narsa. Asosiysi — yangiliklarda yetarlicha tanish ma’lumotlar bo’lishi kerak, aks holda tinglovchi gap nima haqida ketayotganini idrok eta olmaydi. Notanish narsaning o’ta ko’pligi xuddi umuman yangi narsa yo’qligi kabi yomondir.
7. Taqsimlash
Ba’zida so’zlovchi bilim va tajribalarga shunchalik ko’p ega bo’ladiki, o’z tinglovchilari uchun mavzu borasida barcha axborotlarni birdaniga yetkazib bergisi keladi va bunga shoshiladi, chunki vaqt doim nazoratda. Ammo sekinlashgan ma’qul. Eshituvchilar kichik davr oralig’ida ko’plab ma’lumotni eslab qolish imkoniyatiga ega emas (agar shunday bo’lganda hozir sizning o’rningizda ulardan birortasi turgan bo’lardi), bosim ostida bunga majburlash esa sizning tezislaringiz hattoki bittasi ham yodda saqlanib qolmasligiga olib keladi.
Tinglovchilar sizning so’zlaringizga haqiqatan ham e’tibor berishlarini istasangiz, bir yoki ikkita asosiy fikrni ajratib oling va faqat ular ustida so’zlang. Kichik tezis, hayotiy voqealar va boshqa ma’lumotlar orqali mavzuni kengaytiring, ammo mazmunni o’zgartirmang. Asosiysi diqqatni yo’qotmaslik — nutq jamlangan bo’lsa, tinglovchilar e’tiborini qozonasiz.
loading…