OLMOS VA BRILLIANT HAQIDA QIZIQARLI FAKTLAR
1. Brilliantlar muhtasham toshlardir. Ular ko’plab asrlar davomida boylik timsoli sifatida qadrlangan va qadrlanmoqda.
2. Qadimiy grek tilidan tarjima qilinganda, olmos so’zi “buzilmas” ma’nosini beradi.
3. Olmos Yerdagi eng metin tabiiy mineraldir.
4. Olmosni oddiy olovga tashlasangiz, undan asar ham qolmaydi.
5. Olmos yer tubidan qazib olinadigan uglerod hisoblanadi. U shu darajada metinki, uni faqat boshqa olmosgina tirnay oladi.
6. Yer ostidagi uglerod, issiqlik va vaqt evaziga olmos dunyoga keladi. Odamlar esa uni qazib olib qayta ishlash natijasida ajoyib, ko’zni qamashtirar darajadagi qimmatbaho toshga — brilliantga aylantirishadi.
7. Qayta ishlash, chetlarini tekislash natijasida olmos sof vaznining deyarli yarmini yo’qotadi.
8. Qadimda olmos g’oliblar toshi sanalgan. Uni Yuliy Sezar, Lyudovik IV va Napoleon tumor o’rnida bo’yniga osib yurgan.
9. Olmosni kimberlit — qotib qolgan magmadan ajratib olishadi.
10. 1 karat (0,2 gramm) olmos olish uchun 1 tonna kimberlit qayta ishlanishi zarur.
11. Dunyoda eng mashhur brilliant bu pushtirang brilliantdir.
12. 1 karat olmosni qo’lga kiritish uchun 250 tonna tuproqni tashqariga irg’itish kerak.
13. Olmos grafitning yaqin qarindoshi hisoblanadi. Ikkovi ham uglerod formasida. Faqat ularning farqi shuki, olmos eng qattiq, grafit eng yumshoq mineral.
14. Yorug’lik tezligi olmos orqali o’tish jarayonida 2,5 marta sekinlashadi.
15. O’rta asrlarda odamlar olmos yordamida charchoqdan ruhiy xastalikkacha davolashgan.
16. Dunyodagi jami olmosning 80 foizi qimmatbaho taqinchoqlar yasashga yaroqsiz. Shuning uchun ulardan sanoatda foydalanishadi yoki axlatga irg’itishadi.
17. Olmos yomg’iri afsona emas. Haqiqatan Saturn va Yupiter sayyorasida osmon-u falakdan olmos yomg’iri yog’adi. Bunga ikki sayyora atmosferasining kimyoviy tarkibi sababchidir. Atmosferaning yuqori qavatida chaqmoqlar metanni kuyaga aylantiradi. Keyin bu kuya bosim ostida zichlanadi va pastga qulaydi. Qulash asnosida oldin grafitga, keyin olmosga aylanadi.
18. Dunyoda birinchi bo’lib brilliantli nikoh uzugini barmog’iga taqqan ayol Fransiya qiroli Karlning qizi Mariya Burgundskayadir. Unga uzukni 1477 yili Avstriya ersgersogI Maksimillian hadya qilgan.
19. Brilliant hamda ko’mir bir xil element — ugleroddan tashkil topgan. Faqat kristall strukturasi turlicha xolos.
20. Olmosning aksar qismi milliardlab yillar oldin yer ostida Selsiy bo’yicha 900-1300 darajali bosim ostida hosil bo’lgan.
21. Agar yer yuzidagi olmoslarni yig’ib dunyo ahlining har biriga tarqatilsa, har birimizga bir chashkadan olmos to’g’ri keladi.
22. “General Electric” kompaniyasi yetuk mutaxassisi Treysi Xoll sun’iy olmoslar texnologiyasini yaratib, kompaniyasiga milliardlab dollar daromad keltirgan. Ammo shunisi achinarliki, u ixtirosi evaziga kompaniyadan atigi 10 dollar haq olgan.
23. Brilliantlar hozirgi kunda u qadar noyob hisoblanmaydi. Agar siz brilliant sotib olgan bo’lsangiz va bir kuni uni sotishga tutinsangiz, sotib olingan narxiga hayotda sota olmaysiz.
24. Sun’iy olmasni tarkibida uglerod mavjud har qanday moddadan yasash mumkin.
25. Haqiqiy brilliantni yeryong’oq moyidan ham tayyorlash mumkin. Faqat buning uchun o’ta murakkab ilmiy jihoz, yuqori bosim va issiqlik zarur bo’ladi. Nemis olimlari hajmi 2-3 millimetrga teng brilliantni aynan yeryong’oq moyidan yasashgan. Buning uchun ularga 2-3 hafta vaqt kerak bo’lgan xolos.
26. Haqiqiy brilliantni rentgen ko’rsatmaydi. Shu narsa brilliantning haqiqiy yoki soxtaligini aniqlashda yordam beradi.
Olimjon HAYIT tayyorladi
loading…